Oʻzbekiston hukumati sarmoya muhiti yomonligini tan oldi

Sodiq Safoyev Image copyright Gazeta.uz

Oʻzbekiston Senati raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev mamlakatdagi sarmoya muhiti "yaxshilanishga muhtoj" ekanini aytgan va xorijlik ishbilarmonlar bilan ochiq muloqotga tayyor ekanliklarini izhor qilgan.

Bu haqda Senatning yangi tashkil etilgan xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy sarmoyalar va turizm boʻyicha qoʻmitasi rahbari Toshkentda xorijiy sarmoyalarga bagʻishlangan anjumanda gapirgan.

Senat mulozimining xorijiy diplomatlar va shirkatlar vakillari ishtirokidagi anjumanda maʼlum qilishicha, Oʻzbekiston hukumati kelayotgan besh yilda sarmoyaviy loyihalarga 40 milliard dollar miqdorida mablagʻ yoʻnaltirishni rejalamoqda.

Bu mablagʻlar 657 ta loyihaga moʻljallangan.

"Bu iddaoli bir dastur, ammo real qarash va moliyaviy imkoniyatlarga asoslangan", - deb aytgan senator.

Safoyevning soʻzlariga koʻra, hozirda Oʻzbekistonda sarmoya muhitini yaxshilashga qaratilgan "yoʻl xaritasi" ishlab chiqilmoqda.

U xorijlik ishbilarmonlarni ushbu jarayonda ishtirok etishga chaqirgan.

Oʻtmishda Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlagan va gʻarbparast siyosatchi sifatida bilingan Sodiq Safoyevning aytishicha, Oʻzbekiston hukumatining xorijiy sramoyalar borasidagi yangicha qarashi tfaqat iqtisodiy-ijtimoiy tarqqiytnigina emas, balki "erkin demokratik Oʻzbekistonni barpo etish"ni ham oʻz ichiga oladi.

Safoyev anjumanda taqdim qilgan "yangi islohotlar dasturi"da, jumladan, siyosiy islohotlarni tezlashtirish oltita ustuvor yoʻnalishdan biri sifatida belgilangan.

Oʻzbekistondagi prezident saylovlari arafasida katta siyosatga qaytgan Sodiq Safoyev mamlakatda "siyosiy modernizatsiya"ga ehtiyoj borligini tan olgan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev hozirga qadar eʼlon qilgan islohotlar, asosan ijtimoiy-iqtisodiy sohani qamrab oladi.

Toshkentdagi anjumanda qatnashgan Oʻzbekistondagi Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi rahbari Eduard Stiprays sarmoyadorlar duch kelayotgan muammolar, jumladan, elektr taʼminotidagi uzilishlarga eʼtibor qaratgan.

"Agar elektr taʼminoti yaxshi boʻlmasa, bironta ham sarmoyador zavod ochmaydi", -deya yevropalik diplomatning soʻzlaridan iqtibos keltirgan Gazeta.uz nashri.

U shuningdek, Oʻzbekistonda ishchi kuchi va inson zahirasining yetarli ekanini aytib, mehnat bozorida talab va taklif oʻrtasida nomutanosiblik borligini taʼkidlagan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring