Nazarboev: "Hokimiyatni bo'lishish vaqti keldi"

Nazarboev Image copyright Reuters
Image caption Nazarboev prezidentlik boshqaruvini himoya qilgan

Nursulton Nazarboev Qozog'istonda hokimiyat vakolatlarini prezident, hukumat va parlament o'rtasida bo'lishish vaqti kelganini aytgan.

Bu haqda u mamlakat mustaqilligining 25 yilligiga bag'ishlangan tantanali marosim chog'ida gapirgan.

Ayni paytda Nazarboev Qozog'istonda prezidentlik boshqaruvi tizimi saqlanib qolishini ta'kidlagan.

"Maxsus komissiya bu masalani ko'rib chiqishi va qonunga, ehtimolki, Konstitutsiyaga ham o'zgartishlar kiritish borasida takliflarni berishi kerak", - deya Nazarboevdan iqtibos keltirgan Interfaks agentligi.

Qozog'iston rahbarining so'zlariga ko'ra, aynan "kuchli prezidentlik hokimiyati" yangi davlatni qurishdagi asosiy omil bo'lgan.

"Rivojlanishning yangi bosqichi parlament va hukumatning mas'uliyatini kuchaytirishni taqozo qilmoqda", - degan Prezident Nazarboev.

76 yoshli Nursulton Nazarboev sobiq sovet hududida eng ko'p hokimiyatda qolayotgan rahbar sanaladi.

U birinchi marta 1991 yilda prezident etib saylangan.

Vorislik masalasi

Nazarboevning so'nggi bayonoti Qozog'iston rahbari hokimiyatni topshirishga tayyorgarlik ko'rayotgani haqida navbatdagi farazlarga sabab bo'lgan.

O'tgan oy Bloomberg agentligiga bergan intervyusida u hokimiyatni farzandlariga topshirish niyati yo'qligini aytgandi.

"Men bolalarimning vorisligini ko'zlamayapman - o'ylaymanki, bu masala biz uchun emas. Hokimiyatni topshirish bizning konstitutsiyamizda yozib qo'yilgan", deb aytgan Prezident Nazarboev.

Muxbirlarning 2020 yildagi Qozog'istondagi prezidentlik saylovida qatnashish-qatnashmasligi haqidagi savoliga Nazarboev, bu o'zining salomatligi va jamoat qo'llab-quvvatloviga bog'liq ekanini aytgan.

"Men 2020 yilgacha ishlayman. Siz bilan 2020 yili uchrashamiz", - deb aytgan Qozog'iston Prezidenti.

Nazarboevning ehtimoliy vorisi sifatida ko'riladigan to'ng'ich qizi Darig'a Nazarboeva shu yil sentyabrida senator etib tayinlangan.

Qozog'iston Konstitutsiyasining 48-moddasiga binoan mamlakat Prezidenti o'z vazifalarini bajara olmay qolgani taqdirda uning vakolatlari Senat raisiga yuklanadi.

O'zbekistonda Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev vaqtincha prezident etib tayinlanganidan bir necha kun o'tib, Nazarboev o'z o'rniga da'vogarlardan biri sifatida ko'rib kelingan Bosh vazir Karim Masimovni lavozimidan bo'shatgan.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring