Ilk 159chi ozod qilindi. Qolganlar-chi?

Ozod etilgan o'zbekistonlik mahbuslardan biri oilasi davrasida Image copyright IGNPU
Image caption Ozod etilgan o'zbekistonlik mahbus oilasi davrasida

Diniy ayblovlar bilan mahkamaga tortilgan o'zbekistonlik yigitning ozodlikka chiqarilishini hech kim kutmagandi.

Biroq Toshkentdagi mahkama joriy hafta Ziyomiddin Sunnatilaevga 3 yil 7 oylik shartli jazo tayinladi-da, keyin uni ozodlikka chiqarishga qaror qildi.

Ma'lum bo'lishicha, Ziyomiddin hukmgacha hibsda bo'lgan. U bilan birga mahkamaga tortilgan yana ikki yigit esa tergov paytida ham ochiqda yurganlar.

"Bunday voqeaga ilk marta guvoh bo'ldim" - deydi bu borada xabar tarqatgan toshkentlik huquqbon Surat Ikromov - "Chunki 244- va 159-moddalar kamida 5 yo 7 yillik qamoq jazosini ko'zda tutardi".

Faollarga ko'ra, ayni hukm yagona holat emas va hozir boshqa moddalar bo'yicha yengilroq jazo olganlar ozodlikka chiqqan hollar bor.

"Taqiqlangan tashkilotlar tuzishni ko'zda tutuvchi 216-modda bilan 2-3 yillik qamoqqa hukm qilinganlardan ba'zilari yaqinda chiqarildi" - deydi suhbatdoshimiz.

Yangi prezident, yangi qonun

Oldinroq ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko'ra, O'zbekiston qamoqxonalarida diniy mahkumlarni tahqirlash va kaltaklash hollari kamaygan, ularga munosabat yaxshilanmoqda.

Bu ma'lumotlarni bevosita tekshirish imkoni yo'q, lekin uning haqiqatga yaqinligi ehtimoli aytilmoqda.

"Yangi prezident bo'ldi va militsiya haqida yangi qonun chiqdi" - deydi Surat Ikromov - "Qarindoshlar ham qiynoqlardan shikoyat qilishmayotganiga qarasak, mahkumlarga nisbatan hozir biroz iliq munosabat boshlangan ko'rinadi".

"Oldin yuqoridan qamoqxonalarga og'zaki buyruq yuborib, ba'zi aniq shaxslarni yo diniy mahkumlarni qiynash va tahqirlash buyurilgan, yangi qonun bo'yicha endi bunday qila olishmaydi".

13 ming mahkum

Mahalliy faollarning hisob-kitoblariga ko'ra, O'zbekistondagi diniy mahkumlar soni 13 mingdan oshib ketgan. Biroq ularning barchasi ozod etilishiga ishonch kam.

"Ularning hammasini chiqarilmaydi, ammo 214- yoki 244-moddalar bilan ayblangan ayrimlari keyinchalik avf etilishi yoki ozod qilinishi mumkin" - deydi Surat Ikromov.

Kuzatuvchilar diniy mahkumlar soni bo'yicha O'zbekistonni sobiq SSSRda birinchi o'rinda, dunyo miqyosida esa Misr yo Xitoydan keyingi o'rinlarga qo'yishadi.

Konstitutsion tuzumga tajovuz qilish yo shunga urinish harakatlarini ko'zda tutuvchi 159-modda 1999 yildan boshlab O'zbekistonda keng qo'llana boshlangan.

Xalqaro va mahalliy kuzatuvchilarga ko'ra, sudlar mustaqil bo'lmagan sharoitda, qiynoq ostida olingan iqrorlarga tayangan holda yuzlab, balki minglab hukmlar chiqarilgan.

Mustaqil dindorlar, xususan, Hizbut Tahrir a'zolari shu kabi ayblovlar bilan 10-15 yillik qamoq jazolariga hukm etilganlar.

Tahlilchilarning aytishicha, O'zbekistonda iqtisodiy sharoit yaxshilanib, ishsizlik muammolari hal etilsa, korruptsiya hamda qonunsizlik yo'qotilib, erkin diniy e'tiqodga sharoit yaratilsa, yoshlarning turli oqimlarga kirib ketishi ham kamayadi.

O'zbek oilalari qanchalik kattaligi nazarda tutilsa, 13 ming diniy mahkum ortida turgan qarindoshlari soni bir necha yuz mingga yetishi mumkin.

Ular esa, o'zlari aytmoqchi, zo'ravonlikka qo'l urmagan, balki faqat g'oya yoyishga uringan jigarbandlarini uzoq yillik qamoqqa tashlagan davlatni sevishlari oson bo'lmaydi.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq