Shavkat Mirziyoyev: "O'zbekistonda kadrlar yetishmaydi"

Mirziyoyev Image copyright courtesy

Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy sohada rahbar lavozimlarga loyiq malakali kadrlarning yetishmasligini aytgan.

Bu haqda u chorshanba kuni Oliy Majlis palatalarining qo'shma majlisida qilgan inauguratsion nutqida gapirgan.

Mirziyoyevning so'zlariga ko'ra, o'zi rejalayotgan islohotlarni hayotga tadbiq etish uchun boshqaruv tizimini o'zgartirish kerak bo'ladi.

"Hozirgi vaqtda davlat va hokimiyat idoralarida ko'p hollarda kadrlar salohiyatidan foydalanish, ularning vazifa va vakolatlari taqsimoti oqilona va samarali yo'lga qo'yilmagani sezilmoqda. Eng yomoni, bu holat ishimizga xalaqit bermoqda. Bir idorani qarasangiz, yuzlab odam nomiga ishlab o'tiribdi. Boshqa idorani qarasangiz, ish ko'p, vazifa ko'p, lekin ishlaydigan odam, kadr yetishmaydi", degan Prezident.

"Har bir davlat xizmatchisi, - degan u. - ... o'z aravasini o'zi tortishi lozim".

Mirziyoyev "kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashga doir dasturni ishlab chiqish vaqti kelgan"ligini aytgan.

Bu amalda O'zbekistonda 1997 yil avgustida qabul qilingan "Kadrlar tayyorlash milliy dasturi" muvaffaqiyatsizlikka uchraganining e'tirof etilishini anglatadi.

Mirziyoyev o'z nutqida ushbu dasturni tilga olmagan.

'Kadrlar hamma narsani hal qiladi'

Marhum prezident Islom Karimov "Kadrlar tayyorlash milliy dasturi"ni mamlakatdagi kadrlar siyosatining tamali, deya taqdim etib kelgan.

Ammo tahlilchilar ushbu dasturga u yoki bu soha bo'yicha mutaxassislarning ham "kadrlar" sifatida kiritilgani, amalda analitik fikrlash qobiliyatiga ega va liderlik salohiyati mavjud professional kadrlarning boshqaruvdan chetda qolib kelganini aytishadi.

Ularga ko'ra, kadrlar siyosati shaxsiy sadoqat va qarindosh-urug'chilik tamoyillariga asoslanib kelgan.

Mirziyoyev boshqaruvdagi kadrlarning asosiy o'chog'i hisoblanib kelgan Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi "o'ziga yuklatilgan vazifani mutlaqo uddalamayotgani"ni aytgan.

Unga ko'ra, "akademiyani ham, uning ish uslubini ham tubdan o'zgartirish va rahbar kadrlarini qayta ko'rib chiqish lozim".

Mirziyoyev Prezident sifatida qasamyodga keltirilganidan ikki kun o'tib, to'rtta viloyat hokimlarini almashtirgan.

Bu haqda batafsilroq o'qish uchun mana bu linkka bosing.

Ularning ishdan olinishiga Bosh vazirning Virtual qabulxonasiga kelib tushgan murojaatlar bilan ishlashdagi kamchiliklari asos qilib olingan.

O'z nutqida Mirziyoyev xalq bilan ishlamaydigan rahbarlar bilan "xayrlashish"larini aytgan.

Uning aytishicha, yangi yildan e'tiboran barcha viloyat va tuman hokimlarining xalq oldida hisobot berishlari yo'lga qo'yiladi.

Davlat rahbari shuningdek, senator va deputatlarni ham bir oylik ish kunlarining qariyb yarmini viloyat va tumanlarda o'tkazish, odamlarning muammolarini yaqindan o'rganishga chaqirgan.

Eski hammom, eski tos?

Tahlilchilarga ko'ra, Mirziyoyevning hokimlarni almashtirish jarayoni Karimov davridagidan farq qilmagan va hozircha kadrlar siyosati tubdan isloh qilinishining belgilari yo'q.

Mirziyoyevning o'tmishda korruptsiya mojarosiga aralashgan Abdulla Aripovni Bosh vazir lavozimiga tayinlashi tahlilchilar tomonidan "yomon ishora" deya talqin qilingan.

Ularga ko'ra, Mirziyoyev va O'zLiDEP "islohotchi" deya taqdim etgan Aripov hukumati tarkibiga kirgan mulozimlar orasida "islohotchilar" bor, deb aytish qiyin.

Ammo O'zbekistonda qaror topgan hokimiyat vertikali inobatga olinsa, islohotlarning taqdiri hukumat a'zolarining malakasidan ko'ra ham ko'proq Mirziyoyevning siyosiy irodasiga bog'liq bo'lib qoladi.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring