Turkiya 38 qurbon uchun motamda

Image copyright Reuters
Image caption Hujumchilar politsiyani nishonga olishgan

Istanbul markazida shanba oqshomi amalga oshirilgan ikki hujum politsiya zobitlarini nishonga olgan.

Avvaliga, portlovchi moddalar to'ldirilgan avtoulovni boshqarayotgan hujumchi uni politsiya ketayotgan avtomashinaga keltirib urgan.

Ko'p o'tmay, yaqindagi boshqa joyda xudkush hujumchi o'zini portlatib yuborgan.

Qurbonlar soni 38 nafar. Halok bo'lganlarning 30 nafari politsiya zobitlari, deyilmoqda.

Yaradorlar soni esa 150 nafardan ko'proq. Jarohat olganlardan 14 kishining ahvoli og'ir.

Hujumlar "Beshiktosh" stadionidagi o'yindan keyin ikki soat o'tar-o'tmay uyushtirilgan.

Hozirgacha 10 kishi hibsga olingani bildirilayotir.

Rasmiylarning aytishicha, ilk taxminlar kurd jangarilariga ishora beradi. Ular ilgari ham turk politsiyasiga hujum qilgani ma'lum.

Oldinroq hukumat vakillari barcha izlar PKK yoki Kurdiston Ishchi Partiyasi tarafga boshlaganini aytishgandi.

Hujumlar ortidan odamlar olib, Instagramga qo'ygan suratlarda atrofga sochilib ketgan kaskalar, majaqlangan avtomashinalarni ko'rish mumkin.

Ammo joriy yil davomida ham PKK (Kurdiston Ishchi Partiyasi), ham IShID jangarilari Turkiya tuprog'ida bir necha marotaba qaqshatqich hujumlarni amalga oshirganlar.

Prezident Erdo'g'anga ko'ra, hujumchilar iloji boricha ko'proq insonni o'ldirishga harakat qilishgan.

Bu mavzuda batafsilroq