Rossiya: "Islom Karimovga haykal o'rnatilsin"

Vladimir Putin Image copyright COURTESY

Bu kabi qarorga Moskva shahar dumasining Yodgorlik san'ati bo'yicha maxsus komissiyasi kelgan.

Rossiyadan olingan xabarlarga ko'ra, bu qaror komissiyaning payshanba kungi majlisida ortiqcha muhokamalarga sabab bo'lmagan, bir ovozdan qabul qilingan.

Bu - O'zbekiston marhum prezidenti Islom Karimovning Rossiya poytaxti Moskvada qad rostlayajak birinchi haykali bo'ladi.

Shu yilning 2 sentyabr kuni 78 yoshida miyasiga qon quyilishi oqibatida kutilmaganda hayotdan ko'z yumgan marhum Karimov boshqaruvi davrida esa, rasmiy Toshkentning Kreml bilan munosabatlari aksariyat mintaqa davlatlaridan farqli ravishda, hech qachon barqaror bo'lmagan.

Islom Karimov Rossiyaga nisbatan tashqi siyosatda turli guruhlarga a'zolikdan ko'ra, O'zbekiston manfaatini aniqroq va to'liqroq ifoda etadigan ikki taraflama munosabatlarni afzal bilib kelgan.

Shu bois O'zbekiston Rossiya yetakchiligidagi Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasidan chiqib ketgan, Toshkentni Bojxona Ittifoqiga tortish harakatlari ham shu paytgacha o'z samarasini bermay kelgan.

Poytaxt Moskvada o'rnatilishi kutilayotgan haykal esa, "o'zaro do'stlik va hurmat ramzi" sifatida baholanmoqda.

Rossiyaning yetakchi "Interfaks" axborot nashri xabariga tayanilsa, Moskvada marhum prezident Islom Karimovga haykal o'rnatish tashabbusi bilan O'zbekiston tomoni chiqqan.

Nashr bu haqda yozarkan, Yodgorlik san'ati bo'yicha komissiya raisi Igor Voskresenskiyning payshanba kungi majlisda yangragan so'zlariga orqa qilgan.

Yangi haykal

Majlis tafsilotlaridan ayon bo'lishicha, marhum prezident Islom Karimov haykali O'zbekistonning Moskva markazidagi elchixonasi fonida qad rostlaydi.

Ya'ni, haykalni elchixonaga yaqin va shu yilning oktyabr oyida prezident Karimov nomi berilgan Yakimanka tumanidagi xiyobonga o'rnatish rejalanmoqda.

O'z navbatida, O'zbekistonning Rossiyadagi elchisi Bahrom Ashrafxonov ham bu xususda bir ovozdan qabul qilgan qarori uchun Moskva shahar dumasining mas'ul komissiyasiga minnatdorchilik bildirgan.

"Haykal tarxi xalqaro tanlov natijasiga qarab tanlanishi"ni ma'lum qilgan.

"Interfaks"ning yozishicha, haykalni yaratish uchun ketajak sarf-xarajatlarning O'zbekiston tomoni, qurilishi va obodonlashtirish ishlarining Moskva hisobidan bo'lishi kutilmoqda.

Bundan sal avval marhum prezident Islom Karimov haykalini yaratish bo'yicha xalqaro ijodiy tanlov tashkil etish to'g'risida O'zbekistonning yangi saylangan prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qarori e'lon qilingan.

Shavkat Mirziyoyev bu kabi tashabbusni ilk bor o'zining saylovoldi kampaniyasi chog'ida ilgari surgandi.

Ammo

Prezident Islom Karimovning nomini abadiylashtirish g'oyasi uning vafotidan qisqa vaqt o'tmay yangragan, bu vazifa o'sha paytning o'zidayoq dafn marosimini tashkil qilishga mas'ul davlat komissiyasi zimmasiga yuklatilgandi.

Birinchi prezident o'limi ortidan muvaqqat prezidentga aylangan Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev komissiya oldiga "keng jamoatchilikning fikrini hisobga olib, bir oy muddatda Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish bo'yicha takliflar kiritish" vazifasini qo'ygandi.

Mazkur masalaga oddiy o'zbekistonliklar ham katta qiziqish ko'rsatishgan, ijtimoiy tarmoqlar ularning marhum prezident nomini abadiylashtirishga qaratilgan takliflari bilan to'lib-toshib ketgandi.

Ammo Islom Karimov xotirasiga o'zlarida haykal o'rnatish tashabbusi bilan ilk bor qo'shni Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov chiqqan, uning bu so'zlari marhum prezidentning qadim Samarqanddagi rasmiy dafn marosimi chog'ida yangragandi.

O'zbekiston Prezidenti Islom Karimovning vafoti ortidan kechgan uch oydan ortiqroq vaqt davomida uning nomi Toshkentdagi butkul qayta ta'mirdan chiqqan tarixiy Jo'rabek masjidiga berilgan.

Kenja qizi Lola Karimova-Tillaeva yaqinda otasi nomiga maxsus jamoatchilik fondi va muzey tashkil etilishi haqida ham ma'lum qilgandi.

Boshqaruvi bilan kechgan chorak asrdan ko'proq vaqt davomida marhum prezident Islom Karimovning faqat tasvirlari va so'zlari bitilgan shiorlargina mamlakat ko'chalari hamda mulozimlar kabinetlarini bezab turgan.

Marhum prezident Islom Karimovning rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin bilan so'nggi muloqoti shu yilning aprel oyiga to'g'ri kelgandi.

Ammo prezident Putin O'zbekiston marhum rahbarining Samarqanddagi rasmiy dafn marosimiga shaxsan tashrif buyurmagan, uni Bosh vaziri Dmitriy Medvedev namoyon etgandi.

Rossiya prezidentining o'zi esa, oradan uch kun o'tib, O'zbekistonga safar qilgan va marhum hamkasbining Samarqanddagi qabrini ziyorat qilib, unga gul qo'ygandi.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring