Bosh Vazirning charm shimi janjal markazida

Tereza Mey maqola uchun o'z uyida tushgan surat Image copyright Sunday Times/News Syndication
Image caption Tereza Mey maqola uchun o'z uyida tushgan surat

Siyosiy partiyalar ichidagi janjallar haqida gazetalarda tez-tez sarlavhalar paydo bo'ladi, ammo bu galgi janjalga charm shim sabab bo'ldi.

Ikki hafta avval Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey Sunday Times gazetasi muxbiriga o'z uyida o'tirib intervyu bergan, va unga o'z bolaligi, hamda Breksit uni tunda uyg'oq tutishi haqida so'zlagan.

Ammo, shov-shuvga sabab bo'lgani Tereza Meyning so'zlari emas, balki u suratga tushish uchun tanlagan charm shimi bo'ldi. Aytilishcha, bu shimning narxi 995 funt sterling (1260 dollar).

Tereza Mey hukumatining yuqori darajali a'zosi - Ta'lim vaziri Niki Morganga bosh vazirning bu kabi qimmatbaho ustboshda chiqishi aftidan yoqmagan.

"Mening charm shimim yo'q. Men, to'y ko'ylagimni hisobga olmaganda, hech nimaga buncha ko'p pul sarflamaganman", - deb aytgan Niki Morgan Times gazetasiga. U, shuningdek, shimni Konservatorlar partiyasi a'zolari ko'rishgani va o'zaro muhokama qilishganini qo'shib qo'ygan.

"Men uchun bir chegara bor: bir narsani kiyishimdan avval "Buni Lavboro bozorida qanday izohlayman?" - deb o'ylab ko'raman degan Lavboro shahri deputati Niki Morgan.

Bu bayonotlari ortidan ta'lim vaziri o'z partiyadoshlari tanqidiga uchradi.

Image copyright PA
Image caption Ta'lim vaziri Niki Morgan bosh vazirni tanqid qildi

"Niki Morgan ayollarni erga uryapti, chunki u Devid Kameronni o'ta qimmatbaho kostyumlari uchun hech tanqid qilmagandi", - dedi Konservatorlar a'zosi Nadin Dorris.

Tanqidlar u yoqda tursin, ta'lim vaziri Niki Morganni hatto Dauning Stritdagi Breksit majlislariga taklif qilmay qo'yishdi.

Bosh vazir ma'muriyatining boshlig'i Fiona Hillning majlisga kelgan boshqa sobiq vazirga yozgan SMSi gazetalarga sirqib chiqib, Konservatorlar ichidagi janjalning yana bir isboti bo'ldi.

SMSda Fiona Hill sobiq vazir Alisteyr Byortga "Anovi ayolni Dauning Stritga boshqa olib kelmagin", deb yozgan.

Buni bilib qolgan Niki Morgan esa unga javoban SMS yozib "Agar gapirgan yo qilgan qandaydir ishim yoqmasa, iltimos, yuzimga ayting. Hech qanday erkak meni hech qaerga olib kelmaydi", deya o'zini himoya qilgan.

Bosh vazir va Niki Morgan o'rtasida adovat yangi narsa emasligi ham aniq bo'ldi.

Sirqib chiqqan maktublarga ko'ra, Morgan bosh vazirning maktablardagi noqonuniy migrantlar bolalari masalasini kun tartibidan olib tashlashiga qarshi chiqqan.

Morgan bosh vazirlikka nomzodlar ilgari surilganda Meyni emas, balki uning raqibi Maykl Govni qo'llab-quvvatlagandi.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring