UzWebiston: "Eshak go'shti haqida yozmang"

UzWebiston: "Eshak go'shti haqida yozmang" Image copyright Screen shot
Image caption UzWebiston: "Eshak go'shti haqida yozmang"

O'zbekistondagi upl.uz sayti boshqa web nashrlarni Samarqandda topilgan eshaklar qabristoni va yerdan tashib ketilgan minglab kilogramm eshak go'shti taqdiri haqidagi xabarlarni chop qilmaslikka chaqirgan.

Nashrga ko'ra, bu kabi xabarlar O'zbekistonga kelmoqchi bo'lgan sayyohlarni cho'chitib yuborishi mumkin.

"Mamlakatimizdagi turli saytlarni varaqlar ekan, qattiq hijolatga tushamiz, ba'zan bu holga tushunmasdan ajablanamiz. Bizda bitta savol paydo bo'ladi: Nima uchun? Katta auditoriyaga ega saytlar o'quvchilarning foydasiga xizmat qilmaydigan bo'lmag'ur narsalarni chop qiladi", - deb yoziladi xabarda.

Universal portal last news (upl.uz) saytiga ko'ra, Samarqand shahri yaqinida topilgan eshaklar qabristoni haqida yozilgan xabarlarni o'zbekistonliklar bilan birga chet ellik sayyohlar ham o'qib qolishi mumkin.

"Ular (eshak go'shti haqida yozgan jurnalistlar) biz haqimizda o'ylayapti, deysizmi? Yurtimizda turistlarning markazi bo'lgan, muqaddas diyor, buyuk ajdodlarimizning vatani bo'lmish Samarqand haqida o'ylaydi deysizmi? Albatta yo'q!", - deyiladi xabarda.

Nashrga ko'ra, bu kabi xabarlarni chop qilgan jurnalistlar O'zbekistonni sharmanda qilmoqda.

Bungacha O'zbekistonda bir necha axborot saytlari, bloggerlar va mahalliy televideniya Samarqand tumani Xishrav posyolkasidagi eshaklar qabristoni haqida xabarlar chiqargan edi.

Image copyright Reuters
Image caption Eshak go'shti haqida mashmasha birinchi marta va faqat O'zbekistonda tarqayotgani yo'q

Kun.uz sayti Samarqanddagi STV telekanali lavhasidan xulosa qilib, Samarqandda eshak go'shtidan taom tayyorlanib sotilgan bo'lishi mumkinligini yozdi.

Mashmashaga viloyat miqyosida rahbariyat o'z e'tiborini bildirib, ushbu ishni o'rganish vazifasi topshirilgan.

Samarqandlik jurnalist va blogger Toshpo'lat Rahmatullaev nuz.uz sayti uchun olib borgan jurnalistik tadqiqoti natijasida eshak go'shti bilan bog'liq mojaro hali ham davom etayotganini o'rgangan.

U bilan hamsuhbat bo'lgan mahalliy odamlarning gapidan eshaklar qabristoni fosh bo'lgach, bu ish bilan shug'ullanayotgan odamlar eshaklarni boshqa yerda so'yib, go'shtini olib ketayotganini bildirishgan.

Voqea joyiga borib ko'rgan jurnalist Toshpo'lat Rahmatullaev yuzlab eshak suyaklariga ko'zi tushganini yozgan.

Mahalliy odamlar aytishicha, ushbu eshaklarni so'yuvchilar go'shtini Samarqanddagi hayvonot bog'iga olib ketayotganini bildirgan.

Biroq jurnalist Rahmatullaev Samarqandda hayvonot bog'i yo'qligi sabab uning go'shti boshqa maqsadlarda ishlatilgan bo'lishi mumkinligini yozgan.

Blogger Sanjar Said Samarqand yaqinida so'yilgan minglab kilo eshak go'shtlaridan lavashdan tortib qiyma kabobgacha tayyorlangan bo'lishi mumkinligini yozadi.

"Yuzlab eshaklar so'yilib, go'shti allaqayoqlarga olib ketilgan, aniqqi, ularni nimalardir yoki kimlardir iste'mol qilgan. Ehtimol biz sevib yeydigan lavash, mazali qiymali kabobga ishlatilgandir, balki qaynatma sho'rvaga solingandir, kolbasa yoki sosiskalarga qo'shib yuborilgandir?! Kimdir o'rtaga chiqib shu gaplarim mutlaqo noto'g'ri, shubhalarim o'rinsiz ekaniga meni ishontirishini, har bir gumonimga qarshi aniq dalillar keltirishini qanchalar istayotganimni bilsangiz edi", - deyiladi Sanjar Said tomonidan yozilgan blogda.

Samarqand tumanidagi eshaklar qabristoni suv ombori akvatoriyasida topilgan. Mas'ullar ushbu qoldiqlar suvga tushgan yo tushmaganini tekshirishgan. Hodisa yuzasidan tergov surishtiruv ishlari boshlangani ma'lum qilingan.

Eshak go'shti mashmashasi ijtimoiy tarmoqlarda ham muhokama qilingan.

Foydalanuvchilarning yozishicha, eshak go'shtidan taom tayyorlashda foydalanish O'zbekistonda yangilik emas.

Boshqa viloyatlarda ham eshak go'shtidan tamaddixonalarda taom pishirish va kolbasalarga qo'shish haqida xabarlar odamlar orasida oldin ham chiqqan.

Biroq bu kabi xabarlar O'zbekistonda nashr etiluvchi saytlarda yozilmagan.

O'zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimov vafotidan so'ng bu kabi xabarlar mahalliy saytlar va hatto mahalliy telekanallarda ko'rsatila boshlandi.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring