Do'stum jinsiy zo'ravonlikda ayblanyapti

Ahmad Ishchi Image copyright Reuters
Image caption Ahmad Ishchi oyog'idagi jarohatlarni Do'stumning uyida olganini da'vo qildi

Yuqori darajali afg'on rasmiysining da'vo qilishicha, Vitse-prezident Abdulrashid Do'stumning buyrug'i asosida uni zo'ravonlik bilan o'g'irlashgan va jinsiy tahqirlashgan.

Ahmad Ishchi ismli da'vogar General Do'stum tug'ilgan viloyat Jovuzjonning sobiq hokimidir.

Uning aytishicha, General Do'stum va yana 10 kishi o'tgan oy besh kun davomida uni Do'stumning uyida majburan ushlab turishgan va tahqirlashgan.

General Do'stum ayblovlarni rad qildi va "provokatsiya" deb atadi.

Unga ko'ra, Ahmad Ishchini u emas, balki Afg'oniston xavfsizlik kuchlari ushlaganlar.

"Uni (Ishchini) muxolifatni moliyalagani va xavfsizlik masalalariga muntazam aralashgani uchun afg'on xavfsizlik kuchlari ushlaganlar", - deyiladi Do'stumning voizi chiqargan bayonotda.

Etnik o'zbek General Do'stum Afg'onistonning ko'p yillar davom etgan urushida eng yomon xunrezliklarda ayblangan sobiq dala qo'mondonidir.

U 2014 yilda Afg'onistonning milliy birlik hukumatiga qo'shilgan.

"Shimimni yechib oldilar"

Ahmad Ishchining aytishicha, uni 24 noyabrda o'g'irlaganlar. Biroq, bu da'voni mustaqil tarzda tasdiqlashning imkoni yo'q.

Unga ko'ra, uni General Do'stum va uning jamoasi o'rtasidagi ko'pkari o'yinidan keyin o'g'irlashgan.

"Do'stum meni yerga itarib yiqitdi, oyog'ini bo'ynimga bosdi. Keyin uyiga olib ketdi. Uyiga olib kelinganimda, u qo'riqchilariga meni mashinadan olib chiqishni aytib qichqirdi", - dedi u BBCning afg'on xizmatiga.

"U sakkizta qo'riqchisiga meni yechintirishni buyurdi. Ular hatto shimimni yechib oldilar".

Uning aytishicha, uni nihoyat afg'on xavfsizlik xizmati idorasiga ko'chirganlar va keyin ozod qilganlar.

Afg'on Prezidenti Ashraf G'anining idorasi mazkur ayblovlar sinchkovlik bilan tergov qilinishini va'da qildi.

Ovro'po Ittifoqi va AQSh ham ikki haftaga g'oyib bo'lib shanba kuni paydo bo'lgan sobiq hokimning go'yoki tahqirlanishi borasida tergov o'tkazilishiga chaqirdilar.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring