Lola Karimova-Tillaeva yana taqdirlandi

Lola Karimlva Image copyright Instagram

O'zbekiston marhum prezidenti Islom Karimovning kenja qizi bu gal Xalqaro Olimpiya Qo'mitasining mukofotiga sazovor ko'rilgan.

Lola Karimova-Tillaevaga qo'mitaning "Ayollar va sport" diplomi taqdirlangan.

U bu haqda o'zining turli ijtimoiy muloqot tarmoqlaridagi sahifalari orqali ma'lum qilgan.

"Bundan nihoyatda xursand va faxrda" ekanini bildirgan.

Lola Karimova-Tillaevaning o'z izohi tafsilotlaridan ma'lum bo'lishicha, "sportda gender tenglikni ilgari surishga qo'shgan hissasi uchun" Xalqaro Olimpiya Qo'mitasi tomonidan ushbu mukofotga loyiq, deb topilgan.

O'zbekiston marhum prezidentining kenja qizi, o'z navbatida, buning uchun qo'mita prezidenti Tomas Baxga minnatdorchilik bildirishni ham unutmagan.

Lola Karimova-Tillaevaning yana bir "mukofot bilan taqdirlangani"ga oid xabar shu soatlarda O'zbekistondagi va mintaqaga ixtisoslashgan deyarli hech bir internet nashrining e'tiboridan chetda qolmagan.

Yana bir mukofot

Bu - Lola Karimova-Tillaeva o'tgan yetti oy ichida qo'lga kiritgan ikkinchi xalqaro mukofot bo'ladi.

Shu yil may oyida O'zbekiston matbuotida Lola Karimova-Tillaevaning "Global Gift" xayriya fondi tomonidan ta'sis etilgan gumanitar mukofot bilan taqdirlangani ham e'lon qilingan.

Xabarlarda taqdirlash marosimi Frantsiyaning Kann shahri bo'lib o'tgani aytilgan.

Mukofotning o'zini esa, fond nomidan aktrisa va filantrop Eva Longoriya topshirgani ma'lum bo'lgandi.

Lola Karimova-Tillaeva ayni xabar yuzasidan BBC O'zbek Xizmatiga yo'llagan yozma e'tirofida "...o'zlari olib borayotgan ishga boshqa xayriya tashkilotlari tomonidan shunday katta e'tibor ko'rsatilganidan benihoyat mamnun" ekanliklarini izhor etgandi.

Boshqa tomondan, Lola Karimova-Tillaevaning Xalqaro Olimpiya Qo'mitasi maxsus diplomi bilan taqdirlanganiga oid xabar otasi - prezident Islom Karimov vafotidan qariyb to'rt oycha o'tib kuzatilmoqda.

O'zbekistonni chorak asrdan ko'proq vaqt davomida boshqarib kelgan prezident Islom Karimov shu yilning 2 sentyabr kuni 78 yoshda ekan, miyasiga qon quyilishi oqibatida kutilmaganda hayotdan ko'z yumgan.

4 dekabr kuni muddatidan ilgari chaqirilgan prezident saylovida Bosh vazir va muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoyev O'zbekistonning yangi prezidenti etib saylangandi.

Lola Karimova-Tillaeva

Lola Karimova-Tillaeva prezident otasi hayotligidan tortib, shu kungacha O'zbekiston Respublikasining UNESCO jamg'armasi qoshidagi doimiy vakilasi bo'lishdan tashqari, O'zbekistondagi ikki yirik jamoatchilik xayriya bolalar tashkiloti Vasiylik kengashi raisasi sanaladi.

Xuddi shuning barobarida O'zbekiston Gimnastika Federatsiyasi prezidenti, Osiyo Gimnastika Ittifoqining faxriy prezidenti va agar, internetda imkonli bo'lgan ayrim ma'lumotlarga tayanilsa, Moskva Davlat universitetining Toshkentdagi filiali rahbari muovini ham bo'ladi.

Lola Karimova-Tillaeva shu yil noyabr oyida onasi Tatyana Akbarovna Karimova bilan marhum Islom Karimov nomidagi jamoatchilik xayriya jamg'armasini ta'sis etganliklarini ham ma'lum qilgandi.

O'z o'rnida eslatib o'tish joiz, 2016 yilgi Rio Yozgi Olimpiya va Paralimpiya O'yinlari o'zbekistonlik sportchilar uchun rekordlisi bo'lgan, ular bu gal mustaqil O'zbekiston tarixida kuzatilmagan sonda medallarni qo'lga kiritishgan.

Badiiy gimnastika bo'yicha O'zbekiston terma jamoasi esa, aynan Rioda o'z tarixida ilk bor Yozgi Olimpiada O'yinlarida bellashib ko'rgandi.

Ta'kidlash joiz, badiiy gimnastika bo'yicha O'zbekiston terma jamoasi so'nggi Osiyo O'yinlarining g'olibi, amaldagi Osiyo chempioni ham sanaladi.

Riodagisi bilan o'z karerasi davomida ketma-ket yettinchi Yozgi Olimpiada O'yinlarida bellashgan o'zbekistonlik afsonaviy sport gimnastikachisi Oksana Chusovitina yaqinda nomi Ginnesning rekordlari kitobida rasman qayd etilganini ma'lum qilgandi.

Marhum Islom Karimovning to'ng'ich qizi Gulnora Karimova esa, o'tgan ikki yil davomida mutlaqo jamoatchilikka ko'ringani yo'q.

G'arbdagi mahkama ishlarida nomi bir necha bor tilga olingan Gulnora Karimova o'z otasining janozasiga ham yaqin yo'latilmadi.

Ayrim manbalarda Gulnora hamon uy qamog'ida, Toshkentda saqlanayotgani aytiladi.

O'zbekiston hukumati esa Islom Karimovning to'ng'ich qizi taqdiri borasida hozirga hech qanday ma'lumot bergani yo'q.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring