Mirziyoevning o'rniga kim Bosh vazir bo'ladi?

Image copyright Internet
Image caption Mirziyoevning o'rniga kim Bosh vazir bo'ladi?

Islom Karimov vafoti munosabati bilan 4 dekabr kuni bo'lgan navbatdan tashqari saylov natijalariga ko'ra, O'zbekistonda Shavkat Mirziyoevning prezidentligi to'la qonuniy ko'rinish ol

Toshkentdagi ayrim manbalarning Bi-bi-si O'zbek xizmatiga ma'lum qilishicha, janob Mirziyoev 14-dekabr, chorshanba kuni mamlakat prezidenti sifatida qasamyodga keltiriladi. Shu kunning o'zida yangi Bosh vazir ham tanishtirilishi mumkin. Aynan Bosh vazir masalasi, hukumat rahbari o'zgarishi jarayoni hozircha ochiq qolmoqda.

O'zbekistonda Bosh vazir qanday tayinlanadi?

"O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to'g'risida"gi qonunning 15-moddasiga ko'ra, Bosh vazir yo'qligida uning vazifasini bosh vazir o'rinbosarlaridan biri bajaradi (ma'lumot uchun, Bosh vazir Mirziyoevning etti o'rinbosari bor, ular orasida moliya vaziri Rustam Azimov rasman o'zgacha - "birinchi o'rinbosar" maqomiga ega).

O'zbekistonda Bosh vazirni asosan parlament ko'rsatadi va tasdiqlaydi, biroq uni asosan prezident lavozimidan ozod etishi mumkin. Ayni qonunning 41-moddasida prezident bosh vazirni ishdan olishi mumkin bo'lgan besh holat sanalgan, ulardan biri bosh vazirning iste'foga chiqish haqidagi o'z arizasidir.

Bosh vazir iste'foga chiqsa, u bilan birga butun hukumat ham iste'fo beradi. Yangi tasdiqlangan Bosh vazir esa o'z Vazirlar Mahkamasini shakllantiradi.

O'zbekiston Konstitutsiyasi 98-moddasiga ko'ra, bosh vazir nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylovda eng ko'p deputatlik o'rinlarini olgan siyosiy partiya (hozirgi holatda - prezident Mirziyoev partiyasi hisoblangan O'zLiDeP) tomonidan O'zbekiston Prezidentiga taklif etiladi.

Prezident bosh vazirlikka nomzodni ko'rib chiqqanidan so'ng, nomzodni ko'rib chiqish va tasdiqlash uchun Oliy Majlis palatalariga taklif qiladi (10 kun ichida). Nomzod Oliy Majlis deputatlari va senatorlari umumiy sonining yarmidan ko'pining ovozini olsa, hukumat raisi etib tasdiqlanadi.

Konstitutsiyaga ko'ra, parlamentda nomzodi ko'rib chiqilayotganida, bo'lajak Bosh vazir hukumatning yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo'ljallangan harakat dasturini taqdim etishi lozim.

O'zbekistonda Bosh vazir o'zi nima qiladi? Konstitutsiyaga ko'ra, hukumat faoliyatini tashkil etib, unga rahbarlik qiladi; hukumat majlislarida raislik qiladi, uning qarorlarini imzolaydi; xalqaro maydonda O'zbekiston hukumati nomidan ish ko'radi va "O'zbekiston qonunlarida nazarda tutilgan boshqa vazifalarni bajaradi".

2016 yil sentyabridan beri esa Bosh vazirning yana bir vazifasi bor - virtual qabulxona orqali aholidan kelib tushayotgan shikoyat va murojaatlarni ko'rib chiqib, samarali hal etish.

'Kim Bosh vazir bo'lishini taxmin qilamiz'

O'zbekistondagi rasmiy axborot manbalari hozircha prezident saylovi yakunlari haqida his-hayajonga to'la xabarlar berish bilan band. Amaldagi Bosh vazir rasman prezidentga aylangani ortidan endi uning o'rnini boshqa odam egallashi mumkinligi haqida hozircha eslatilmayapti.

Biroq internetdagi nodavlat resurslar, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarning faol foydalanuvchilari bosh vazir kim bo'ladi degan savolga o'zicha javob izlamoqda, muhokamalarga kirishmoqda.

"Kim Bosh vazir bo'lishini taxmin qilamiz" sarlavhali so'rov Tafsilot.uz nashrida eng ko'p ko'rilgan maqolaga aylangan. 20 javob variantidan iborat so'rovnomada 587 kishi ishtirok etgan bo'lib, eng ko'p - 53 foiz (314 ta) ovozni amaldagi Bosh vazirning birinchi o'rinbosari, ayni vaqtda moliya vaziri ham hisoblangan Rustam Azimov olgan.

So'rovda Azimovdan keyingi o'rinlarni Senat raisi o'rinbosari Svetlana Ortiqova (9 foiz), 2012 yili MTS shirkatining O'zbekistondan quvilishi ortidan qudratdan ketgan, lekin Islom Karimov vafotidan keyin Bosh vazir o'rinbosariga aylangan Abdulla Aripov (9 foiz), shuningdek, ismi so'rovnomada ko'rsatilmagan "Boshqa nomzod" (9 foiz) javob varianti egallagan.

Kun.uz sayti ham Telegram messenjeridagi tarmog'ida shunga o'xshash so'rovnoma o'tkazgan. 5271 kishi qatnashgan so'rovnomada 3 mingdan ortiq odam (respondentlarning 60 foizi) Rustam Azimov nomzodini ma'qullagan.

Kun.uzning so'rovida "Boshqa nomzod" javob variantini 11 foiz, tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov variantini 10 foiz, Abdulla Aripov variantini 8 foiz, bosh vazirning yana bir o'rinbosari Adham Ikromov va "O'zavtosanoat" rahbari Ulug'bek Ro'zuqulov variantlarini 3 foizdan foydalanuvchi ma'qullagan.

Ijtimoiy tarmoqdagi mavzularning... Bosh mavzusi - Bosh vazir

Bosh vazir masalasi ijtimoiy tarmoqlarda ham qizg'in muhokama qilinmoqda, foydalanuvchilar o'z taxminlari bilan faol o'rtoqlashmoqda.

Twitter tarmog'i a'zolari orasida Samarqand viloyati hokimi Zoir Mirzaev keyingi Bosh vazir, deguvchilar ko'plab topiladi. "Samarqand viloyat hokimi Zoir Mirzaev bo'larmish degan mish-mish yuribdi pistachi xotinlarda!", - deb xabar beradi Hamroev O. B.

Boshqa foydalanuvchilar Andijon, Navoiy yoki Farg'ona viloyati hokimlari ham nomzodlar qatorida bo'lishi mumkinligini yozgan. Qayd etish joiz, Tafsilot.uz va Kun.uz o'tkazgan so'rovlarda ham viloyat hokimlari bor edi.

Ba'zi foydalanuvchilar nafaqat bosh vazir, balki boshqa yuqori lavozimlar bo'yicha ham o'zgarishlar bo'lishi borasida taxminlar bildirgan. Masalan, Kamoliddin: "Ba'zi taxminlarimni yozib o'taman: Bosh vazir - Ixtiyor Abdullaev (hozirgi bosh prokuror - BBC Uzbek). TIV raisi - Sodiq Safoev. Yangi sport vaziri - Jasur Akramov. O'FF prezidenti - Alisher Sultonov", - deb yozadi.

Bir foydalanuvchi "O'zavtosanoat" rahbari Ulug'bek Ro'zuqulov Bosh vazir bo'ladi, deb taxmin qilgan, ikkinchisi esa bunga qarshi shunday fikr bildirgan: "Avtosanoatniki bo'masiney. Bo'lmasa yana "shapka shapka der ekan, shapka dilni er ekan", deb kuylab yurmaylik".

O'zLiDeP etakchisi Sodiqjon Turdievni ham hisobdan chiqarmaslik kerak, deydi ba'zilar. Rustam Azimov varianti esa ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarda ham favorit, biroq uning bu lavozimni egallay olmasligi borasida ham fikrlar uchraydi.

"Adashmasam, R.Azimov Liberal demokratik partiyadan emas. Konstitutsiyaga ko'ra, hozircha bunday bo'lishi (uning bosh vazir bo'lishi - BBC Uzbek) mumkin emas", - deydi BABAYAN OUT!!!

Muvaqqat prezident uch oy davomida kimga ko'proq ishondi?

O'zbekiston qonun hujjatlari milliy bazasi - Lex.uzda 15 sentyabr - 9 dekabr oralig'ida muvaqqat prezident Shavkat Mirzieyov tomonidan imzolangan hujjatlar bo'yicha so'rov berilsa, tizim o'zbek tilida 27 hujjatni taqdim qiladi.

Ro'yxatga Lex.uz ga berilgan so'rov vaqtida ko'rinmagan, biroq O'zbekiston milliy axborot agentligi - O'zA prezident imzosi bilan chiqargan yana 10 hujjatni qo'shish mumkin. Bu hujjatlar - prezident farmonlari, farmoyish va qarorlaridir.

Ular orasida tadbirkorlarga yanada erkinlik berish, sud-huquq tizimini isloh qilish, qishloqlarda uylar qurish, turizmni rivojlantirish, shuningdek, Islom Karimov va Erkin Vohidovga haykallar o'rnatish haqidagi farmon va qarorlar bor.

Deyarli har bir shunday hujjatda uning ijrosini nazorat qilish zimmasiga yuklatilgan mas'ulning ismi-sharifi ko'rsatiladi. Shunga qarab, davlat rahbari muhim topshiriqlarni kimga ko'proq ishongani haqida ma'lum bir tasavvur hosil qilsa bo'ladi.

40 ga yaqin mazkur hujjatlarning 18 tasida mas'ul sifatida bosh vazirning birinchi o'rinbosari Rustam Azimov ko'rsatib o'tilgan - bu eng yuqori ko'rsatkich. Prezidentdan topshiriq olish bo'yicha keyingi o'rinda bosh vazir o'rinbosarlari Abdulla Aripov va Adham Ikromov - ikkisi ham 6 tadan hujjat ijrosini nazorat qiladi.

Shavkat Mirziyoevning bosh vazir sifatida 15 sentyabrdan so'ng imzolagan aksariyat qarorlarida ham asosan Rustam Azimov nazoratga mas'ul sifatida qayd etilgan.

O'zbekistonning barcha bosh vazirlari

Islom Karimov nafaqat O'zbekistonning birinchi prezidenti, balki birinchi bosh vaziri hamdir. U 1990-1992 yillarda O'zbekiston prezidenti sifatida mamlakat hukumatiga ham rahbarlik qilgan.

1992-1995 yillarda Abdulhoshim Mutalov, 1995-2003 yillarda O'tkir Sultonov, 2003 yildan esa Shavkat Mirziyoev O'zbekiston bosh vaziri sifatida ishlagan. Haqiqiy ma'noda bosh vazir bo'lish faqat Shavkat Mirziyoevga nasib etgan - 2005 yilga qadar prezident Karimov "Vazirlar Mahkamasi raisi" lavozimini ham o'zida saqlab turgan.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring.di.