"Korruptsiyada ayblangan" Aripov - bosh vazirlikka nomzod

Abdulla Aripov Image copyright kun.uz
Image caption Abdulla Aripov

Dushanba kuni bo'lib o'tgan O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashining navbatdagi majlisida hozirda O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o'rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Abdulla Nigmatovich Aripov nomzodini Bosh vazir lavozimiga taqdim etish to'g'risida qaror qabul qilindi.

Bu haqida O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasi websaytida xabar chop etildi.

"Ta'kidlanganidek Abdulla Nigmatovich Aripov mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning muvaffaqiyati uchun mas'uliyatni to'la zimmasiga olishga qodir, tashabbuskor va talabchan, yangilikka intiluvchan, jonkuyar va vatanparvar, quyidan yuqorigacha bo'lgan barcha bo'g'inlardagi ijro organlarini boshqarishda yetarli tajriba va salohiyatga ega bo'lgan fidoyi insondir", - deyiladi partiya bayonotida.

Shavkat Mirziyoyev Abdulla Aripovni o'tgan sentyabr oyida hukumatga qaytargan va O'zbekiston bosh vazirining o'rinbosari, Yoshlar siyosati, madaniyat, axborot tizimlari va telekommunikatsiyalari masalalari kompleksi rahbari lavozimiga tayinlagandi.

Jinoiy ish

Aripov o'tmishda axborot tizimlari va telekommunikatsiya masalalari kompleksini, hamda 2009 yilgacha O'zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligini boshqargan, ammo Gulnora Karimova va MTSga bog'liq korruptsion tergovlar tufayli ishdan chetlatilgandi.

O'zbekistonda chop etiluvchi Uzmetronom sayti va qator xabar agentliklari to'rt yil avval Aripov axborot tizimlari va telekommunikatsiya masalalari kompleksi rahbari lavozimidan chetlatilgani va unga nisbatan 2012 yil senyabrida jinoiy ish qo'zg'atilganini yozgandi.

Aripovga "Uzdunrobita" ("MTS-Uzbekistan" brendi) kompaniyasiga qo'shimcha retranslyatorlar o'rnatish uchun noqonuniy ruxsatnomalarni berish aybi qo'yilgandi.

2012 yil iyunida "Uzdunrobita" 250dan oshiq baza stantsiyalarini noqonuniy ravishda ishlatish, moliyaviy zaxiralarni noto'g'ri maqsadlarda ishlatish, mol-mulkni talon-taroj qilish, pulni naqdlashtirish yo'lida noqonuniy sxemalardan foydalanish va soliqdan bo'yin tovlash, hamda hududiy filiallarini litsenziyasiz yuritishda ayblangandi.

Ayni yilning sentyabrida Toshkentda "Uzdunrobita"ning to'rt nafar yuqori darajali menejerlari qamoq jazolariga hukm etilgandilar, Rossiya MTS kompaniyasining O'zbekistondagi sho''basi esa O'zbekiston hisobiga musodara etilgandi.

Londonlik siyosiy tahlilchi Alisher Ilhomovning aytishicha, Aripovning siyosatga qaytishi ham korruptsion imijdga ega bo'lgan amaldorlarning qayta tiklanishi doirasida yuz bermoqda.

"Aripov, albatta, radio chastotalarni ajratish, telekommunikatsiya sektorida biznes yuritish uchun kerak bo'lgan litsenziyalarni berish bo'yicha hujjatlarga imzo chekkan. Buning hammasi nima bilan yakun topganini bilamiz. Prezidentning oilasidagi taniqli shaxs boshqargan ofshor hisob raqamlariga poralar to'langan, bu pullar hozirda pul yuvish va korruptsiya shubhalari bilan ochilgan ishlar tufayli muzlatib qo'yilgan. Balki Abdulla Aripov shaxsan bu korruptsion sxemalarga aloqasi bo'lmagandir, lekin u ularda ishtirok etgan - u o'z imzosini chekkan. Bu hujjatlarga imzo chekish qonunga xilof ravishda yuz bergan. Qanday qilib biznes o'tmishi bo'lmagan va shtatsiz kompaniyalarga u litsenziya bergan? Bu kompaniyalar keyin u litsenziyalarni haqiqiy mobil operatorlariga sotgan - bu ham qonunga xilof. Mana shu kishi endi qayta tiklanyapti", - deydi tahlilchi.

Uzmetronom nashri, o'z manbalariga asoslanib, Abdulla Aripovni Skandinaviyaning TeliaSonera kompaniyasi O'zbekistonga kirishi bilan bog'liq korruptsiya mojarosiga ham aloqador, deb yozgandi.

Aripovga qarshi 2012 yilda ochilgan jinoiy tergov qanday yakun topgani noma'lum. Uzmetronom 2013 yilda jinoiy ish yopilganini xabar qilgandi.

Abdulla Aripov kim?

Abdulla Aripov 1961 yil Toshkent shahrida tug'ilgan. 1983 yili Toshkent elektrotexnika aloqa instituti (hozirgi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti)ni tamomlagan. Iqtisodiyot magistri. Oilali, besh nafar qizi bor.

1983-1992 yillarda Toshkent telefon-telegraf stantsiyasida 1-toifali muhandis-elektronchi bo'lib ishlagan. 1992-1993 yillarda Aloqa vazirligida bosh mutaxassis, 1993-1995 yillarda "O'zimpeksaloqa" xalqaro savdo shirkatida direktor o'rinbosari lavozimida ishlagan.

1995 yili ma'lum muddat Aloqa vazirligining qurilish va ta'minot bo'limiga, 1995-1996 yillarda esa "TashAfinalAL" qo'shma korxonasi, Aloqa vazirligining xususiylashtirish va raqobatni rivojlantirish bo'limiga rahbarlik qilgan.

1997 yili O'zbekiston pochta va telekommunikatsiyalar agentligining bozorni shakllantirish va qimmatli qog'ozlar bo'limi boshlig'i, 1997-2000 yillarda Pochta va telekommunikatsiyalarni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash jamg'armasi direktori lavozimida ishlagan.

2000 yili O'zbekiston pochta va telekommunikatsiyalar agentligi bosh direktori birinchi o'rinbosari, 2001 yili esa shu tashkilot rahbari etib tayinlangan (bir yildan so'ng tashkilot nomi O'zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi deb qayta nomlangan).

Shavkat Mirziyoyev hukumat rahbariga aylanishidan bir yil avval - 2002 yili bosh vazir O'tkir Sultonovning o'rinbosari etib tayinlangan va Aloqa va axborot-texnologiyalari masalalari kompleksiga mas'ul bo'lgan. Ayni vaqtda, agentlikka rahbarlik qilishda davom etgan.

2009 yili Abdulla Aripov mas'ul bo'lgan hukumat kompleksiga ijtimoiy soha, fan, ta'lim, sog'liqni saqlash, madaniyat masalalari ham qo'shib berilgan, shuningdek, u MDH bo'yicha hamkorlar bilan muloqotga ham javobgar bo'lgan.

2012 yil yozida O'zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligidan iste'foga chiqarilgan, keyinroq bosh vazir o'rinbosari lavozimidan ham ozod etilgan.

U "MTS-O'zbekiston" shirkati ehtiyojlari uchun qo'shimcha retranslyatorlarni o'rnatishga noqonuniy ruxsat berganlikda ayblangan. Shuningdek, nashr o'z manbalariga asoslanib, Abdulla Aripovni Skandinaviyaning TeliaSonera kompaniyasi O'zbekistonga kirishi bilan bog'liq korruptsiya mojarosiga ham aloqador, deb yozgan.

Virtual qabulxona tashabbuskori

Toshkentdagi BBC manbasiga ko'ra, Abdulla Aripov korruptsiyaga bog'liq ishlarga aloqador deb ko'rilsa-da, yuqori doiralarda "o'z sohasining bilimdoni, haqiqiy professional" sifatida baholanadi.

Manbaning bildirishicha, 24 sentyabr kuni ish boshlagan Shavkat Mirziyoyevning virtual qabulxonasini tashkil etish tashabbusi ham aynan Abdulla Aripovdan chiqqan.

Kuzatuvchilar Abdulla Aripov boshliq hukumat mamlakatning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan qamrab olinishi, texnikaviy taraqqiy etishiga umid bor, deydi.

Rasmiylashtirish

13 dekabr kuni Oliy Majlis Senatining sakkizinchi yalpi majlisi chaqirilishi kutilmoqda. Rasman bu majlisda kelasi yilgi davlat byudjeti va "Korruptsiya to'g'risida"gi qonun loyihalari, shuningdek, "Senat vakolatlariga taalluqli bo'lgan boshqa masalalar ham muhokama etilishi" e'lon qilingan.

Senat majlisida muhokama etilishi mumkin bo'lgan "boshqa masalalar"dan biri aynan bosh vazir nomzodi bo'lishi taxmin qilinmoqda.

Toshkentdagi manbalarning ma'lum qilinishcha, 14 dekabrga rejalashtirilgan Shavkat Mirziyoyev inauguratsiyasi ortidan janob Aripov ham bosh vazir lavozimiga tasdiqlanadi.

Abdulla Aripov 13 sentyabr kuni muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoyevning farmoniga ko'ra, O'zbekiston bosh vazirining o'rinbosari va Yoshlar siyosati, madaniyat, axborot tizimlari va telekommunikatsiyalari masalalari kompleksi rahbari lavozimiga tayinlangan edi.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring