Qodirov, Grozniy, "IShID..."

Ramzan Qodirov Image copyright AFP

Checheniston Prezidenti Ramzan Qodirovning rasman bayon qilishicha, poytaxt Grozniydagi maxsus amaliyot yakun topgan.

O'zaro otishmalar chog'ida yetti nafar hujumchi o'ldirilgan, yana to'rt shaxs qo'lga olingan.

Mahalliy vaqt bilan shanba kuni kechga yaqin Checheniston poytaxti Grozniyda otishmalar yuz berayotganiga oid xabarlar olingan.

Bu xabarlarda bir guruh noma'lum qurolli shaxslarning Oktyabrskiy tumani politsiya xodimlariga hujum qilishgani aytilgandi.

Prezident Ramzan Qodirovning so'zlaridan ayon bo'lishicha, qurolli shaxslar avvaliga bir politsiyachiga hujum qilib, uning mashinasini olib qochishadi.

Buning ortidan, ikkinchi politsiya xodimining uyiga bostirib kirishadi.

Politsiya xodimlari hujumchilar tushgan mashinaning yo'lini to'smoqchi bo'lisharkan, ikki o'rtada otishma kelib chiqadi. Bir qancha qurolli qochib qolishga muvaffaq bo'ladi.

Xabarlarga ko'ra, Grozniy sarhadlarida ularni tutish uchun yo'lga qo'yilgan maxsus amaliyot kecha yakshanba kuni ham davom etgan.

Checheniston va IShID

Agar, "Kavkazskiy uzel" portali ma'lumotlariga tayanilsa, bu - joriy yil hisobidan poytaxt Grozniy markazida kuzatilgan shunga o'xshash kamida to'rtinchi hodisa bo'lgan.

Avvalroq ayni shu portal Rossiya huquq-tartibot idoralariga tayanib, o'ldirilganlardan uch nafarining shaxslari aniqlangani, ular - Islom Altemirov, Sayd-Ibragim Ismailov va Magomed Ilyasovlar ekani haqida yozgan, to'rtinchisining ham kimligini bilish ustida ish olib borilayotganini bunga qo'shimcha qilgandi.

"Kavkazskiy uzel", bundan tashqari, kuch ishlatar tizimlari tomonidan reydlar uyushtirilgani, halok etilgan hujumchilar yaqinlari va tanishlarining hibsga olinayotgani haqida ham xabar bergandi.

Rossiya TASS axborot agentligining Checheniston Ichki ishlar vazirligidagi manbasiga tayanib xabar berishicha, qochib qolishga muvaffaq bo'lganlar IShID jangari guruhining a'zolari bo'lishgan.

Ammo rasmiy Grozniy bu qurolli shaxslarning kim bo'lishgani haqida hozircha biror bir ma'lumot bermagan.

Rossiya va IShID

Rossiya Oliy mahkamasi o'tgan yil boshida "Islomiy Davlat"ni "terrorchi", deb topgan, uning faoliyatini mamlakat hududida rasman taqiqlab qo'ygandi.

Agar, Rossiya Aksilterror Milliy qo'mitasining yaqinda e'lon qilgan ma'lumotlariga tayanilsa, "Islomiy Davlat" guruhi saflarida jang qilayotgan rossiyaliklarning soni mingdan ortgan.

Qo'mita "Kavkaz Amirligi"("Imarat Kavkaz") va "Hizb ut-Tahrir" tarafdorlarining "Islomiy Davlat" saflarida o'zlarining jangovar salohiyatlarini oshirishayotganini da'vo qilgandi.

Rossiyalik mas'ullar bu jangarilardan bir qismining ortga "aniq vazifa va maqsad bilan qaytishlari"dan ham rasman o'z xavotirlarini izhor etishgandi.

Ularning bayon qilishlaricha, so'nggi yillarda shundoq ham jangarilarning ko'plab liderlarini o'ldirishgan.

Turli ekstremistik guruhlar o'rtasidagi aloqalarni izdan chiqarishga muvaffaq bo'lishgan.

Agar, birgina o'tgan yilgi ma'lumotlarga tayanilsa, Shimoliy Kavkazda yetmishdan ortiq aksilterror amaliyotlari o'tkazilgan.

Bu amaliyotlar chog'ida esa, jangari ekanliklari taxmin etilgan 243 shaxs o'ldirilgan.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring