Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kirishmoqda

Shavkat Mirziyoyev Image copyright prezident.uz

Yangi prezident qo'lini Qur'oni Karim va mamlakat Konstitutsiyasiga qo'yib rasman qasamyod qilarkan, "O'zbekiston xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishga, respublikaning Konstitutsiyasi va qonunlariga qat'iy rioya etishga" va'da berdi.

"Fuqarolarning huquqlari va erkinlariga kafolat berishga, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti zimmasiga yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajarishga" tantanali qasamyod qildi.

Image copyright prezident.uz

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish tantanali marosimiga bag'ishlangan Oliy Majlis palatalarining qo'shma majlisi bugun - 14 dekabr kuni ochilgan.

Shavkat Mirziyoyev bugungi marosim ortidan, mustaqil O'zbekiston tarixidagi ikkinchi prezidentga aylandi.

O'zbekistonda muddatidan ilgari prezident saylovi prezident Islom Karimovning kutilmagan vafoti sabab, mamlakat konstitutsiyasiga muvofiq, shu yilning 4 dekabr kuniga chaqirilgan.

O'zbekistonning chorak asrdan ko'proq vaqt davomida boshqarib kelayotgan prezident Islom Karimov 78 yoshda ekan, shu yilning 2 sentyabr kuni miyasiga qon quyilishi oqibatida hayotdan ko'z yumgandi.

4 dekabr kungi prezident saylovida esa, to'rt nomzod orasidan marhum Islom Karimov o'rniga vaqtinchalik prezident vazifasini bajarayotgan mamlakat Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev g'olib chiqqandi.

Rasmiy xabarlarda Shavkat Mirziyoyevning 88.61 foiz ovoz bilan O'zbekiston prezidenti etib saylangani aytilgan.

O'zbekiston Markaziy Saylov komissiyasi 9 dekabr kungi majlisida saylov natijalarini ko'rib chiqib, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga Shavkat Mirziyoyev saylangani to'g'risida rasman qaror ham qabul qilgandi.

Bu - 59 yoshli O'zbekiston Bosh vazirining o'z siyosiy karerasi davomida birinchi marta saylovlarda mamlakat prezidentligi uchun bellashishi edi.

Shavkat Mirziyoyev 2003 yildan buyon O'zbekiston Bosh vaziri vazifasini bajarib kelgan.

So'nggi prezident saylovidan o'n kuncha o'tib, Shavkat Mirziyoyevning kecha - seshanba kuni o'zining Bosh vazirlik maqomini topshirayotganiga oid xabarlar olingan.

Bu haqdagi qaror Senatning seshanba kuni ochilgan yalpi majlisida qabul qilingani aytilgan.

Ayni munosabat bilan hukumatning butun tarkibi iste'fo bergani ham ma'lum bo'lgandi.

Toshkentdagi marosim

Image copyright prezident.uz

Poytaxt Toshkentdan olingan xabarlarga ko'ra, chorshanba kungi tantanali marosimda O'zbekiston Respublikasi hukumati a'zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, Markaziy Saylov komissiyasi rahbariyati, mamlakatdagi xorijiy davlatlar elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari, milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishgan.

O'zbekiston Markaziy Saylov komissiyasi raisi zalda hozir bo'lganlar va saylovchilar nomidan Shavkat Mirziyoyevni mamlakat prezidenti etib saylangani bilan tabriklagan.

Unga O'zbekiston Respublikasi Prezidenti guvohnomasi va O'zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining shahodatnomasini topshirgan.

O'zbekiston poytaxtidan biroz avval olingan xabarlarda mamlakat yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tantanali nutq so'zlayotgani aytilgan.

Ammo O'zbekiston yangi prezidenti tantanali chiqishi tafsilotlari shu daqiqalarda imkonli emas.

Image copyright prezident.uz

Prezident saylovi

Shavkat Mirziyoyev g'olib chiqqan so'nggi prezident saylovini kuzatgan Ovro'poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti ovoz berish jarayonlarini "nodemokratik" deya tanqid qilgan.

Toshkentda o'tgan matbuot anjumanida OXHT ning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi missiyasi rahbari Piter Teylor saylovlarda raqobat bo'lmaganini ta'kidlagan.

"Saylov kunida jiddiy qonun buzilishlari, jumladan, saylov varaqalarini ovoz berish qutisiga noqonuniy tashlash hollari qayd etildi", deya Piter Teylorning so'zlaridan iqtibos keltirgandi "RIA-Novosti" agentligi.

OXHT bu yil o'z tarixida birinchi marta O'zbekistondagi saylovlarga to'laqonli kuzatuvchilar hay'atini yuborgandi.

Tashkilot bundan avvalgi saylovlarni ham nodemokratik va erkin emas, deb baholagan.

Yangi Bosh vazir

Image copyright kun.uz

14 dekabrda Senat yangi Bosh vazirni ham tasdiqlashi kutilmoqda.

Dushanba kuni parlamentning quyi palatasida eng ko'p o'ringa ega bo'lgan O'zbekiston Liberal-Demokratik partiyasi Bosh vazirlikka 55 yoshli Abdulla Aripov nomzodini ilgari surgan.

Abdulla Aripov Abdulla Aripov 2002 yildan 2012 yilga qadar Bosh vazir o'rinbosari lavozimida axborot va telekommunikatsiya tizimiga rahbarlik qilgan.

2012 yilda o'zbek telekom tizimidagi poraxo'rlik mojarosi sabab ishdan chetlatilgani aytiladi.

Shu yilning sentyabrida Shavkat Mirziyoyev vaqtincha Prezident etib saylanganidan keyingi ilk farmonlaridan biri Aripovni hukumatga qaytarish haqida bo'lgan.

O'tmishda Islom Karimovning ehtimoliy vorislaridan biri deb ishonilgan Rustam Azimov Bosh vazir lavozimiga asosiy nomzod sifatida ko'rilgandi.

Shavkat Mirziyoyevning nomzodi ham 4 dekabr kungi prezident sayloviga Tadbirkorlar va Ishbilarmonlar harakati - O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasi nomidan ko'rsatilgandi.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring