Qirg'izistonda konstitutsiyaga o'zgartirishlar bo'yicha referendum o'tadi

Image caption Qirg'izistonda konstitutsiyaga o'zgartirishlar bo'yicha referendum o'tadi

Qirg'iziston o'z konstitutsiyasiga o'zgartirishlar bo'yicha referendumga hozirlanmoqda.

11 dekabr kuni o'tadigan referendumda qirg'izistonliklarning ko'pchiligi "ha" deb ovoz berishsa, unda mamlakatda Bosh vazirning qudrati kuchayadi, ma'lum ma'noda prezident vakolatlari ham kengayadi.

Ammo mutaxassislarga ko'ra, konstitutsiyaga o'zgartirishlar parlament va adliya tizimini bir qadar kuchsizlantirishni ko'zda tutadi.

Konstitutsiyaning bu usulda tahrir qilinishi alal-oqibat Bosh vazir idora etadigan yangi sistema tuzilishini anglatadi.

Ayni o'zgarishlar ham mahalliy va ham xalqaro guruhlarning tanqidiga sabab bo'lgan.

Muxolifat "yo'q" deb ovoz berishga chaqirmoqda.

Unga ko'ra, ayni o'zgarishlar aslida noqonuniy va hozirgi prezident Almazbek Atambaev kelasi yil agar Bosh vazirlikni egallaydigan bo'lsa, uning qudratini kuchaytirishga qaratilgan.

Markaziy Osiyoning anchayin kambag'al davlatlaridan sanalgan Qirg'izistonda shu kuni mahalliy hokimiyatga ham saylov o'tadi.

Bundan maqsad saylov jarayonining qimmatga tushmasligini kafolatlashdir.

________________________________________

Referendum natijasida nima o'zgaradi?

Bosh vazir va prezidentning qudrati sezilarli darajada kuchayadi.

89 moddaning yangi 7 bobida Bosh vazirga mahalliy hokimiyat rahbarlarini tayinlash va ularni ishdan olish vakolati beriladi.

Bunda Bosh vazir mahalliy kengashlarning roziligini olishi shart emas.

72 moddaga o'zgartirishlar shuningdek, agar Bosh vazir o'z lavozimidan ketsa ham parlament a'zoligini tark etmaslik huquqini beradi.

95 moddaga o'zgartirishga binoan mahalliy hakamlarni almashtirish vakolati Hakamlarni Tanlash Kengashidan prezidentga ko'chishi nazarda tutilgan.

Agar 6 modda o'zgarsa, unda "xalqaro inson huquqlari bo'yicha kelishuvlar boshqa xalqaro kelishuvlardan ustun"degan jumla olib tashlanadi.

41 moddaning tahrir qilinishi esa, biror bir shaxsning haq-huquqlari poymol etilgani xalqaro inson huquqlari tashkilotlari tomonidan tan olinsa, unda Qirg'iziston respublikasi ana shu haqsizlikni bartaraf etish majburiyatini o'z zimmasidan soqit etishini anglatadi.

36 moddaga kiritilajak o'zgartirishlar esa "oila" tushunchasining "ikki shaxsning ittifoqi" degan ta'rifni bekor qilinishi, o'rniga "erkak va ayolning ittifoqi" deya almashtirilishini anglatadi.

________________________________________

Nima uchun taklif qilinayotgan o'zgartirishlar bahslarga sabab bo'lmoqda?

Muxolifatga ko'ra, ayni o'zgartirishlar sobiq avtoritar tizimni qayta tiklaydi, Atambaevga 2017 yilda prezidentlikni topshirib, Bosh vazirlikka o'tishga imkon yaratadi.

6 va 41 moddalardagi ma'lum jumlalarning olib tashlanishi esa, Qirg'iziston ortiq xalqaro inson huquqlari kelishuvlariga bo'ysunmasligini anglatadi.

Jabrdiyda shaxslar agar o'z haq-huquqlari poymol etilgan bo'lsa ham, ortiq xalqaro inson huquqlari tashkilotlari yordamida o'z sha'nlarini himoya qilisholmaydi.

36 moddalagi "oila" tushunchasining tahrir etilishi bilan faqat erkak va ayol o'rtasida turmush qurish tan olinadi, xolos. Bu esa ayrimlarga ko'ra, birga yashayotgan, bir jinsli, ammo turmush qurmagan juftliklarning huquqlarini poymol qiladi, ularga qarshi diskriminatsiyani avj oldiradi.

________________________________________

Hozirgi konstitutsiya qanchalar muhim?

Qirg'izistonning hozirgi konstitutsiyasi 1991 yilda qabul qilingan.

2010 yilda Qurmanbek Bakievning qudratdan ag'darilishi ortidan isloh etilgan.

Ayni konstitutsiya prezident vakolatlarini sezilarli darajada cheklaydi. Bosh qomusda 2020 yilga qadar har qanday o'zgarish qilish taqiqlab qo'yilgan.

Ammo 2016 yilning iyun oyida prezident Atambaevning qudratdagi Sotsial-demokratik partiyasidan to'rt nafar parlament a'zosi 30 ga yaqin o'zgartirishlar loyihasini taqdim qildi. Ularga ko'ra, 2010 yilgi konstitutsiya "shoshma-shosharlik bilan qabul qilingan va o'zgarishlar mufassal ko'rib chiqilmagan".

Atambaev parlament a'zolarining tashabbusini dastaklagan edi.

________________________________________

Xalqaro munosabatlar

Venetsiya komissiyasi, Ovro'poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti o'z xavotirlarini izhor etishdi.

Ularning aytishicha, "taqdim qilinayotgan o'zgarishlar mamlakat rahbarlari vakolatlarini kuchaytiradi, hukumatdagi kuchlar muvozanatiga salbiy ta'sir qiladi, parlament va ayniqsa, sud tizimini ojizlantiradi".

OXHT referendumga kuzatuvchilar yubormaslikka qaror qilgan.

________________________________________

Nima kutilmoqda?

Agar kamida 50 foiz saylovchilar ovoz berishsa va ularning aksariyati "ha" deyishsa, unda o'zgartirishlar qabul qilingan hisoblanadi.

Muxoliflar esa saylovchilarni konstitutsiyaga o'zgartirishlarga qarshi chiqishga chaqirmoqda.

Ular ovoz berish natijalari qanday bo'lishidan qat'iy nazar, referendumni noqonuniy, deb qabul qilishlarini urg'ulashgan.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring.da.