Abdulla Aripov Bosh vazir etib tasdiqlandi

Abdulla Aripov Image copyright FACEBOOK
Image caption Korruptsiya mojarosiga aralashgan Abdulla Aripov Karimov vafotidan keyin hukumatga qaytarilgandi

O'zbekiston Oliy Majlisi palatalarining qo'shma majlisida Bosh vazir o'rinbosari Abdulla Aripov hukumat rahbari etib tasdiqlangan.

55 yoshli Aripov nomzodi chorshanba kuni qasamyodga keltirilgan Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan taklif etilgan.

Parlamentning quyi palatasida eng ko'p o'ringa ega O'zbekiston Liberal-Demokratik partiyasi ham Aripov nomzodini ilgari surgandi.

Seshanba kuni Senat Mirziyoyevni Bosh vazir lavozimidan ozod qilgan, hukumatning butun tarkibi iste'foga chiqarilgan.

Mirziyoyev shu yilning 8 sentyabrida Senat tomonidan vaqtincha Prezident etib tayinlanganidan buyon ham Bosh vazir va ham muvaqqat Prezident vazifasini bajarib kelgan.

Mirziyoyev vaqtincha Prezident etib saylanganidan keyingi ilk farmonlaridan biri Aripovni hukumatga qaytarish haqida bo'lgan edi.

Abdulla Aripov haqida batafsilroq mana bu yerda o'qing.

O'zLiDEP Aripovni "islohotchi" deya taqdim etgan.

Dushanba kuni shuningdek, Facebook ijtimoiy tarmog'ida Abdulla Aripovning rasmiy sahifasi ish boshlagan.

Unda Aripov "O'zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.A.Karimov tomonidan bildirilgan ishonchni oqlashga bor kuch-g'ayratini safarbar etgani tufayli O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o'rinbosari lavozimida eng ko'p muddat ishlagan insonlardan biri" sifatida taqdim etiladi.

Abdulla Aripov 2002 yildan 2012 yilga qadar Bosh vazir o'rinbosari lavozimida axborot va telekommunikatsiya tizimiga rahbarlik qilgan.

2012 yilda o'zbek telekom tizimidagi poraxo'rlik mojarosi sabab ishdan chetlatilgani aytiladi.

O'tmishda Islom Karimovning ehtimoliy vorislaridan biri deb ishonilgan Rustam Azimov Bosh vazir lavozimiga asosiy nomzod sifatida ko'rilgandi.

Rustam Azimov haqida batafsilroq o'qish uchun mana bu linkka bosing.

Payshanba kuni Shavkat Mirziyoyev Prezident sifatida qasamyod qilgan.

4 dekabrdagi saylovlarda Mirziyoyev 88,6 foiz ovoz olgan edi.

Ovro'poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti saylovlarni "nodemokratik" deya tanqid qilgan.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring