O'zbekiston yana bir bor mavqeini ochiqladi

O'zbekiston Image copyright COURTESY

Rasmiy Toshkent 4 dekabr kungi prezident saylovi ortidan ham, "hech qanday harbiy-siyosiy blok va alyanslarga qo'shilmasligi"ni xalqaro minbardan turib rasman qildi.

Bu so'zlar bu gal O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov og'zidan yangradi.

"Hukumat tepasiga yangi prezident kelsa ham, O'zbekiston o'zining betaraflik siyosatini davom etdiradi", - deya bayon qilgan Abdulaziz Komilov EXHT mamlakatlari tashqi ishlar vazirlarining kengashida qilgan chiqishida.

O'zbekiston Tashqi ishlar vazirining Gamburgda yana bir bor ta'kidlashicha, "O'zbekiston hech qanday harbiy-siyosiy bloklar va alyanslarga qo'shilmaslik, o'z hududida chet el harbiy bazalarini joylashtirmaslik, o'z harbiylarini chet mamlakatlarga jo'natmaslik borasida qat'iy qaror qabul qilgan".

Uning bu so'zlari mamlakat Bosh vaziri va muvaqqat prezidenti Shavkat Mirziyoyev g'olib chiqqan so'nggi prezident saylovidan to'rt kun o'tib yangragan.

Shavkat Mirziyoyev esa, Islom Karimov vafotidan bor-yo'g'i bir haftacha o'tib, hali muvaqqat prezident ekan, tashqi siyosatda bundan buyog'iga ham uning "kontseptsiyasiga sodiq qolishlari"ni bayon qilgan.

O'sha paytda mamlakat Bosh vaziri ham bo'lgan Mirziyoyevning bu so'zlari O'zbekiston Oliy Majlisi palatalarining 8 sentyabr kungi qo'shma majlisi chog'ida yangragandi.

Marhum Islom Karimov boshqaruvi davrida esa, O'zbekiston Rossiya yetakchiligidagi yoki rasmiy Moskva katta ta'sirga ega turli mintaqaviy ittifoq va tashkilotlardan imkon qadar o'zini chetga tortib kelgan.

Prezident Karimovning vafotiga qadar, rasmiy Toshkent Rossiyaning prezident Vladimir Putin tashabbuskori bo'lgan Ovro'osiyo va Bojxona Ittifoqiga qo'shilish taklifiga ham ro'yxushlik bermagan.

Aksariyat Markaziy Osiyo davlatlaridan farqli ravishda, o'z hududida Rossiyaning biror bir harbiy bazasiga mezbonlik qilmagan.

Ammo, shundoqqina biqinida bo'y ko'rsatgan vaziyatdan jiddiy xavotirda ekani bois, AQSh boshchiligidagi ittifoq qo'shinlarining Afg'onistonda Tolibon tuzumining qulatilishi bilan yakun topgan 2001 yilgi amaliyotlari manzarasida Amerika va Germaniya harbiylariga o'z bazalaridan foydalanishga izn bergan.

Oradan to'rt yilcha o'tib, 2005 yilgi Andijon voqealari yuzasidan tutgan mavqei sabab, G'arb bilan aloqalari sovurkan, Amerika harbiylarini o'z hududidan chiqarib yuborgan.

Olmoniya esa, Termiz aeroportidagi o'z harbiylarini dastaklash uchun ochilgan markazni faqat o'tgan yilga kelib yopishga qaror qilgandi.

Prezident Islom Karimov hali hayot ekan, NATO 2014 yilning may oyida O'zbekiston poytaxti Toshkentda o'zining byurosini ochgan.

Bu NATOning Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarini yo'lga qo'yish maqsadi bilan izohlangandi.

Ammo yaqinda NATO Toshkentdagi vakolatxonasini kelasi yil aprel oyida yopish qarorida ekanini ma'lum qilgan, bunga "siyosiy emas, yangi byudjetlari bilan bog'liq omillar sabab ekani"ni bildirgandi.

Lekin

Shavkat Mirziyoyevning hali muvaqqat prezident etib tayinlanishining o'ziyoq turli siyosiy doiralarda rasmiy Toshkentning bundan buyog'iga Rossiyaga anchayin moyil tashqi siyosat olib borishiga oid taxminlarga sabab bo'lgan.

Ular ayni o'rinda Shavkat Mirziyoyevning asli o'zbekistonlik milliarder, Rossiyaning eng badavlat odamlaridan biri bo'lgan Alisher Usmonov bilan qudalik rishtalariga ega ekani omiliga diqqat qaratishgandi.

Alisher Usmonov Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning yaqin hamkorlaridan biri hisoblanadi, xuddi shu manzarada, ko'plab yirik homiylik ishlarini ham amalga oshirib keladi.

Ta'kidlash joiz, marhum Islom Karimov davrida Alisher Usmonovning O'zbekiston siyosiy hayotiga aloqadorligi to'g'risida biror bir ma'lumot kuzatilmagan.

Ammo prezident Karimov vafoti ortidan, uning O'zbekistonga ustma-ust tashriflarini ayrim tahlilchilar Rossiya rahbariyatining siyosiy ta'sirini oshirish harakati sifatida ham baholashgan.

Ayni shu mazmundagi xabarlar manzarasida Alisher Usmonovning matbuot xizmati rasmiy raddiya bilan chiqish darajasiga borgan, "ko'p marotaba bildirilganidek, uning O'zbekiston siyosiy hayotida ishtirok etmayotganligi"ni bayon qilgandi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning O'zbekistonga so'nggi safari marhum prezident Islom Karimovning qabrini ziyorat qilish uchun shu yil 6 sentyabr kuni Samarqandga qilgan "shaxsiy tashrifi"ga to'g'ri kelgan.

Samarqandga qilgan safari chog'ida unga o'sha paytda O'zbekiston muvaqqat prezidenti bo'lgan mamlakat Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev hamrohlik qilgan.

Rossiya matbuoti o'shanda prezident Putin hamrohiga O'zbekiston Rossiyaga "eng ishonchli sherikdek ishonishi mumkin"ligini aytgani haqida yozgan.

Vladimir Putin, bundan tashqari, Rossiya bilan O'zbekistonning hamkorligi davom etishini ta'kidlagani ham ma'lum bo'lgandi.

Ommaviy-axborot vositalari esa, bunga javoban Shavkat Mirziyoyevning "...biz siz va Islom Karimov uzoq yillar davomida bunyod etib kelgan ko'prikni rivojlantirishda davom etamiz", - deb aytgan so'zlaridan ham iqtibos keltirishgandi.

Tabrik

Voqealarning xuddi shu kabi rivoji manzarasida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Shavkat Mirziyoyevni O'zbekiston prezidenti saylovidagi g'alabasi bilan tabriklagan ilk xorijiy davlat rahbari bo'lgan.

O'zining telefon muloqoti chog'ida Mirziyoyevni Rossiyaga taklif qilgan va uning bu "taklifi mamnuniyat bilan qabul qilingan".

O'z o'rnida, Rossiya prezidentining yolg'iz telefon muloqoti bilan cheklanmay, Shavkat Mirziyoyevga tabrik telegrammasi yo'llagani ham ma'lum bo'lgan.

Bu ikki davlat rahbarining "...ikki tomonlama aloqalarga doir barcha sohalarda hamda dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar bo'yicha ishonchli, ochiq va konstruktiv davlatlararo muloqotni izchil davom ettirish va jadal rivojlantirishga qat'iy tayyor ekanliklari" ham ma'lum bo'lgandi.

Kuni-kecha esa, "Izvestiya" nashri O'zbekiston yangi saylangan prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ilk davlat safari aynan Rossiyaga bo'lishi haqida yozdi, buni "O'zbekiston hukumatidagi yuqori lavozimli manba" tasdiqlaganini ham bildirdi.

Ammo bu xususda, hozircha, O'zbekistondan biror bir rasmiy ma'lumot imkonli emas.

Rossiya esa, Vladimir Putinning navbatdagi boshqaruvi davrida sobiq Sho'ro davlatlarini yana qayta "o'z ta'sir doirasiga olish", shu jumladan, mintaqadagi geo-siyosiy qiziqishlarini jiddiy nazarda tutgan holda, Markaziy Osiyoda ham o'z "manfaatlarini parvarishlash" harakatiga tushib qolgan.

Rossiyaning mintaqadagi asosiy geo-siyosiy raqibi bo'lgan Amerika Qo'shma Shtatlarining halicha rasman qasamyodga keltirilmagan respublikachi prezidenti Donald Tramp esa, aftidan, Toshkentga o'z tabriklarini yo'llashga shoshilmayotgan ko'rinadi.

Ammo Donald Tramp o'zining saylovoldi kampaniyasi chog'ida O'zbekistonni nazardan qochirmagan, "o'zbekistonliklarni ham Amerikaga kiritmaslik"ka chaqirgandi.

Trampning O'zbekistonni ehtimoliy terrorchilar etishtirib berayotgan davlatlar safiga qo'shishi ijtimoiy tarmoqlarda o'zbekistonliklarning g'azabnok munosabatlariga sabab bo'lgan.

Ammo bu - respublikachi nomzodning Amerika yangi prezidenti etib saylanmasidan avval, saylovoldi targ'ibot amaliyotlari chog'ida yangragan so'zlari edi.

Donald Tramp shu yilning 8 noyabr kuni bo'lib o'tgan AQSh prezident saylovida demokratchi raqibi Hillari Klintonni ortda qoldirib, g'olib chiqqan.

O'sha paytda O'zbekiston muvaqqat prezidenti bo'lgan Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev oradan ikki kun o'tib, 10 noyabr kuni Donald Trampni saylovdagi g'alabasi bilan qutlagan.

O'zbekistonning AQSh bilan strategik sherikchilik munosabatlari barqaror rivojlanayotganini ta'kidlagandi.

Eski-yangi tashqi siyosat

Agar, Shavkat Mirziyoyevning Toshkentda qilgan 8 sentyabr kungi chiqishiga tayanilsa, "O'zbekiston tashqi siyosatda bundan buyog'iga ham Karimov kontseptsiyasiga sodiq qoladi", "qo'shilmaslik siyosatini davom etdiradi".

O'zbekiston tashqi siyosatining eng ustivor yo'nalishlaridan biri esa, o'zaro milliy manfaatlari bog'liq bo'lgan Markaziy Osiyo mintaqasi bo'lib qolaveradi.

Ammo, qolgan MDH davlatlari nazarda tutilganda, Shavkat Mirziyoyev birinchi navbatda Rossiya bilan har ikki mamlakat manfaatlariga javob beruvchi, mintaqa xavfsizligiga xizmat qiluvchi ikki tomonlama shartnoma va kelishuvlar asosida o'zaro aloqalarini taraqqiy toptirish va mustahkamlash tashqi siyosatlarining muhim qirrasi bo'lishini ham ta'kidlagan.

Lekin, xuddi shu manzarada, AQSh bilan har tomonlama manfaatli va konstruktiv hamkorlik masalasi ham O'zbekistonning tashqi siyosatida muhim ahamiyat kasb etib qolaverishini bayon qilgandi.

O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning Gamburgda aytishicha, "O'zbekiston tashqi siyosatining asosiy yo'nalishi bu - qo'shni Afg'onistondagi mavjud mojarolar sharoitida Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni saqlab qolish, mintaqani izchillik bilan rivojlanayotgan hududga aylantirish bo'ladi".

Xabarlarga ko'ra, Gamburgdagi uchrashuvda O'zbekistondan tashqari, Qozog'iston, Tojikiston tashqi ishlar vazirlari, AQSh Davlat kotibi Jon Kerri hamda Ovro'poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining vakillari ishtirok etishgan.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring