O'zbekistonda turizm: Nima qilmoq kerak?

Oqsaroy, Shahrisabz

Oqsaroy, Shahrisabz Image copyright BBCuzbek
Image caption Shahrisabz, Jahongir maqbarasi

O'zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan turizmni jadal rivojlantirish to'g'risidagi farmon bu sohada jiddiy o'zgarishlar bo'lishiga umid uyg'otadi.

Ammo ayrim kuzatuvchilarga ko'ra, shu vaqtgacha sayyohlik sohasini rivojlantirish borasida qabul qilingan o'nlab qarorlar kutilgan natijani bermagan.

Shu yilning 2 dekabr kuni chiqarilgan Prezident farmoniga ko'ra, 27 xorij davlati fuqarolariga hozirgacha amalda bo'lgan kirish viza tartibi bir tomonlama bekor qilinadi.

Ayni davlatlardan sayyohlar O'zbekistonga kelishi uchun onlayn hujjat to'ldirishi va bir oylik safar uchun belgilangan 50 AQSh dollari miqdorida to'lov joriy etiladi.

Xorijlik va O'zbekiston fuqarolariga aeroportlarda ayri-ayri nazorat o'tish nuqtalari tashkil qilinadi.

Turizm biznesi bilan shug'ullanuvchi operatorlardan majburiy valyuta to'lovi olib tashlanadi.

Mehmonxonalar esa xorijlik mehmonlardan tushgan valyutaning 25 foizini davlatga sotadi.

Yangi farmonga ko'ra, "O'zbekturizm" milliy kompaniyasi tugatiladi va o'rniga tashkil topayotgan Turizmni rivojlantirish qo'mitasining vakolatlari oshiriladi.

Endi turizm bilan shug'ullanuvchilarga shahodatnomalar ushbu tashkilot tomonidan beriladi.

Turistik firmalar va yo'lboshlovchilar sayyohlar tomonidan O'zbekistonda sodir etilgan jinoyatlar uchun javobgarlikka tortilmaydi.

Avvalgilarga o'xshamas…mi?

Sayyohlar Image copyright BBCuzbek
Image caption Sayyohlar

O'zbekistonda turizm sohasini rivojlantirish bo'yicha bungacha ham Vazirlar mahkamasi, Oliy majlis qonunchilik palatasining qaror va Prezidentning o'nlab farmonlari chiqqan.

O'nlab mamlakatlar bilan turizm sohasida hamkorlik to'g'risida kelishuvlar imzolangan.

Bir necha viloyat uchun turizm sohasini rivojlantirish bo'yicha alohida dastur ishlab chiqilgan.

E'tiborli tomoni, Turizm sohasi bo'yicha prezident Islom Karimov eng so'nggi bor 1999 yilda farmon chiqargan.

Undan so'ng qabul qilingan barcha qarorlar Vazirlar Mahkamasi yoda Oliy majlisga tegishli.

Shavkat Mirziyoyev prezident lavozimiga kirishganidan keyin ushbu soha nazoratini yana prezident o'z tasarrufiga olishi kerak, degan to'xtamga kelganga o'xshaydi.

Mutaxassislar ko'plab qarorlarga qaramasdan O'zbekistonda sayyohlik biznesi ko'ngildagidek rivojlamayotganini aytishadi.

Sayyohlik mo'may daromad manbai bo'ladimi?

Sayyohlar Shahrisabzda Image copyright BBCuzbek
Image caption Sayyohlar Shahrisabzda

Faoliyati tugatilgan "O'zbekturizm" milliy kompaniyasi raisi Farrux Rizaev 2013 yil Oliy Majlis Qonunchilik palatasida so'zlagan nutqida turizmdan tushgan daromad mamlakat yalpi ichki mahsuloti bilan solishtirganda juda kamligini aytgan.

"2012 yilning birinchi yarim yilligida O'zbekistonda turizmdan tushgan daromad YaIMga nisbatan 1,5%dan oshmadi, vaholanki boshqa mamlakatlarda ushbu ko'rsatkich YaIMning 10 dan 45 foizgachasini tashkil etadi. Ayni chog'da turistlar oqimining asosiy qismi mamlakatimizning bosh turistik markazlari — Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlariga to'g'ri kelmoqda. Ammo, mamlakatimizning bir qator istiqbolli mintaqalari infratuzilmasini tizimli rivojlantirishga yetarlicha e'tibor qaratilmagan", degan Farrux Rizaev.

Mutaxassislarga ko'ra, O'zbekistonning turizm sohasidan oladigan daromadi yiliga o'rtacha 180 million AQSh dollarini tashkil qiladi.

Rasmiylar ushbu sohaning rejadagidek rivojlanmayotganiga "Turizm to'g'risidagi" qonunning talablarga javob bermasligini ro'kach qilishgan.

"1999 yilda qabul qilingan "Turizm to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni qoidalarni yanada takomillashtirishi talab qilinadi. Hozirgi vaqtda turistik faoliyat talay miqdordagi havola qiluvchi normalarni o'z ichiga olgan mazkur Qonundan tashqari tizimlashtirish va kodifikatsiya qilish talab etiladigan 30 dan ziyod qonunosti normativ-huquqiy hujjat bilan tartibga solinmoqda", degan faoliyati tugatilgan "O'zbekturizm" raisi Farrux Rizaev.

Qonunga o'zgartirishlar kiritish kerakligi Oliy Majlis tomonidan 2013 yilda chiqarilgan qarorda aytib o'tilgan bo'lsa-da, bajarilmagan.

Kuzatuvchilar O'zbekistonda turizm sohasining rivojlanmayotgani sababini mamlakatning yopiqligi va huquq-tartibot organlariga keragidan ortiq vakolat berilgani bilan izohlashadi.

Ularga ko'ra, sayyohlarga engillik yaratish to'g'risida bundan oldingi farmon va qarorlarda ham ko'p aytilgan, biroq amalda buning teskarisi bo'lgan.

Farmonning farmondan farqi bormi?

O'zbekiston Respublikasi prezidenti Islom Karimov tomonidan 1995 yilning 3 iyun kun chiqarilgan "Buyuk ipak yo'lini qayta tiklashda o'zbekiston respublikasining ishtirokini avj oldirish va respublikada xalqaro turizmni rivojlantirish borasidagi chora-tadbirlar to'g'risida"gi farmonda ham xorijlik sayyohlar uchun soddalashtirilgan tartibda chegaradan o'tish joriy qilish haqida aytilgan.

Tranzit sayyohlar uchun maxsus bojxona xonalari takil qilish qayd etilgan.

Xuddi shu kabi talablarni so'nggi bor 2016 yilning 2 dekabrida Shavkat Mirziyoyev tomonidan chiqarilgan farmonda ham ko'rish mumkin.

Biroq xorijlik sayyohlar boshqalar bilan birgalikda O'zbekiston xalqaro aeroporti va temir yo'l chegara o'tish nuqtalarida bir xil noqulayliklarga duch kelishadi.

Mamlakat poytaxti Toshkentdagi havo qo'nalg'asi dunyodagi eng yomon aeroportlari ro'yxatida bir necha yildan beri tushmay keladi.

O'zbek bojxonachilarining haddan tashqari sinchkovligi va har bir chet ellik fuqaroga potentsial jinoyatchi yoda terrorist sifatida qarashi ko'p bora tanqid qilingan.

Sayyohlarni ekstremizmni targ'ib qilishda ayblash holatlari bo'lgani uchun ko'plab sayyohlar O'zbekistonga bormaslikni afzal bilishi aytiladi.

2012 yili hamrohi bilan O'zbekistonning tarixiy shaharlarini ko'rishga borgan Qozog'iston fuqarosi Ermek Kosmagambetov Qozog'istonga qaytar chog'ida o'zbek chegarachilari tomonidan noutbuki tekshiriladi.

Sayyohning kompyuteridan diniy o'gitlar akslangan videolar topgan chegarachilar Ermekni qo'lga olishadi.

Ermek Kosmagambetov "ekstremizm, separatizm va terrorizm targ'ib qiluvchi materiallar kontrabandasi" aybi bilan 5 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.

Janubiy Koreyadan tranzit orqali Qozog'istonga uchayotgan qozog'istonlik Vohidjon Niyozov bilan ham xuddi shu kabi holat ro'y bergan.

Dindor Vohidjon Niyozov o'zbek chagarachilarining e'tiborini uning soqoli tortgan bo'lishi kerakligini aytgan.

2016 yilning 23 iyulidan yaqinlarining xabarisiz Toshkent xalqaro aeroportida ushlangan Vohidjonni ham "ekstremizm, separatizm va terrorizm targ'ib qiluvchi materiallar kontrabandasi" bilan gumon qilishgan.

Vohidjon Niyozov Toshkent hibsxonasida 4 oy o'tirgach, 12 oktyabrda qabul qilingan amnistiya tufayli ozodlikka chiqdi.

Kuzatuvchilarga ko'ra, bojxona, chegara va ichki ishlar xodimlarining aksar holatlarda asossiz, ba'zida esa ta'magirlik yo'lida ish tutishlari tubdan yo'q qilinmaguniga qadar, qaror va farmonlar O'zbekistonda turizmning haqiqatdan ham rivojlanib ketishiga sabab bo'lolmaydi.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring