Шаҳрам ва Криштиану: Футболми ёки бокс?
Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Shahram va Krishtianu: Futbolmi yoki boks?

Krishtianu Ronaldu Image copyright Getty Images

Oʻz vazn toifasida Yozgi Olimpiada Oʻyinlarining ilk kumush medali sovrindori, oʻzbekistonlik bokschi Shahram Giyasovning aytishicha, jahon futboli yulduzi Krishtianu Ronalduning soʻnggi ikki yutugʻidan ham xursandchiligining cheki yoʻq.

Portugaliya milliy terma jamoasi va Ispaniya "Real"(Madrid) qirollik klubining "yuzi" yaqinda oʻz karьerasida toʻrtinchi bor "Jahonning eng zoʻr futbolchisi", deb topilgan.

Krishtianu Ronaldu "Oltin toʻp" uchun kurashda bu yil oʻzining "ashaddiy va azaliy raqibi", jahon futbol olami sara yulduzlaridan biri kimsan Lionel Messini ortda qoldirib ketgandi.

Buning ortidan, aynan oʻzining xet-triki bilan Krishtianu Ronaldu final uchrashuvi qahramoniga aylangan oʻyinda "Real"(Madrid) oʻz tarixida ikkinchi bor klublar oʻrtasida jahon chempioniga aylangandi.

"Boks boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi orasida ham Krishtianu Ronalduning muxlislari koʻp. Ayniqsa, oʻzim uning judayam bir ashaddiy ishqiboziman", - deydi Shahram Giyasov BBC Oʻzbek Xizmati bilan suhbatida.

Krishtianu Ronalduga "Oltin toʻp" topshirilishi marosimi va klublar oʻrtasidagi jahon chempionati finalini qayerda, kimlar bilan tomosha qildingiz, degan savolimizga esa, Shahram, "Albatta, ashaddiy muxlisning uyida boʻladi-da, mening uyimda tomosha qildik", - derkan, oʻz kulgularini yashira olmaydi.

"Bolalar bilan bundan juda ham bir xursand boʻldik. Mazza qilib, birga oʻtirib, nishonladik", - deydi u xursandlik bilan.

Krishtianu Ronalduchasiga

Image copyright AFP

Shahram Giyasov aynan oʻzi kumush medalini qoʻlga kiritgan Rio Olimpiadasida qozongan har bir gʻalabasini ringning oʻzida turib, Krishtianu Ronalducha uslubda nishonlab, qaramaganni ham oʻziga qaratgan.

Oʻzining bu xatti-harakati bilan jahonning qator yirik sport nashrlari diqqat-eʼtiborini ham oʻziga tortgandi.

Bunga Krishtianu Ronalduning shaxsan oʻzi ham biror bir munosabat koʻrsatdimi, degan savolimizga esa, Shahram, "Ha, "Real"(Madrid) klubi oʻzining Instagram dagi rasmiy akkauntida yozib, tabrikladi. Krishtianu Ronaldu bilan ikkalamizning xatti-harakatimiz aks etgan suratni ham joyladi", - deydi sovrindor bokschi suhbatdoshimiz.

Jahon futbol olami yulduzlari orasidan nega aynan Krishtianu Ronalduga ishqibozlik qilishi savoliga kelganda, Shahram, "Real"(Madrid) klubiga yoshligidan muxlislik qilgani, oʻzini maydonda qanday tutishi, odamgarchilik kabi xislatlari uchun bu futbolchiga mehri tushib qolgani"ni aytadi.

Oʻzbekistonlik bu bokschi suhbatdoshimizga koʻra, "Krishtianu Ronaldu bilan shaxsan uchrashish - hayotidagi eng katta niyatlaridan biri boʻladi".

"Albatta, bu niyatim juda ham kuchli. Hech boʻlmasa, bitta rasmga tushib, qoʻlini oʻpib qoʻysam, judayam xursand boʻlgan boʻlardim", - deydi u.

Oʻzining Rio ringlaridagi bokschilik mahorati va qobiliyati bilan tilga tushgan bu suhbatdoshimizning eʼtirof etishicha, "boskchi boʻlmaganida, albatta, futbolchi boʻlgan boʻlardi".

"Chunki futbolni juda ham yaxshi koʻraman", - deydi Rio Olimpiadasi kumush medali sovrindori Shahram Giyasov.

Krishtianu Ronaldu va Oʻzbekiston

Image copyright AFP

Jahon futbol olamining bu nomdor yulduzi Oʻzbekiston futbol ahliga bevosita tanish, poytaxt Toshkentga shaxsan tashrif buyurgan futbolchilardan biri boʻladi.

2009 yilda Krishtianu Ronalduni Oʻzbekiston marhum prezidenti Islom Karimovning toʻngʻich qizi Gulnora Karimova Vasiylik Kengashi raisi boʻlgani aytiluvchi Fond Forum Toshkentga taklif qilgani, bu yulduz futbolchi bilan hamkorlikka oid memorandum imzolashga muvaffaq boʻlganini rasman maʼlum qilgandi.

Jamgʻarma oʻshanda buni Oʻzbekistondagi yosh sportchilarning mahoratlarini oshirish maqsadida qilganini aytgandi.

Ispaniyaning "Real"(Madrid)i "Barselona" bilan birga katta sondagi oʻzbekistonlik futbol ishqibozlari jon kuydirib muxlislik qiluvchi sanoqli xorijiy klublardan biri ham boʻladi.

Ispaniyaning bu qirollik klubi orada Oʻzbekistonda oʻzining Markaziy Osiyodagi ilk futbol akademiyasini ochish istagida ekanini ham maʼlum qilgandi.

2014 yilgi Ispaniya Kubogi finalida "Real"(Madrid)ning azaliy raqibi zabardast "Barselona" ustidan qozongan gʻalabasi poytaxt Toshkentda qanday nishonlangani esa, mahalliysi qolib, qator mintaqaviy nashrlarning ham diqqat-eʼtiboriga tushgan.

"Real"(Madrid)ning gʻalabasi Toshkentning Taxta bozorida "gʻirt oʻzbekchasiga": xosan taklif etilgan va doʻppiyu zarbof toʻnda boʻlgan sozandalar guruhi butun bozorni karnay-surnay sadolariga toʻldirgan holda bayram qilingan.

Mazkur holat oʻshanda Oʻzbekiston ishqibozlik tarixida bunaqasi boʻlmagan, deya eʼtiroflarga ham sabab boʻlgandi.

Portugaliyalik 31 yoshli sara hujumchi esa, bugun futbolga befarq boʻlmagan aksariyat tomonidan haqli ravishda jahondagi ikkita eng zoʻr oʻyinchidan bittasi deb tan olinadi.

Krishtianu Ronaldu 2009 yilda dunyodagi eng qimmat birinchi futbolchi sifatida ham tarixga kirgan.

Portugaliyalik futbol yulduzi oʻzining Gʻazo Boʻlgasidagi xayriyaparvarlik ishlari bilan ham arab dunyosida ancha nom chiqargan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring