Mirziyoyev hukumatning yangi tarkibini tasdiqladi

Shavkat Mirziyoyev Image copyright courtesy

Payshanba kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Abdulla Aripov boshchiligidagi hukumatning yangi tarkibini tasdiqlagan.

Unda Rustam Azimov ham Moliya vaziri va ham Bosh vazirning birinchi o'rinbosari lavozimlaridan mahrum bo'lgan.

Uning o'rniga Botir Xo'jaev va Achilbay Ramatovlar tayinlangan.

Azimov Bosh vazirning o'rinbosarlaridan biri sifatida makroiqtisodiy rivojlantirish, tarkibiy o'zgartirishlar va xorijiy investitsiyalarni jalb etish kompleksiga javob beradi.

Image copyright courtesy
Image caption Rustam Azimov bundan buyon hukumatdagi ikkinchi odam emas

Vazirlar Mahkamasining yangi tarkibida Aripovdan keyingi eng yuqori o'rinni "O'zbekiston temir yo'llari" aktsiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Achilbay Ramatov egallagan.

U Bosh vazirning birinchi o'rinbosari sifatida "hududlarni kompleks rivojlantirish va kommunal soha, transport, kapital qurilish va kurilish industriyasi masalalari kompleksi"ga rahbarlik qiladi.

Moliya vaziri lavozimi esa Botir Xo'jaevga berilgan.

Samarqand viloyatining sobiq hokimi Zoyir Mirzaev Bosh vazir o'rinbosari - Qishloq va suv xo'jaligi vaziri - Qishloq va suv xo'jaligi, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda iste'mol tovarlari masalalari kompleksining rahbari etib tayinlangan.

Vazirlar Mahkamasining shaxsiy tarkibiga doir ma'lumotlar hozircha to'liq emas.

Hukumat portali "vazirliklar va davlat qo'mitalari rahbarlari bo'yicha ma'lumotlar yangilanayotgani" ni ma'lum qilgan.

Image copyright courtesy
Image caption Achilbay Ramatov - hukumatning yangi yuzlaridan biri

Chorshanba kuni Abdulla Aripovning Bosh vazir etib tayinlanishi ortidan Vazirlar Mahkamasi tarkibida jiddiy o'zgarishlar yuz bergani xabar qilinmoqda.

Rustam Azimov o'tmishda Islom Karimovning ehtimoliy vorislaridan biri sifatida ko'rilgandi.

Rustam Azimov haqida batafsilroq.

Ayni paytda O'zbekiston Markaziy Banki raisi Fayzulla Mullajonovning ham iste'foga chiqarilgani xabar qilingan.

Markaziy Bank rasmiy websahifasida Mullajonov nomi hanuz Boshqaruv raisi sifatida turibdi.

Fayzulla Mullajonov Markaziy Bankka 25 yil rahbarlik qilgan va O'zbekiston hukumatining eng uzoq vaqt lavozimda qolgan a'zolaridan biri sanaladi.

Image copyright courtesy
Image caption Prezident Mirziyoyev Aripovni "halol rahbar" deb ta'riflagan

14 dekabr kuni qasamyodga keltirilgan Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis palatalariga Abdulla Aripovni Bosh vazirlikka nomzod sifatida taklif etgan.

"Biz bu masala bo'yicha juda ko'p o'ylab, tegishli maslahatlar qildik. O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasi rahbariyati va faollari bilan ham atroflicha maslahatlashdik. O'tkazilgan muhokamalarda bildirilgan barcha fikr-mulohazalarni e'tiborga olgan holda, men ushbu lavozimga ham amaliy sohada, ham markaziy idoralarda ko'p yillik boshqaruv tajribasiga ega bo'lgan, 11 yil davomida Bosh vazirning o'rinbosari bo'lib ishlagan Abdulla Nig'matovich Aripov nomzodini tavsiya etaman", - deya Mirziyoyevning so'zlaridan iqtibos keltirgan O'zbekiston milliy axborot agentligi.

Prezident 55 yoshli Aripovni "halol, odamlarga doimo hurmat bilan qaraydigan, ularning dardiga darmon bo'lishga intiladigan" shaxs deya ta'riflagan.

Abdulla Aripov 2002 yildan 2012 yilga qadar Bosh vazir o'rinbosari lavozimida axborot va telekommunikatsiya tizimiga rahbarlik qilgan.

2012 yilda o'zbek telekom tizimidagi poraxo'rlik mojarosi sabab ishdan chetlatilgani aytiladi.

Bosh vazir o'rinbosari va Xotin-qizlar qo'mitasi raisi Elmira Bositxonova ayni lavozimdan olinib, Sog'liqni saqlash vazirining o'rinbosari etib tayinlangan.

O'tmishda "O'zbekiston Robinzon yashaydigan orol emas" degan bayonoti va ayollar uchun maxsus basseynlar tashkil qilish tashabbuslari bilan tanilgan Bositxonovaning o'rnini Tanzila Narbaeva egallagan.

Narbaeva O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashining sobiq raisi va pedagogika fanlari nomzodi ekani xabar qilinadi.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring