Mirziyoyevning hokimiyat vertikalida Rustam Azimovga o'rin bormi?

Azimov Image copyright Tojikiston Prezidenti Matbuot Xizmati

O'zbekistonda hokimiyat uchun yashirin kurashlarning parda orqasidagi yuzlaridan bo'lgan Bosh vazir o'rinbosari Rustam Azimovning siyosiy hayoti jiddiy burilish nuqtasida turgan ko'rinadi.

Ko'pchilik kutganining aksiga, iqtidordagi O'zbekiston Liberal-Demokratlar partiyasi dushanba kuni Shavkat Mirziyoyevdan bo'shagan Bosh vazirlik lavozimiga 11 yil davomida uning birinchi o'rinbosari bo'lib ishlab kelgan Azimovni emas, balki yaqinda hukumatga qaytarilgan vitse-prem'er - Abdulla Aripov nomzodini ko'rsatdi.

Garchi Aripov hali Bosh vazir lavozimiga tasdiqlanmagan bo'lsa-da, Bosh vazirni tayinlashning mamlakat Konstitutsiyasida nazarda tutilgan protsedurasining o'ziyoq boshqa har qanday ehtimolni istisno qiladi.

Shunday qilib, yillar davomida marhum Islom Karimovning ehtimoliy siyosiy vorislaridan biri sifatida ko'rilgan 58 yoshli Rustam Azimov mamlakatdagi ikkinchi qudratli lavozimni egallamaydi.

BBC suhbatlashgan O'zbekiston ichkarisi va tashqarisidagi tahlilchilarning aksari Azimov Moliya vaziri va Bosh vazir o'rinbosari lavozimlarini saqlab qoladi, degan fikrda.

Ammo uning hokimiyatdagi yuqori lavozimni qancha muddat egallab turishi borasida fikrlar turlicha.

"Voris"

Shu yilning avgust oyi oxirida hali Islom Karimovning vafoti haqidagi xabarlar rasman tasdiqlanmasidan, Toshkentda Azimovning uy hibsiga olingani haqida xabarlar paydo bo'ldi.

Garchi bu xabarlar tasdiqlanmagan esa-da, bu O'zbekistonda yillardir davom etib kelgan hokimiyat uchun kurashlarning ochiqqa chiqa boshlagani va Karimovning nogahoniy siyosiy sahnadan ketishi beqarorliklarga olib keladi, degan xavotirlarning belgisi sifatida ko'rildi.

Ammo Senatning 8 sentyabr kuni o'tgan qo'shma majlisida bu xavotirlarni Rustam Azimovning shaxsan o'zi aritishga urindi.

"Shavkat Miromonovich, - dedi u o'z nutqida, - Yurtboshimizning siyosiy merosxo'ri, siyosiy farzandidir".

Azimov tilidan hozirga qadar o'zbek siyosiy lug'atida amalda hech qachon ishlatilmagan "siyosiy merosxo'r" iborasining qayta-qayta yangrashi hokimiyat tepasidagi elita Karimovning o'rnini kim egallashi borasida kelishuvga erishganining dalolati sifatida qabul qilindi.

Image copyright Courtesy
Image caption Azimovni yaqindan bilganlarga ko'ra, uning tayanchi Islom Karimov edi

Azimovga xayrxoh bo'lgan va Mirziyoyevning vaqtincha Prezident etib tayinlanishidan junbushga kelgan ijtimoiy tarmoqlar buni siyosiy kompromiss, o'z nomzodlari Bosh vazir bo'lishiga bir navi ishora, deb tushungandek edi.

Oradan ikki kun o'tib, ijtimoiy tarmoqlardagi bu umidvor qatlam, - ki, ular asosan yoshlar, - Mirziyoyevning Bosh vazir o'rinbosarlarini qayta tayinlovchi farmonidan Rustam Azimov mas'ul soha ilm-fan hisobiga kengaytirilgani haqidagi jumlani ilg'amay qolmadi.

Bu ham go'yoki Azimovning hukumat rahbari lavozimini egallashiga ishora edi.

Shavkat Mirziyoyev Prezident etib saylanishi ortidan o'zbek tilidagi internet nashrlarida boshlanib ketgan omma so'rovlarining hammasida Rustam Azimov nomzodi eng ko'p ovoz oldi.

Ammo...

"Tayanch ketdi..."

Aftidan, ushbu omma so'rovlarining natijasi Mirziyoyevni, uning o'tmishdagi siyosiy raqibi deb ishonilgan Azimov o'zi rejalayotgan yoki e'lon qilgan islohotlarni amalga oshirish uchun eng yaxshi nomzod ekaniga ishontira olmagan.

Yoki Karimovning chorak asrlik boshqaruvi davrida shaxsiy sadoqat tamoyiliga qurilgan kadrlar siyosatida yetishgan Mirziyoyevdagi savqi tabiiy bunga izn bermagan.

Va bu bilan Mirziyoyev qaysidir ma'noda Karimovning 1992 yil boshidagi tajribasini takrorlayotgan bo'lsa, ajab emas.

O'shanda yangi saylangan birinchi Prezident xalq orasida ancha mashhur va elita ichida ham sezilarli qo'llab-quvvatlovga ega bo'lgan, o'jar va mustaqil ko'ringan vitse-prezident Shukrullo Mirsaidovdan, garchi u o'z arizasi bilan ketgan bo'lsa ham, "qutulgandi".

Ammo Azimovdan farqli o'laroq, Mirsaidov o'zining siyosiy intilishlarini yashirmagan va Karimovga ochiq qarshi chiqqan, u tanlagan siyosiy kursni "nodemokratik" deya qoralagandi.

Mirsaidovning keyingi qadamlari, xususan, uning muxolifat saflariga qo'shilishi va Karimovdan norozi guruhlarni o'z atrofida jipslashtirish urinishlari Karimovning qo'rquvi bejiz bo'lmaganini ko'rsatdi.

Albatta, bularning birontasi Azimovda bo'y ko'rsatgani yo'q.

Ammo bu uning prezidentlik intilishlari bo'lmagani yoki hukumat rahbari lavozimiga da'vogar emasligini anglatmaydi.

Rustam Azimovga yaqin shaxslardan birining BBCga aytishicha, Azimovning tayanchi Islom Karimov bo'lgan.

"2005 yilda Azimovga qarshi prokuratura tekshiruvlar boshlagandi. O'shanda uni Karimov asrab qoldi", - deydi nomi oshkor etilishini istamagan Rustam Azimovning o'tmishdagi maslakdoshlaridan biri.

"Hozirda bu tayanch ketdi..."

Islohotchi?

Azimov g'arbda o'zbek hukumatining qabul qilish mumkin bo'lgan yuzi sifatida ko'rilgan va g'arblik hamkorlar hamda qarz beruvchilar bilan muzokaralarda bosh shaxs bo'lgan.

Hatto g'arb moliya institutlari O'zbekistonga qarzlarni "shaxsan Rustam Azimov kafolati ostida" berganini aytadiganlar ham bor.

Azimov haqida mamlakat ichkarisi va tashqarisida "islohotchi" degan tasavvur mavjud.

Ammo uni yaqindan bilgan shaxslardan birining aytishicha, "Azimov 1990-yillar boshida islohotchi bo'lgan bo'lishi mumkin".

Image copyright Facebook
Image caption 55 yoshli Abdulla Aripovning siyosiy intilishlari haqida hech narsa ma'lum emas

O'zbekiston hukumatining sobiq mulozimi Anvar Husainovga ko'ra, Rustam Azimov "juda murakkab shaxs".

"Bir tomondan, u Karimovning "chap qo'li", ishongan bankiri bo'lgani sababli mavjud tuzumni yangilashni talab qiluvchi moliya, soliq, bank-kredit tizimlarining konstruktori va boshqaruvchisi bo'lgan. Bu ishlarni qilishga majbur bo'lgani uni qisman oqlaydi. Ikkinchi tomondan, Azimov nodir aqlu zakovat, boshqaruvchilik qobiliyatiga ega shaxs, ko'zi to'q inson. Shu ma'noda, bunday inson yangi O'zbekiston rahbariyatida ham o'z o'rnini topib, foyda keltiruvchi top-menejer bo'lishi mumkin", - deydi Anvar Husainov.

