O'zbekistonda hokimlar saylanishi mumkin

Shavkat Mirziyoev Image copyright courtesy
Image caption Shavkat Mirziyoev

O'zbekistonning yangi saylangan prezidenti Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiya kuni munosabati bilan qilgan nutqida O'zbekistonda hokimlarni saylash masalasini muhokama qilish lozimligini urg'ulagan.

Mirziyoyev davlat boshqaruv organlarini tubdan isloh qilishga ishora bergan. U amaldorlar tumanlarni oralab, xalqqa hisobot berishi kerakligini ta'kidlagan.

Konstitutsiya qabul qilinganiga 24 yil to'lishi munosabati bilan "O'zbekiston" xalqaro anjumanlar saroyida bo'lib o'tgan tantanalarda prezident Shavkat Mirziyoyev davlat boshqaruvi bo'yicha o'zining qarashlarini bayon qilgan.

Nutqdan ma'lum bo'lishicha, O'zbekistonning ikkinchi prezidenti davlat boshqaruv organlarini tubdan isloh qilishni maqsad qilgan ko'rinadi.

"Har bir hudud o'z rahbarini o'zi saylasa, rahbarlarning xalq va jamiyat oldidagi mas'uliyatini keskin oshirishga erishish mumkin", - deb aytgan Shavkat Mirziyoyev.

Ayni damda hokimlarni tayinlash va lavozimidan ozod qilish respublika prezidentining vakolatiga kiradi.

Mirziyoyev Oliy majlis deputatlari, senator, hokim, ichki ishlar organlari rahbarlari va prokurorlar jadval bo'yicha tumanlarda bo'lib joylardagi muammolarni o'rganish va xalqqa hisobot berish taklifini ham o'rtaga tashlagan. Ushbu jarayon 2017 yildan boshlanishi mumkin.

Davlat xizmati to'g'risida qonun qabul qilinadi

Shavkat Mirziyoyev davlat boshqaruv tizini takomillashtirish zaruriyati haqida ta'kidlab o'tgan.

Prezidentning ma'lum qilishicha, 2017-2021 yillarga mo'ljallangan O'zbekiston Respublikasi ma'muriy boshqaruv sohasini isloh qilish kontseptsiyasi qabul qilish ko'zda tutilgan.

Ushbu loyiha bo'yicha, hokimiyat qurilmalarining funktsiyasi va davlat idoralarining vakolatlarini optimallashtirish bo'yicha aniq chora-tadbirlar amalga oshirish ko'zlangan.

U amalga oshsa davlat idoralari xodimlarining soni qisqarishi va iqtisodni boshqarishda davlat rolini keskin tushishi mumkin.

"Prezident devoni va Vazirlar Mahkamasi ijro apparati faoliyatini takomillashtirishga, qabul qilinayotgan qonun, farmon va qarorlar samarali amalga oshirilishini ta'minlashga alohida e'tibor qaratamiz", - degan Shavkat Mirziyoyev.

O'zbekistonning ikkinchi prezidenti yaqin orada "Davlat xizmati to'g'risida" qonun ishlab chiqarishini ma'lum qilgan.

Prezidentga ko'ra, ushbu qonun davlat xizmatchilarining huquqini himoya qiladi. Ularning moddiy va ijtimoiy ta'minoti yaxshilanadi va bu sohaga tashabbuskor, mas'uliyatli kadrlarni jalb qilish yo'lga qo'yiladi.

Mirziyoyev qonun ishlamaganini ta'kidladi

Prezident Islom Karimov vafotidan so'ng Bosh vazir virtual qabulxonasini ochib muammolarni hal qilishga bel bog'lagan Shavkat Mirziyoyev joylarda "Xalq qabulxonalari" ochish taklifini bergan.

U virtual qabulxonaga ikki oydan oshiq vaqt davomida 200 mingdan ortiq shikoyat kelib tushganini aytgan. Prezidentga ko'ra, ushbu murojaatlar hukumatdagilarning "ko'zini ochgan".

"Avvalo, ular turli sohalardagi byurokratik to'siqlarni olib tashlash, qonunga zid bo'lgan ko'plab idoraviy yo'riqnomalarni bekor qilish, stavkasi optimal bo'lgan bank kreditlari ajratish, tadbirkorlik bo'yicha noqonuniy tekshirishlarga barham berish haqida, huquq-tartibot idoralarining faoliyati haqida murojaat qilmoqda", - degan Shavkat Mirziyoyev.

Mirziyoyevga ko'ra, Bosh vazir virtual qabulxonasidan so'ralayotgan masalalarni joylardagi hokimlar va tegishli idoralar o'z vaqtida hal etishi kerak edi.

"Holbuki, bu masalada alohida qonun, ya'ni, "Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risida"gi qonun qabul qilingan. Lekin, ming afsuski, bu qonunning ijrosini nazorat qilish o'z holiga tashlab qo'yilgan", - degan Shavkat Mirziyoyev.

Mirziyoyev qonunni nazorat qilishga kim mas'ul bo'lgani va nima sababdan ijrosi ta'minlanmagani borasida hech narsa demagan.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring