Oygul Bekjon: "Otamning jazo muddatini uzaytirishmoqchi"

Oygul Bekjon: "Otamning jazo muddatini uzaytirishmoqchi" Image copyright Human rights watch
Image caption Oygul Bekjon: "Otamning jazo muddatini uzaytirishmoqchi"

O'zbekistonda eng uzoq qamoqda qolayotgan jurnalist Muhammad Bekjonning jazo muddati yana uzaytirilishi mumkin.

BBC O'zbek xizmatiga 62 yashar jurnalistning qizi Oygul Bekjonning aytishicha, otasi yana jazo izolyatoriga tashlangan.

"Ular otamni yana ikki oydan keyin chiqarishlari kerak edi. Maqsad yana uning qamoq muddatini uzish...Biz bu xabarni eshitib dahshatga tushdik", deydi Oygul Bekjon.

Muhammad Bekjon Zarafjon turmasida saqlanmoqda.

13 dekabr kuni jurnalistning yaqinlari uni ziyorat qilish uchun borishgan, ammo qamoqxona nozirlari buning imkoni yo'qligini aytishgan.

Muhammad Bekjonning yaqinlari jurnalistning jazo izolyatorida ekanini aytishar ekan, bunga biror bir sabab ko'rsatishmagan.

AQSh qutlovi, xalqaro hamjamiyat xavotiri

2 oktyabrda O'zbekistondagi AQSh elchixonasining rasmiy Facebook sahifasida Muhammad Bekjonning tavallud kuni bilan tabriklagan edi.

AQSh elchixonasiga ko'ra, Muhammad Bekjon "shubhali ayblovlar" bilan qamoqqa tashlangan.

"Biz so'zini ro'yi-rost aytadigan jurnalist va siyosiy faol Muhammad Bekjonovning 62 yoshini nishonlaymiz. Janob Bekjonov "Erk" gazetasining sobiq muharriri sifatida konstitutsiyaviy tuzumni ag'darishga urinish degan shubhali ayblovlar bilan 15 avgust 1999 yili ozodlikdan mahrum etilgan edi. Uning qamoq hukmi yillik amnistiyaga muvofiq 2003 yilning dekabr oyida qisqartirilgan va u 2012 yilning aprel oyida ozod qilinishi kerak edi. Biroq 2012 yilning yanvarida uning qamoq hukmi qo'shimcha besh yilga uzaytirilgan bunga, aytilishicha, uning qamoqxona ichki tartibini buzganligi sabab bo'lgan ekan. Xalqaro tashkilotlar hamda ko'plab hukumatlar va parlamentlar a'zolari qayta-qayta uning ozod qilishga chaqirganlar. Tug'ilgan kuni munosabati bilan biz janob Bekjonovga mustahkam sog'lik, ruhiy quvvat va uzoq umr tilaymiz.Tug'ilgan kuningiz muborak bo'lsin, Muhammad aka!", deyiladi AQSh elchixonasi yakshanba kuni e'lon qilgan tabrikda.

Kuzatuvchilarga ko'ra, Muhammad Bekjonning taqdiri uning akasi, muxolifat lideri Muhammad Solih nomi bilan bog'liqdir.

O'zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimov Muhammad Solihni o'zining shaxsiy raqiblaridan biri sifatida ko'rganligi sir emas.

Ayrim xabarlarda, Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo'g'onning noyabr oyida O'zbekistonga safari davomida "Muhammad Solihning masalasi" ko'tarilgani aytilgandi.

O'zbekiston hukumati Turkiyadan Muhammad Solihni mamlakat chiqarib yuborishni talab qilgani xabar qilingandi.

Ayni xabarlar rasman tasdig'ini topmagan bo'lsa ham, hozir prezidentlikka rasman kirishgan Shavkat Mirziyoevning o'zi bu haqda Toshkent shahar saylovchilari bilan uchrashuv chog'ida ma'lum qilgan.

Parijdagi "Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotiga ko'ra, 62 yoshli Muhammad Bekjon dunyodagi eng uzoq muddat qamoqda qolayotgan jurnalist hisoblanadi.

U muxolifatdagi "Erk" demokratik partiyasi rahbari Muhammad Solihning ukasi va "Erk" ro'znomasining sobiq bosh muharriridir.

Bekjon 1999 yildagi Toshkent portlashlari ortidan Kievdagi uyidan o'g'irlab ketilgan va portlashlarga aloqadorlikda aybdor, deb topilib, 15 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi.

U 2012 yil fevralida ozodlikka chiqarilishi kerak edi, ammo muddati tugashiga bir oy qolganida qamoqxona ma'muriyatiga bo'ysunmaslik aybi bilan yana 4 yilu 8 oyga mahkum etilgan.

Shu yilning 20 iyul kuni Navoiy viloyatining Zarafshon shahridagi qamoqxonada Muhammad Bekjon bilan uchrashgan huquq faollari Vasila Inoyatova hamda Abdurahmon Tashanovlar Bekjonning sog'ligi qoniqarli ahvolda ekani, ammo yaqinlaridan xat-xabar ololmayotganidan shikoyat qilganini aytishgan.

Faollarga Bekjon bilan uchrashishga izn bergan jazoni ijro etish rasmiylari Muhammad Bekjon navbatdagi qamoq muddati so'nggida ozodlikka chiqarilish yoki chiqarilmasligiga oydinlik kiritishmagan.

O'zbekistonda jazo muddatlarini turli vajlar bilan uzaytirish siyosiy mahbuslarga nisbatan keng qo'llanadigan tajriba hisoblanadi.

2014 yilda Muhammad Bekjonni qamoqda ko'rgan ayoli uni taniy olmaganini aytgan.

"Ko'zlarida umid butunlay so'ngan. Hayot-mamot uchun kurashayapti", - deb aytgan Nina Bekjonova.

1999 yil avgustida Toshkentda o'tgan mahkamada Muhammad Bekjon ayblarga iqror bo'lish uchun qiynoqqa solinganini aytgan.

O'tgan yili Xalqaro Amnistiya tashkiloti o'zbek hukumatini Bekjonga nisbatan qiynoq qo'llangani haqidagi iddaolar yuzasidan xolis va samarali tekshiruv o'tkazishga chaqirgandi.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring