Korruptsion imidjga ega amaldorlar qaytayaptimi?

Kozim To'laganov Image copyright dunyouzbeklari
Image caption Kozim To'laganov sudga tortilishidan avval uzoq yillar Toshkent hokimi bo'lgan

Islom Karimov prezidentligi davrida Toshkent shahri va viloyati hokimi lavozimlarida ishlagan Kozim To'laganov yana hukumat lavozimiga qaytdi. Bu haqida qator saytlar, xususan, O'zbekistonda nashr etiluvchi kun.uz sayti xabar tarqatdi.

To'laganov mamlakatning yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Davlat arxitektura va qurilish qo'mitasining Loyihalashtirish va qurilish-montaj ishlari sifatiga rioya etilishi ustidan Davlat nazorati bosh boshqarmasi boshlig'i etib tayinlangan.

U 2006 yilda Toshkent shahar sudi tomonidan iqtisodiy jinoyatlarda aybdor deb topilib, 1 yillik sinov muddati bilan 20 yillik shartli qamoq jazosiga hukm etilgandi. Sud unga, shuningdek, 1,3 million dollar miqdoridagi pulni davlatga qaytarish majburiyatini yuklagan.

Kozim To'laganov marhum prezident davrida ishdan "chetlatilgan", ammo Mirziyoyev tomonidan reabilitatsiya qilinayotgan yagona yuqori davlat mulozimi bo'lmasligi mumkin.

Prezidentlik saylovlaridan oldin Mirziyoyevning Toshkent shahar saylovchilari bilan o'tgan uchrashuvida To'laganov bilan birga Ismoil Jo'rabekov ham ko'ringan.

Prezident Karimovning davlat maslahatchisi va bosh vazirning 1-o'rinbosari lavozimlarida ishlagan Jo'rabekovga qarshi 2003 yilda katta miqdordagi davlat mulkini talon-taroj qilish aybi bilan tergov ochilgandi.

Qonun nima deydi?

BBC bilan suhbatda toshkentlik huquqshunos Ruhiddin Komilovning aytishicha, jinoiy javobgarlikka tortilgan va jazoni o'tagan amaldorlarning yana davlat lavozimiga qaytishi yoki qaytmasligi borasida O'zbekiston qonunchiligida hech nima aytilmagan.

BBC bilan suhbatda taniqli toshkentlik jurnalist Sergey Ejkov ham buni tasdiqladi.

Uning aytishicha, amaldorning yana davlat mansabiga qaytish yo qaytmasligini sud hal qiladi. "Hakam o'z hukmida uning, masalan, kelgusi uch yil ichida davlat lavozimida ishlashga huquqi yo'qligini e'lon qilishi mumkin", - deydi Ejkov.

To'laganov masalasida esa, Ejkovga ko'ra, Oliy Sud tomonidan uni oqlash borasida hukm chiqarilgan bo'lishi mumkin, ammo bu ochiqlanmaydi.

Uning aytishicha, Jo'rabekovdan ham jinoiy javobgarlik sud hukmi bilan yechilgan, ammo uning Mirziyoyev bilan uchrashuvlarda paydo bo'lishi uning davlat mansabiga qaytayotganini anglatmaydi. "Ismoil Hakimovich har qalay 80 yoshga yetib qoldi", - deydi Ejkov.

Klanlar qo'llab-quvvatlovi

Londonlik siyosiy tahlilchi Alisher Ilhomovning aytishicha, Prezident Mirziyoyev hukmdor elitaning qismi bo'lgan arboblarni oqlash bilan ommaviy qo'llab-quvvatlovga erishishga urinyapti.

"Islom Karimov ham shunga o'xshash ishni qilgandi. Uning qo'li ostida "O'zbeklar ishi"da aybdor deb topilgan ko'p arboblarning oqlanishi avvaliga siyosiy qaror, so'ngra sudlar orqali amalga oshirilgan. Sharof Rashidov reabilitatsiyasi ham Karimov tomonidan amalga oshdi. Bu bilan u ta'siri katta doiralar oldida o'z legitimligini mustahkamlashni istagandi. Mirziyoyev ham hukmdor elitaning ahamiyatli shaxslarini oqlash bilan prezidentlikning ilk kunlarida o'z mavqeini mustahkamlab olayapti. U bunga muhtoj", - deydi Ilhomov.

Uning aytishicha, O'zbekistondagi boshqaruv shakli patronaj tizimiga asoslanadi, u ham bo'lsa, bir xo'jayin sudga tortilsa yoki ishdan olinsa, uning qo'li ostida bo'lgan amaldorlar ham bosimga uchraydi va quviladi. Bu xo'jayinni oqlash bilan Mirziyoyev uning qo'li ostidagilarning ham katta qo'llab-quvvatloviga ega bo'ladi.

Ammo, yangi prezident oldida mamlakatda iqtisodiy islohotlar o'tkazish va uni jahon andozalariga moslashtirish talabi turgan vaqtda nega yosh iqtidorlar emas, korruptsion imidjga ega shaxslar davlat mansablariga qaytarilyapti?

"Bir tomondan, bunday islohotlarni amalga oshirish uchun yaxshi tayyorlangan va islohotparvar yoshlar kerak. G'arb universitetlarini bitirgan va davlat tizimida o'rta lavozimlarda anchagina ishlab qo'ygan shaxslar bor. Lekin, boshqa tomondan, Mirziyoyev o'z ta'sir bazasini mustahkamlashga intiladi. U aslida yuqori lavozimga kelganiga ko'p bo'lmagan va u o'zidan avval boshqa ahamiyatli odamlar bo'lganini biladi. U go'yoki adolatni tiklayotgan bo'lib ko'rinish bilan birga ana shu ahamiyatli arboblarning qo'llab-quvvatlovini qo'lga kirityapti. Bu Mirziyoyevning bizning ko'zimizga ko'rinmayotgan raqiblari bilan kurashida juda asqotadi", - deydi Ilhomov.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring