"Human Rights Watch" Mirziyoyevga maktub yo'lladi

Shavkat Mirziyoyev Image copyright Internet

O'zbekistonning yangi saylangan prezidentidan mamlakatdagi "inson huquqlari bilan bog'liq abgor ahvolni yaxshilash yo'lida aniq qadamlar qo'yishi lozim"ligini aytdi.

Bu xalqaro inson haqlarini saqlash tashkiloti nazdida Shavkat Mirziyoyev va uning ma'muriyati kelasi 5 yil ichida:

-Siyosiy mahbuslarni ozod etishi

-Birlashgan Millatlar Tashkilotining mas'ul idoralari bilan hamkorlik qilishi

-Qiynoqlarga chek qo'yishi

-Matbuotga qo'yilgan cheklovlarni bekor qilishi

-Fuqaroviy Jamiyatlarni o'z xoliga qo'yishi

-Diniy e'tiqod erkinligini ta'minlashi

-Jinsiy ozchiliklarga qarshi diskriminatsiya hollariga chek qo'yishi

-Majburiy mehnatga yakun yasashi

-Andijon qirg'ini yuzasidan mustaqil tergovga izn berishi lozim.

"Human Rights Watch" xuddi shu talablari sirasida "Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson haqlari bo'yicha 14 ekspertining uzoq yillik so'rovlari qondirilishi, ularning mamlakatga kirishlariga izn berilishi kerak"ligini tilga olgan.

Boshqa inson haqlarini saqlash tashkilotlari qatorida Xalqaro Qizil Xoch Tashkilotining ham O'zbekistonda normal faoliyat yuritishi, hibsxonalardagi shart-sharoitni kuzatib borishlariga imkon berilishi kerakligini aytgan.

Mahalliy va O'zbekistonda o'z faoliyatlariga yakun yasashga majbur bo'lganlari doxil xalqaro ommaviy-axborot vositalarini rasman qayddan o'tishlariga ruxsat berish va chet ellik jurnalistlarga akkreditatsiya berish bilan ham mamlakatda rostmana matbuot erkinligini ta'minlashga undagan.

"Human Rights Watch" tashkilotining maktubi mamlakat Bosh vaziri va muvaqqat prezidenti Shavkat Mirziyoyev g'olib chiqqan O'zbekiston prezident saylovidan 5 kun o'tib kuzatilgan.

Xalqaro tashkilot nazdida, "jiddiy cheklovlar va fundamental inson haqlarining ta'min etilmagani bu saylovlarning erkin va adolatli bo'lib o'tishiga to'sqinlik qilgan".

"Human Rights Watch" maktubining so'nggida "ayni masalalarni muhokama etib olish uchun Shavkat Mirziyoyev va uning hukumati tadqiqotchisi doxil o'z xodimlarining O'zbekistonga safar qilishlariga izn berishi lozim"ligini ham aytgan.

Hozircha rasmiy Toshkentning bu maktubga munosabati imkonli emas.

O'zbekistonni chorak asrdan ko'proq vaqt davomida boshqargan 78 yoshli prezident Islom Karimovning shu yil 2 sentyabr kungi kutilmagan vafoti ortidan, mamlakat konstitutsiyasiga muvofiq, muddatidan ilgari prezident saylovi chaqirilgan.

4 dekabr kungi saylovda g'olib chiqqani rasman e'lon qilingan Shavkat Mirziyoyev mustaqil O'zbekiston tarixidagi ikkinchi prezidentga aylangan, ammo u halicha rasman qasamyodga keltirilmagan.

Marhum prezident Islom Karimov boshqaruvi davrida esa, O'zbekistondagi diniy erkinliklar bilan bog'liq ahvol yetakchi G'arb davlatlari, turli xalqaro tashkilotlar va huquq himoyachilari tomonidan jiddiy tanqidga uchrab kelgan.

8 dekabr kuni boshqa bir - "Civil Rights Defenders" xalqaro tashkiloti ham Shavkat Mirziyoyevni prezident Karimovning inson huquqlari sohasidagi repressiv siyosatini davom ettirishdan voz kechishga chaqirgan.

Shavkat Mirziyoyev dastlabki qadam o'laroq qamoqlardan jurnalistlar va huquq faollarini ozod etishi lozimligini aytgandi.

Ammo...

Muvaqqat prezident ekan, Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev shu yil oktyabr oyida O'zbekiston sud-huquq tizimi faoliyatiga bog'liq yangi farmonni imzolagan.

O'zbekiston ommaviy-axborot vositalari 21 oktyabr kungi farmon sud-huquq tizimini isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishni kuchaytirish maqsadini ko'zlagani haqida xabar berishgan.

Ayni shu farmonni imzolashi arafasida Liberal-demokratik partiyaning qurultoyida Shavkat Mirziyoyev mamlakatdagi sud-huquq tizimi, huquqni muhofaza qilish idora va tashkilotlarining faoliyatini tanqid qilgan.

U sud-huquq tizimini tubdan isloh qilish, advokaturaning roli va o'rnini kuchaytirish, shuningdek, jinoyat ishlarini qo'shimcha tergovga qaytarish amaliyotidan voz kechishni taklif qilgan.

Bundan avval O'zbekiston Senati janob Mirziyoyevning taklifi bilan amnistiya to'g'risidagi qonunni qabul qilgan.

Mirziyoyevning prezident vazifasini bajaruvchi sifatida imzolagan ilk qonunlaridan biri ichki ishlar idoralari to'g'risidagi qonun bo'lgan.

U, shuningdek, parlamentning quyi palatasiga korruptsiyaga qarshi kurash to'g'risidagi qonunni qabul qilishni taklif etgan.

Shavkat Mirziyoyevning ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi ilk qadamlari va qonunchilik tashabbuslari mamlakatda o'zgarishlarning muqarrar ekani haqidagi umidlarni uyg'otgan.

Ammo tanqidchilar uning faoliyatiga haqiqiy bahoni prezident saylovlaridan keyingina berish mumkinligini aytishadi.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring