Mirziyoyev o'zbek-britan aloqalarida "yangi daraja" istaydi

Alan Dankan va Abdulaziz Komilov Image copyright social media
Image caption Alan Dankan Samarqandga Abdulaziz Komilov bilan safar qilgan

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri muovini Alan Dankan bilan uchrashgan.

Janob Mirziyoyev Ser Alanga Samarqandga borib, marhum Islom Karimovning qabrini ziyorat qilgani uchun minnatdorchilik bildirgan.

O'zbekiston prezidenti o'zbek va britan aloqalarini "mutlaqo yangi darajaga" olib chiqish istagini ham bildirdi.

"Bizda hali juda ko'p salohiyat va imkoniyatlar mavjud" - deb aytgan Prezident Mirziyoyev.

O'zbekiston davlat matbuoti xabariga ko'ra, o'z o'rnida, Alan Dankan o'zbek prezidenti boshlagan "islohotlar dasturi"ni hush qarshi olishi bildirgan.

Alan Dankan kim?

Alan Dankan 19 iyulda Britaniyaning mubohasali Tashqi ishlar vaziri Boris Jonsonga muovin etib tayinlangandi.

Ammo, Alan Dankanning o'tmishi ham siyosiy mojarolarga boy.

Konservatorlar partiyasining ilk ochiqchasiga gey a'zosi bo'lmish Ser Alan 2009 yilda o'z uyidagi bog'dorchilik ishlari uchun mamlakat byudjetidan 4000 funt olgani aniqlangach, bu pulni qaytarishga majbur bo'lgandi.

Ayni yilda uni yashirin kameraga yozib olib oshkor qilishgach, u "o'tinib" kechirim so'ragan, ammo sobiq Bosh vazir Deyvid Kameron tomonidan lavozimidan chetlatilgandi.

Kameraga yozib olingan suhbatda u sarf-xarajat mojarosi tufayli deputatlarga yomon munosabat qilinayotgani va endi deputatlar "talonga" yashashga majbur bo'lishayotganini aytgan.

"O'zbek palovi juda yog'li"

Bu Ser Alanning O'zbekistonga ilk tashrifi bo'ladi, ammo Britaniya Tashqi ishlar vaziri Boris Jonson O'zbekistonda safarda bo'lgan.

2004 yili oddiy deputat va "Spektator" jurnalining muharriri bo'lganida Jonson O'zbekistonga oilasi bilan turistik safar qilgani haqida maqola yozgandi.

U o'z maqolasida o'zbek palovini "o'ta yog'li" deya tasvirlab, u yerda ichgan pivosini "ot siydigi"ga qiyoslagan.

Boris Jonson, shuningdek, 2007 yilda o'zbek milliarderi Alisher Usmonov bilan yuzaga kelgan kelishmovchiligi tufayli matbuot nazariga tushgandi.

Alisher Usmonov Jonsonni u haqida yozgan maqolasi uchun sudga berib, sud hukmi bilan Jonsonning websaytini yoptirishga muvaffaq bo'lgandi.

Jonson buni "so'z erkinligining jiddiy buzilishi" deya qoralagan va "Bu London, O'zbekiston emas", deya qo'shimcha qilgandi.

Boris Jonson joriy yilning 13 iyulida Britaniya tashqi ishlar vaziri etib tayinlandi.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring