Mirziyoyev hokimlarni ketma-ket almashtirishni boshladi

Mirziyoev hokimlarni ketma-ket almashtirishni boshladi Image copyright Gov.uz
Image caption Mirziyoev hokimlarni ketma-ket almashtirishni boshladi

Shavkat Mirziyoyev O'zbekistonning qasamyod qilgan to'laqonli prezidentiga aylanishi bilan, mamlakat viloyatlari hokimlarini almashtirishga kirishdi.

59 yoshli prezident 15 dekabr kuni birdaniga ikkita - xalq deputatlari Sirdaryo va Toshkent viloyatlari kengashlarining navbatdan tashqari sessiyalarida qatnashishga ulgurgan.

Toshkentdagi yig'ilishda 12 avgustdan beri viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi sifatida ishlab kelayotgan Islomjon Ergashxo'jaev iste'foga chiqarilgan.

Uning o'rniga, Shavkat Mirziyoyev tavsiyasiga binoan, shu kungacha Angren shina zavodiga direktorlik qilib kelayotgan Shukurullo Boboev viloyat hokimi etib deputatlar tomonidan saylangan.

Gulistondagi sessiyada esa Sirdaryo viloyatiga 2010 yildan beri rahbarlik qilayotgan Oybek Ashurmatov "boshqa ishga o'tgani munosabati bilan" lavozimidan ozod qilingan.

"Shavkat Mirziyoyev tavsiyasiga binoan Prezident devoni mas'ul xodimi vazifasida ishlab kelayotgan G'ofurjon Mirzaev Sirdaryo viloyati hokimi etib saylandi", - deyiladi rasmiy xabarda.

Xabarlarga ko'ra, Shavkat Mirziyoyev har ikkala sessiyada ham o'zi bosh vazir bo'lgan vaqtda tashkil etilgan virtual qabulxonaga kelib tushgan murojaatlar haqida to'xtalib o'tgan.

"Davlat rahbari bir narsani ochiq tan olish kerakligini - viloyat sotsial-iqtisodiy ahvoli qoniqarsiz ekanini aytdi. Bosh vazir virtual qabulxonasiga kelib tushayotgan ko'plab murojaatlar shundan dalolat bermoqda. Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar soni 18 mingdan oshdi. Murojaatlarning 99 foizi tuman va viloyat hokimlari faoliyatiga oiddir", - deyiladi Toshkentdagi sessiya haqida xabar bergan UzReport telekanali.

"Bugun Sirdaryo viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sur'atlari bizni qoniqtirmaydi, dedi davlatimiz rahbari. Fikrimizning tasdig'ini birgina O'zbekiston Bosh vazirining virtual qabulxonasiga o'tgan 2 oyda viloyat fuqarolaridan 2 mingdan ortiq murojaat kelib tushgani va shundan atigi 793 tasi ijobiy hal qilingani misolida ham ko'rish mumkin. Mana shuning o'zi Sirdaryo viloyati rahbarlariga berilgan bahodir", - degan Shavkat Mirziyoyev.

15-dekabr oqshomida Samarqand viloyatining ham hokimi o'zgarishi ma'lum bo'ldi. Shu vaqtgacha viloyatga hokimlik qilib kelgan Zoyir Mirzaev O'zbekiston bosh vazirining o'rinbosari - Qishloq va suv xo'jaligi vaziri - Qishloq va suv xo'jaligi, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda iste'mol tovarlari masalalari kompleksining rahbari lavozimiga tasdiqlangan.

Samarqand viloyatiga endi kim hokim bo'lishi hozircha noma'lum.

Shavkat Mirziyoyev o'z prezidentligining uchinchi kuni - 16-dekabr kuni Navoiy va Surxondaryo viloyatlari hokimlarini almashtirdi.

Xabar berishlaricha, 2008 yildan beri Navoiy viloyatiga hokimlik qilib kelgan Erkin Turdimov Surxondaryo viloyatiga hokim etib tayinlangan.

Surxondaryoga to'liqsiz ikki yil (2015 yil yanvaridan) rahbarlik qilgan avvalgi hokim Tojimurod Mamaraimov viloyatning Qiziriq tumani hokimi etib tayinlangan.

Navoiy viloyatiga ham kim hokimlik qilishi haqida aniq ma'lumot yo'q. Tasdiqlanmagan axborotlarga ko'ra, viloyatga o'z vaqtida Samarqandga hokimlik qilgan, biroq Karimov tomonidan "qat'iyatsizlik, sustkashlik, manmanlik, o'zboshimchalikka berilib ketgani uchun" haydalgan O'ktam Barnoev tayinlanishi mumkin.

So'nggi xabarlarga ko'ra, Buxoro viloyatining hokimi ham vazifasidan ozod etilgan.

Uning o'rniga O'ktam Barnoev Buxoro viloyatiga hokim etib tayinlangan.

O'ktam Barnoev muqaddam Samarqand viloyati hokimi bo'lib ishlagan, 2010 dekabr oyida Islom Karimov tomonidan tanqidga tutilib, vazifasidan chetlatilgan edi.

Mamlakat bo'ylab ketma-ket hokim o'zgarishlarining asl sabablari noma'lum.

Taniqli jurnalist Sharof Ubaydullaevning BBC O'zbek xizmatiga aytishicha, bu jarayonda hech qanday notabiiylik yo'q.

"Shavkat Mirziyoyev mamlakat Bosh vaziri sifatida 13 yil ishladi, keyin yana bir necha oy prezident vazifasini bajaruvchi bo'ldi. Mening nazarimda, yangi prezident kadrlar o'zgarishiga doir qarorni tez va yo shoshma-shosharlik bilan emas, balki avvaldan o'ylab, keyin bermoqda".

Ammo Sharof Ubaydullaevga ko'ra, "kadrlarni almashtirish bir masala bo'lsa, ularning barchasi ham ko'ngildagiday ishlashi boshqa masala... Buni bir-ikki yildan keyin ko'ramiz".

Shaffoflik bormi?

Image copyright Government
Image caption Abdulla Oripov

Kuzatuvchilarga ko'ra, hokimlarning bu kabi tez almashinishi va jarayonning o'zi Karimov davridagidan jiddiy farq qilmagan.

Avvallari bo'lgani kabi, kamchiliklar tanqid qilingan va yangi hokimga ishonch bildirilgan.

Yagona farq qisqa muddat ichida bir necha hokimlarning almashtirilayotganidir.

Prezident Mirziyoyev bundan atigi bir necha kun avval kelajakda hokimlarning saylanishi masalasi ko'rib chiqilishiga ishora qilgan edi.

Sharof Ubaydullaevning aytishicha, jarayonda ba'zi jumboqlar, javob talab qiladigan savollar mavjud.

"Men yangi Bosh vazir Abdulla Oripov haqida ko'plab yaxshi gaplar eshitganman. Ammo Bosh vazirlik vazifasiga qo'yiladigan mulozimning o'tmishiga doir jumboqli holatlar imkon qadar echilgan bo'lishi kerak. Tasavvur qiling, Abdulla Oripov hukumatdan o'tmishda nohaq, adolatsiz ishdan chetlashtirilgan edi. Nima uchun? Nima uchun Senatdagilar bu masalaga oydinlik kiritmadi? Axir, Abdulla Oripov Bosh vazir bo'lib kelmoqda, bu kabi gap-so'zlar, korruptsiya degan gaplar... bular yechilishi kerak edi. O'zbekistonday davlatning Bosh vaziri musaffo bo'lib xalqning oldiga chiqishi kerak".

Abdulla Oripov 2002 yildan 2012 yilga qadar Bosh vazir o'rinbosari lavozimida axborot va telekommunikatsiya tizimiga rahbarlik qilgan.

2012 yilda o'zbek telekom tizimidagi poraxo'rlik mojarosi sabab ishdan chetlatilgani aytiladi.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring