Lillis: "Karimov siymosi xalqni jipslashtirish uchun ishlatilyapti"

Karimov va Mirziyoev
Image caption Lillisga ko'ra, Mirziyoevga Karimov siymosi kerak

Britaniyada chiqadigan dunyoning eng nufuzli jurnallaridan biri bo'lmish Economist O'zbekistonda kechgan prezidentlik saylovlari haqida maqola chop etgan.

Maqola "O'zbekiston bir qattiqqo'l rahbarni boshqasi bilan almashtirdi" degan sarlavha ostida nashr qilingan.

Muallif - Markaziy Osiyo masalalari bo'yicha tahlilchi va jurnalist Joanna Lillis Samarqandda dafn etilgan Islom Karimovning qabridagi gullar, tilovat va qabr boshiga kelayotganlarni tasvirlar ekan, "bu mozorga ko'milgan shaxs avliyo va yo xon emas edi, zotan o'zini ayrim payt xonlarday tutgandi... Bu O'zbekistonni o'limiga qadar - 27 yil boshqargan Islom Karimovning qabri", deb yozadi.

Unga ko'ra, 78 yoshda bo'lgan Karimovning o'limi uning davri tugaganini anglatmagan ko'rinadi.

Saylovda Shavkat Mirziyoyev odatda Karimov oladigan 90 foizdan sal pastroq natija ko'rsatdi. Haqiqiy muxolifat yo'q edi. Uch nomzod esa, muallifga ko'ra, jarayonga "demokratik bo'yoq" surib berishdi.

BBC ko'p yillar O'zbekistonda ishlagan va mamlakat siyosatini yaqindan bilgan Joanna Lillisni suhbatga tortib, avvalo "Bu gal o'zgacha O'zbekistonni ko'rdingizmi?" deb so'radi.

Lillis: Bir qarashda hamma narsa avvaldagidek edi. Menimcha, va bu ko'plarga ma'lum, Islom Karimov vafotidan so'ng ko'p narsa o'zgargani yo'q. O'zgacha narsa shu ediki, qaysidir darajada Islom Karimov siymosi atrofida jo'shqinlik kuzatiladi. Uni millatning otasi sifatida taqdim qilish davom etmoqda. Albatta uni hayotligida ham ommaga shunday taqdim qilinardi, lekin hozirda o'limidan so'ng bu yanada oshgan. Va yangi hokimiyat xalqni uning shaxsi atrofida birlashishlarini istayotganini ko'rishimiz mumkin.

BBC: Lekin boshqa tomondan, hozirda hammaning e'tibori birdaniga Shavkat Mirziyoyevga ko'chgandek ko'rinadi, shunday emasmi?

Lillis: Ha shunday. Bu ham vaziyatning qiziq jihati. Qiziq bir qarama-qarshilik degan bo'lardim. Bir tomondan janob Mirziyoyev Islom Karimovning merosxo'ri, uning siyosatining davomchisi sifatida o'zini taqdim qilayotgan bo'lsa ham, boshqa tomondan qator siyosiy bo'lmasa ham, asosan iqtisod sohasida o'zgarishlar ko'zga tashlanmoqda. Ya'ni ko'rinishicha yangi hokimiyat bu kabi o'zgarishlarni amalga oshirayotgan vaqtda Islom Karimov siymosini baribir jipslashtiruvchi shaxs sifatida ushlab turishga harakat kuzatilmoqda. To'g'ri, bir tomondan e'tibor Shavkat Mirziyoyevga ko'chgan, boshqa tomondan Islom Karimovning dohiylik siymosi ushlab turilibdi. Bu odamlarni yangi hukumat atrofida birlashtirish usuli sifatida qo'llanmoqda.

BBC: Ba'zi juz'iy o'zgarishlar bor dedingiz. Bu ba'zi o'zgarishlarning ba'zilari anchayin yirik o'zgarishlarga o'xshab ko'rinmoqda. Masalan, qo'shni davlatlar bilan munosabatlarning yaxshilanishi, xorijliklar uchun viza tartibining o'zgarishi. Bularni anchayin salmoqli o'zgarishlar va islohotlar tomon qo'yilayotgan qadam belgilari sifatida ko'rish mumkinmi?

Lillis: To'g'ri, o'zgarishlarning o'zini hozircha ko'rmagan bo'lsak ham, bu o'zgarishlar haqida e'lonlarni ko'rmoqdamiz. Lekin, bularning e'lon qilinishining o'zi bizni "balki janob Mirziyoyev haqiqatan ham bu o'zgarishlarni amalga oshirmoqchidir", degan taxminlarga yetaklamoqda. Siz tilga olgan qadamlardan tashqari valyuta bozori boshqaruvidagi islohotlar haqida farmon chiqarildi. Agarda bu amalga oshirilsa, anchayin katta o'zgarish bo'ladi. Ya'ni, bir tomondan Islom Karimov davrida 13 yil bosh vazirlik qilgan shaxs bilan o'sha davrning qaysidir ma'noda davomiyligini ko'rayotgan bo'lsak ham, huddi shu bilan birga e'lon qilingan o'zgarishlar janob Mirziyoyevning O'zbekiston kelajagi uchun shaxsiy rejasi ham borligidan dalolat bermoqda.

BBC: Sizning "Ekonomist" jurnalidagi maqolangizda OXHTning saylovlar borasidagi xulosalar tilga olinib, ovoz berish jarayonida qonunbuzarliklar ro'y bergani aytilgan. Lekin, bu gal ovoz beruvchilar orasida haqiqatan ham faollik kuzatilib, saylov natijalari amaldagi ovoz berishni aks ettirgandek ko'rinyapti, shunday emasmi?

Lillis: Ha, menimcha saylovlarning rasmiy natijalari amaldagi ovoz berishni aks ettirgan. Men O'zbekistonda bo'lgan kunlarim kim bilan gaplashmasam, saylovda ovoz berishi haqida aytishardi. Albatta, ovoz berishga bormaydiganlar ham bor edi. Lekin, saylovda qatnashish istagida bo'lganlarning hammasi Shavkat Mirziyoyev uchun ovoz berishini aytdi. Shuning uchun uning 88 foizdan ko'proq ovoz olgani haqiqatga yaqin, menimcha. Albatta ovozlarni qalbakilashtirish yoki boshqa qonunbuzarliklar ro'y bergan bo'lsa ham, biz shunga guvoh bo'lmoqdamizki, birinchidan, bu saylovlarda haqiqiy raqobat yo'q edi. Hokimiyat qo'lidagi deyarli barcha resurslar odamlar Shavkat Mirziyoyev uchun ovoz berishlariga targ'ib qilishga qaratilgandi. Ya'ni odamlar ovoz berishdi, lekin tanlov deyarli mavjud bo'lmagan sharoitda ovoz berishdi. Men 2015 yilgi saylovlarda ham O'zbekistonda edim. Shuning uchun ayta olamanki, saylovlar deyarli o'sha yo'lda bo'lib o'tdi. 20 yildan beri haqiqiy muxolifatga izn berilmay kelayotgan mamlakatda o'zgacha bo'lishini kutish ham mumkin emasdi.

BBC: Mirziyoyevning oxirgi amallaridan biri avvalgi rahbariyat davrida turli iqtisodiy jinoyatlar va ko'p miqdorda davlat mablag'larini o'zlashtirishda ayblanib, shartli jazoga tortilgan ba'zi shaxslarni rasmiy vazifalarga qaytarayotgani. Masalan Toshkent viloyati sobiq hokimi Kozim To'laganov hukumat tarkibidagi bo'linmalardan biriga rahbar etib tayinlangani haqida xabarlar bor. Bu nimadan dalolat beradi, deb o'ylaysiz?

Lillis: Bu borada biron xulosa qilish qiyin, hozircha. Menimcha, buni bir necha yo'lda talqin qilish mumkin. Birinchidan, balki Shavkat Mirziyoyev bu ayblovlar ichki tortishuvlar natijasi bo'lganligiga ishonar. Chunki Markaziy Osiyo davlatlarida korruptsiyada ayblash bilan siyosiy raqiblardan qutulish yo'lida foydalanilish usuli keng tarqalgan. Balki yangi prezident bu ayblovlarni shu kabi amallarning natijasi sifatida ko'rayotgandir. Boshqa tomondan, balki o'zi ishongan shaxslarni o'z jamoasiga olib kelishga harakat qilayotgandir. Qaysi yo'lda talqin qilmaylik, bu shaxslarning qaytarilishi baribir Mirziyoyev o'zi ishonishi mumkin bo'lgan, o'zi tayana oladigan shaxslarni o'ziga yaqin bo'lishlariga intilayotgan ko'rinadi. Lekin, boshqa tomondan u iqtisodni ochish va xorijiy sarmoyalarni jalb etish haqida gapirmoqda. Birov, korruptsiya soyasi ostida qolgan shaxslarning hukumat tarkibida bo'lishlari ne qadar xorijiy sarmoyadorlarni jalb qilishga yordam beradimi yo'qmi, albatta bu katta savol.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring