Oksana Chusovitina "Ginnes rekordlari kitobida"

Oksana Chusovitina Image copyright AFP

Bu haqda o'zbekistonlik sport gimnastikasi afsonasi o'zining Instagram dagi shaxsiy akkauntida ma'lum qilgan.

11 dekabr sanasi bilan qoldirilgan xabarda, "Men endi rasman Ginnes rekordlari kitobidaman", - deb yozgan Oksana Chusovitina.

Nomdor gimnastikachi o'zining bu izohiga sobiq jamoadoshi Svetlana Boginskaya bilan birga qo'lida Ginnes qo'mitasining rasmiy sertifikatini ushlab turgan holda aks etgan fotosuratini ilova qilgan.

Image copyright Instagram

O'z navbatida, sport gimnastikasi bo'yicha sobiq Sho'rolar Ittifoqi terma jamoasi a'zosi, dongdor gimnastikachi Svetlana Boginskaya ham ayni shu mazmundagi xabarni o'zining Instagram dagi sahifasida boshqalar bilan bo'lishgan.

Shaxsiy akkauntida o'zlariga qo'shimcha sobiq murabbbiylari Aleksandr Aleksandrov ham aks etgan boshqa bir fotosuratni chop etgan.

Svetlana Boginskaya o'zining bu aksiga, "Yetti Olimpiada O'yinlaridagi ishtiroki uchun Ginnes rekordlari kitobiga tanlangani to'g'risidagi sertifikatning jahon va Olimpiya chempioni Oksana Chusovitinaga topshirilganiga oid xabarni bo'lishish yoqimli bo'lgan odamlar davrasida", - deya izoh qoldirgan.

BBC O'zbek Xizmatining so'nggi yangilik yuzasidan Oksana Chusovitinaning shaxsan o'zi bilan bog'lanish urinishlari hozircha samara bergani yo'q.

O'zbekiston Gimnastika Federatsiyasi Bosh kotibi va Milliy Olimpiya qo'mitasi matbuot voizi esa, biz bilan suhbatda ayni xabardan ogoh ekanliklari, ammo Oksana Chusovitinaning Toshkentga tashrifi ortidan, uning o'zi bilan shaxsan suhbatlashgach, bu haqda rasman xabar berish rejasida ekanliklarini bildirishdi.

Har ikki tashkilot vakilining ham so'zlaridan ma'lum bo'lishicha, sport gimnastikasi afsonasi bugun mahalliy vaqt bilan kechga yaqin O'zbekistonga yetib keladi.

Image copyright AP

Agar, o'zining xabariga tayanilsa, Oksana Chusovitina Ginnes rekordlari kitobiga kirolgan birinchi o'zbekistonlik sport gimnastikachisi bo'ladi.

Joriy yilda Braziliyaning Riosida bo'lib o'tgani o'zbekistonlik bu nomdor gimnastikachi o'z karerasi davomida ketma-ket ettinchi bor ishtirok etgan Yozgi Olimpiada O'yinlari bo'lgandi.

2012 yilgi London Olimpiadasi ortidan, Oksana Chusovitina BBC O'zbek Xizmati bilan suhbatida katta sportni tark etishini ma'lum qilgan, ammo orada kechgan vaqt davomida uning bu niyatidan qaytgani ma'lum bo'lgandi.

Hali dunyoda biror bir sport gimnastikachisi xalqaro bellashuvlarda bu qadar uzoq ishtirok etmagan va bu yoshda jahon miqyosidagi musobaqalarda g'oliblik uchun kurash olib bormagan.

Hozir 41 yoshda bo'lgan Oksana Chusovitina jahon sport gimnastikasi tarixida bu kabi natija qayd etolgan yagona ayol sportchi bo'ladi.

Porloq karera

Oksana Chusovitina ilk bor Olimpiada O'yinlarida 1992 yilda, bugungi raqiblari, hatto, hali dunyoga kelmagan paytlarida qatnashgan.

Oksana Chusovitina, shu jumladan, ona bo'lishi ortidan, katta sportga qaytgan jahondagi sanoqli gimnastikachilardan ham biri bo'ladi.

U sport gimnastikasidagi porloq faoliyatini hali 90-yillar boshlarida, sobiq SSSR terma jamoasi saflarida boshlagan.

Keyin O'zbekiston, 2006 yildan boshlab esa, oilaviy sharoitlari tufayli, Olmoniya terma jamoasini namoyon etib kelgan.

2013 yil boshida esa, Xalqaro Gimnastika Federatsiyasi Ijroiy Qo'mitasi Oksana Chusovitinaning qaytib O'zbekistonni namoyon etishiga izn bergandi.

O'zbekistonlik betakror bu gimnastikachi sport gimnastikasi bo'yicha jahon chempionati, Kubogi, Ovro'po birinchiligi, Yozgi Olimpiada, Osiyo O'yinlari chempioni, qator nufuzli musobaqalar sovrindori bo'ladi.

Gimnastika tarixida esa, hali bunaqa sportchi bo'lmagani aytiladi.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring