Musulmonlar taqdiridan jiddiy xavotir

Roxinga musulmoni Image copyright COURTESY

Inson haqlarini himoya etish bilan shug'ullanuvchi bu xalqaro tashkilot Myanmar harbiylarini "insoniyatga qarshi jinoyatlarni sodir etayotganlik"da ayblab chiqdi.

"Amnesty International" ning bu bayonoti Roxinga musulmonlariga qarshi so'nggi zo'ravonliklarga oid xabarlar ortidan yangragan.

Xalqaro tashkilot o'zining yangi hisobotida Myanmar harbiylarini oddiy odamlarni o'ldirish, jinsiy zo'rlash, qiynash va talashda ayblagan.

O'z navbatida, harbiylarning bu amallarini "insoniyatga qarshi jinoyatlarga tenglashtirish mumkin"ligini aytgan.

Ammo, Myanmar harbiylarining rad etishlaricha, bu kabi vahshiyliklarga qo'l urishmagan.

Rakxayn shtatidagi xatti-harakatlari esa, aksilterror reydlari bo'lgan, xolos.

Xalqaro Amnistiyaning yangi hisoboti mintaqa liderlarining Rakxayndagi zo'ravonliklarga oid Yangon yig'ini arafasida e'lon qilingan.

Myanmarning de-fakto rahbari bo'lgan Aun San Su Chji xonimlari esa, avvaliga bu yig'inga ro'yxo'shlik bermagan.

Xalqaro hamjamiyatni Roxinga musulmonlarining taqdirini kun tartibiga olib chiqish bilan vaziyatni izdan chiqarishda ayblagan.

Ammo mintaqadagi ikki yirik musulmon davlati: Indoneziya va Malayziyaning aralashuvi ortidangina bunga rozi bo'lgan.

Asean tashkilotining a'zo davlat ichki ishlarini muhokama qilish hollari esa, o'ta kamdan-kam kuzatiladi.

"Insoniy halokat"

Image copyright Getty Images

Bu xalqaro inson haqlarini saqlash tashkilotining bildirishicha, bu kabi xulosaga kelishdan avval 35 nafar jabrdiyda, Myanmarda insonparvarlik va jurnalistik faoliyatda band 20 kishining fikrlarini o'rgangan.

O'zboshimcha qotilliklar, hibslar, jinsiy zo'ravonliklar, qiynoqlar, tashmalashlar, mingdan ortiq turar-joy, maktablar va masjidlarning vayron etilishini "insoniy halokat"ga tenglashtirgan.

Xalqaro Amnistiyaga ko'ra, Myanmar harbiylarining bu amallari "shimoliy Rakxayn shtatidagi Roxinga musulmon ozchiligiga qarshi keng ko'lamli va davomiy hujumlarining bir qismi"dir.

Myanmar hukumati jurnalistlar va yordam xodimlarining hududga kirishlarini taqiqlab qo'ygani bois, shtatdagi so'nggi zo'ravonliklarda aniq qancha tinch fuqaroning o'ldirilgani ma'lum emas.

Xalqaro tashkilot hisob-kitoblariga ko'ra, zo'ravonliklar boshlangan o'tgan yil oktyabr oyidan buyon 30 mingga yaqin Roxinga musulmonlari qo'shni Bangladeshga qochib o'tishgan.

"Amnesty International", o'z navbatida, Bangladesh hukumatini bu kabi qochqinlarni zo'r berib ortga qaytarishga urinishda ham ayblagan.

Eng so'nggida esa, Myanmar hukumati va Aun San Su Chjini Roxinga musulmonlariga qarshi zo'ravonliklarga chek qo'yish, bu kabi huquqbuzarlik hollarini ochiqcha qoralab chiqish, Rakxaynga bemalol kirishga izn berish va Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan xolis tergov o'tkazilishiga ruxsat berishlariga chaqirgan.

Ammo

Image copyright COURTESY

Myanmar hukumati sobiq general va mamlakat vitse-prezidenti Mint Sue boshchiligi ostida o'z tergov guruhini tuzgan.

Rakxayn shtatidagi muammolarga uzoq muddatli yechim topish uchun BMT sobiq Bosh kotibi Kofi Annan raislik qiluvchi Maslahat Hay'atini ham taklif etgan.

Aun San Su Chjining bayon qilishicha, hukumati bu yo'lda yetarlicha ish olib bormoqda, xalqaro hamjamiyatning niyati esa, faqat vaziyatni izdan chiqarishdan iborat.

Aholisining aksariyatini buddaviylar tashkil qiluvchi Myanmarda Roxinga musulmonlari noqonuniy muhojirlar sifatida ko'riladi.

Rakxayn shtatida etnik zo'ravonliklar kuchayib borar ekan, ular uzoq yillardan buyon ta'qib va tazyiqlar ostida yashab kelishadi.

Shu yil noyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Myanmarni "etnik tozalashlar"da ayblab chiqqan.

"Human Rights Watch" tashkiloti esa, qishloqlar yer bilan bitta qilingani aks etgan sun'iy yo'ldosh orqali olingan suratlarni e'lon qilgandi.

Yangondagi yig'inda Aun San Su Chji o'zi istasa-istamasa o'tgan ikki oy ichida Rakxayn shtatida yuz bergan hodisalar yuzasidan hisob berishga majbur bo'ladi.

Ammo allaqachon uning bu chiqishi qanchalik xolis bo'lishi savol ostiga olib bo'lingan.

Aun San Su Chji shu paytgacha diplomatlar bilan xos yig'inlarida o'z harbiylari qonunga muvofiq ish tutib kelishayotganini ta'kidlab kelgan.

Ular tomonidan sodir etilayotgan "vahshiyliklar"ga oid bayonotlarni hamishda rad etgan.

Bu voqealar barchasiga o'tgan yil oktyabr oyida chegara politsiya zobitlarining jangari guruhi tomonidan hujumga tutilishi sabab bo'lgan.

Xalqaro Amnistiya bu hujumchilar aksariyatining roxingaliklar bo'lganini aytgandi.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring