"Muhammad Bekjonov zudlik bilan ozod etilsin"

Image copyright Human Rights Watch
Image caption Jurnalistik faoliyati uchun eng ko'p muddatni qamoqda o'tkazayotgan Bekjonovning sog'lig'i yomonlashgani aytiladi

Inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha qator tashkilotlar, xususan Hyuman Rayts Votch va Xalqaro Amnesti O'zbekiston hukumatidan 17 yildirki qamoqda qolayotgan jurnalist Muhammad Bekjonni ozod qilishni so'rashmoqda.

62 yoshli Muhammad Bekjonov kelgusi yanvarda ozod etilishi kutilayotgandi, ammo shu kunlarda jazo izolyatoriga tashlangan. Huquq tashkilotlariga ko'ra, odatda buning ortidan tutqunning jazo muddati uzaytiriladi.

Bekjonov oilasiga ko'ra, u Navoiy viloyati Zarafshon shahridagi 48-turmada saqlanmoqda. Uning akasi Jumanazar Bekjonov 13 dekabrь kuni uni ko'rishga borganida, turma rasmiylari u jazo izolyatorida ekani va 10 yanvargacha uni ko'rish mumkin emasligini aytganlar.

Turmadagi bironta rasmiy u nega va qachon jazo izolyatoriga tashlanganini aytmaganlar.

Jurnalistik faoliyati uchun eng ko'p muddatni qamoqda o'tkazayotgan Bekjonovning sog'lig'i yomonlashgani aytiladi.

"Uning ahvoli jazo izolyatorida yanada yomonlashishi mumkin. O'zbekiston hukumati va Prezident Shavkat Mirziyoev uning zudlik bilan va shartlarsiz ozod etilishini ta'minlashlari kerak", - deyiladi Hyuman Rayts Votch bayonotida.

Muhammad Bekjonov taniqli muxolifatchi va shoir Muhammad Solihning ukasidir. 1990-yillar boshlarida Muhammad Bekjonov yopiq mavzular, xususan iqtisod ahvoli, paxta dalalaridagi majburiy mehnat va Orol fojeasi haqida munozaralarni boshlashga uringan.

Uning akasi Muhammad Solih 1991 yilgi prezidentlik saylovlarida Prezident Islom Karimovga qarshi o'z nomzodini qo'ygandi.

"Karimov 1999 yilda Toshkentda yuz bergan portlashlardan o'z tanqidchilarini tinchitish yo'lida foydalandi va ularni hujumga aloqador deb topdi. Ko'pgina demokratparast faollar qatori Bekjonov ham shu yo'lda sudga tortilib, 15 yilga qamaldi. Bekjonov bilan bir vaqtda hibsga olingan yana bir Erk jurnalisti Yusuf Ro'zimurodov ham hali ham qamoqda", - deyiladi bayonotda.

Xalqaro inson huquqlari tashkilotlariga ko'ra, O'zbekiston Senati 12 oktyabrda qabul qilgan amnistiya 60 yoshdan oshgan tutqunlar ozod etilishini nazarda tutadi va qonunan Bekjonov ozod etilishi kerak.

"So'z erkinligidan foydalangani uchun qamalgan Muhammad Bekjonov va boshqalarning zudlik bilan ozod qilinishi yangi prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan berilgan ijobiy ishora bo'lgan bo'lardi. Bu bilan u O'zbekistonning o'ta yomon inson huquqlari vaziyatini isloh qilishga urinayotgani tushunilgan bo'lardi", - dedi HRVning Markaziy Osiyo bo'yicha tadqiqotchisi Stiv Sverdlov.