Londondagi SOAS institutidan tahlilchi Alisher Ilhomovning aytishicha, Azimovning kelajagi hozirda qorong'u.

"Hukumat Mirziyoyevga o'xshagan eski boshqaruvchilar va texnokratlarga bo'linadi. Azimov, mening nazarimda texnokratlar toifasiga mansub. Ya'ni u jahon iqtisodiyoti qanday ishlashi haqida ma'lum tasavvurga ega. Ammo bu degani albatta islohotchi, degani emas. Lekin dunyoqarashi keng va u bilan gaplashsa bo'ladi", - deydi Alisher Ilhomov.

Kanadada yashayotgan jizzaxlik mustaqil jurnalist Ulug'bek Haydarovning fikricha, Mirziyoyev eski siyosiy raqibi Azimovni o'z hokimiyatiga xavf sifatida ko'rishi mumkin, ammo undan butunlay voz kecholmaydi.

"Mirziyoyev Rustam Azimovni boshqaruv bortidan tashqariga otib yuborolmaydi. Hozir bunday kadrlar Mirziyoyevga kerak. Azimovning Karimov paytidagi "faolligi"ga chek ko'yiladi va u endi xuddi Karimov paytidagi Mirziyoyevga o'xshab, matbuotda ko'rinmay qoladi, xolos", - deydi Ulug'bek Haydarov.

Mamlakatda uzoq kutilgan islohotlarni obro'li ziyolilar oilasidan chiqqan, ingliz tilida erkin so'zlaydigan Azimov nomi bilan bog'laydigan qatlam vakillarining O'zLiDEP qaroridan hafsalasi pir bo'lgani kuzatiladi.

Ular Mirziyoyev e'lon qilgan islohotlarning ham amalga oshishiga ishonmaydilar.

"Bosh Vazir kim bo'lishiga qarab, umid bor edi... endi yo'q. Reformalar bo'lmasa kerak... aslida reformalar rejasi ham yo'q edi. Hozirgi takliflar pala-partish va yagona kontseptsiyaga ega emas", - deb aytdi ulardan biri BBC bilan suhbatda.

Aftidan, moliya va sarmoyalar sohasiga mas'ul mulozim sifatida Azimov o'zining hukumatdagi o'rnini saqlab qoladi.

Chunki Mirziyoyev e'lon qilgan islohotlarni amalga oshirish uchun O'zbekistonning bu kreditlarga har doimgidan ko'ra ham ko'proq ehtiyoji bor.

Vertikal

Yana bir jihat-Bosh vazir hukumat rahbari hisoblansa ham, O'zbekistonda anchayin ramziy lavozim sifatida ko'riladi.

Marhum Karimov amalda hukumat rahbari (Vazirlar Mahkamasi Raisi) lavozimini ham egallab kelgani barobarida, hukumatda ta'sirga ega bo'lgan Ismoil Jo'rabekov kabi shaxslarni hech qachon Bosh vazir etib tayinlamagandi.

Ustiga, ularni bot-bot almashtirib turgan va tahlilchilarga ko'ra, shu yo'l bilan o'zining shaxsiy hokimiyatini ehtimoliy xavflardan ixotalab kelgan.

AQShda yashayotgan sobiq diplomat Toshpo'lat Yo'ldoshevning fikricha, Mirziyoyev o'z vaqtida salafi Islom Karimov yaratgan hokimiyat vertikalini saqlab qoladi.

"Rustam Azimov Bosh vazir etib tayinlanmasligi O'zbekistonda avtoritar tuzumning davomiyligini, G'arb davlatlari bilan aloqalar ko'lami torroq bo'lishi, Karimovning boshqaruv uslubi va tamoyili barhayotligini bildiradi. Abdulla Oripovning Bosh vazir bo'lishi, Mirziyoyev Karimov singari vertikalni faqat yangilab, davom etishini anglatadi", - deydi Toshpo'lat Yo'ldoshev.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring