Endi ham so'kib ko'ring-chi, jazolanasiz

Bishkek Image copyright COURTESY

Agar, Qirg'izistonda bundan buyog'iga jamoatchilik joylarida so'ksangiz yoki haddan ziyod tegajoqlik qilsangiz, 8 soatlik jamoatchilik ishlariga jalb qilinish barobarida eng kam ish haqining 15 baravarigacha jarimaga tortilish yoki 5 sutkaga qamalishingiz mumkin.

Bu kabi ma'muriy jazo turlari jamoat tartibi va osoyishtaligini buzuvchi shunga o'xshash boshqa mayda jinoyat turlarini ham ko'zda tutishi aytilmoqda.

Ma'lum bo'lishicha, bunga Qirg'izistondagi Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksga kiritilgan tuzatishlar asos beradi.

Yangi tahrirdagi kodeks esa, bugun - dushanba kuni Qirg'iziston parlamenti a'zolari tomonidan ma'qullangan.

Bu haqda Qirg'izistonning http://www.24kg.org/ internet nashri xabar bermoqda.

Faqat bugina emas...

Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etiluvchi mayda bezoriliklar ham endi ota-onalarga anchagina qimmatga tushishi ma'lum bo'lgan.

Ayon bo'lishicha, ular bundan buyog'iga o'z farzandlarining qilmishi uchun eng kam ish haqining 10 baravari miqdorigacha jarima to'lashlariga to'g'ri kelishi mumkin.

Bundan tashqari, ish joyida spirtli ichimlik ichish yoki ishga sarxush holatda kelishga ham xuddi shu kabi ma'muriy jazo turi ko'zda tutilgan, ularning ham xuddi shuncha miqdordagi jarimaga tortilishlari belgilab qo'yilgan.

Kodeksga kiritilgan yangi o'zgartirishlar jamoat joylarida giyohvand va psixotrop moddalarni iste'mol qilish yoki inson qadr-qimmatini oyoq-osti qilish darajasida mast ahvolda ko'rinish berish hollarini ham nazardan qochirmagan.

Bu kabi holatlar uchun eng kam ish haqining 10 baravari miqdorigacha jarimadan tashqari, 8 soatlik jamoatchilik ishlariga jalb qilinish kabi ma'muriy jazo turlari ko'zda tutilgan.

Agar, jazolangandan keyin ham, bir yilning ichida bu ishga takroran qo'l urgudek bo'lsangiz, siz uchun ko'zda tutilgan jarima miqdorining avvalgisidan ko'ra ikki barobariga ko'p bo'lishi aytilgan.

Voyaga yetmagan shaxslarni tilanchilik, spirtlik ichimliklar ichish, giyohvand va psixotrop bo'lmasa-da, aql-hushiga ta'sir qiluvchi moddalar iste'mol qilishga jalb etish ham alohida ma'muriy jazo turiga loyiq, deb ko'rilgan.

Bu kabi shaxslarning 8 soatlik jamoatchilik ishlariga jalb qilinish barobarida eng kam ish haqining 50 dan 100 barobarigacha bo'lgan miqdorda jarimaga tortilishlari aytilgan.

Minimal ish haqi

Qirg'izistonda bugun minimal ish haqi - 1060 som (15 AQSh dollaridan sal ortiqroq)ni tashkil qiladi.

So'nggi yillarda iqtisodi biroz jonlanayotganiga qaramay, Qirg'iziston hanuz dunyodagi eng qashshoq davlatlardan biri sifatida qolmoqda.

Yaqinda e'lon qilingan rasmiy ma'lumotlarga qaralganda ham, mamlakat aholisining uchdan bir qismidan ortiqrog'i kambag'allikda hayot kechiradi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotiga ko'ra, hatto, 2011 yildan buyog'idagi holat ham Qirg'izistonda kambag'allar soni ortib borganiga dalolat qilgan.

Kuzatuvchilar, agar chetda mehnat muhojirligida band aholi yuborayotgan mablag'lar bo'lmasa, Qirg'izistondagi yana minglab oilalar hozirgidan ham og'ir ahvolga tushib qolgan bo'lishlarini ta'kidlashadi.

So'nggi tuzatishlar uchun esa, 111 deputatdan barchasi yakdillik bilan ovoz berishgani aytilmoqda.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring