Sodiq Safoyev: "Orqaga qaytishdan qoʻrqish kerak"

Sodiq Safoyev Image copyright Gazeta.uz
Image caption Oʻzbekistonning sobiq tashqi ishlar vaziri Sodiq Safoyev Islom Karimov vafotidan soʻng katta siyosatga qaytgan

Oʻzbekiston Senati raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev mamlakatda boshlangan islohotlardan orqaga qaytishni eng katta xavf deb atagan.

Eadaily nashri bilan suhbatda Safoyev mamlakatning yangi rahbariyati siyosiy islohotlarning zarurligini anglab yetganini aytgan.

Uning soʻzlariga koʻra, iqtisodiy sohada islohotlar oʻtkazish zarurati siyosiy tizimni yangilashni taqozo qilmoqda.

Safoyevning aytishicha, inson haqlarini himoya qilmasdan va boshqaruvni shaffoflashtirmasdan turib, iqtisodiy oʻsishga erishib boʻlmaydi.

"Bu kimgadir yoqish yoki xalqaro tashkilotlar oldida hisobot berish uchun qilinayotgani yoʻq. Siyosiy islohotlarni keyinga qoldirish jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin", - deb aytgan Senat mulozimi.

Ayni paytda u Karimov davrida amal qilgan kuchli ijroiya hokimiyatini himoya qilgan.

"Yangi davlatni barpo etish va mamlakat oldida turgan muammolarni yechish uchun sharoitlar murakkab edi",- degan Safoyev.

Uning soʻzlariga koʻra, hozir Oʻzbekistonning yangi rahbariyati birinchi navbatda iqtisodiy taraqqiyot bilan bogʻliq aniq masalalar, jumladan, korruptsiya muammosini yechishga urinmoqda.

Safoyevning aytishicha, korruptsiyaga barham berish uchun davlat boshqaruvining yangi shaklida amaldorlarning rolini kamaytirish muhim.

"Korruptsiya bu - hokimiyatni sotish demakdir. Unga qarshi kurashning eng muhim koʻrinishlaridan biri - shaffoflik, ochiqlikdir", - deb aytgan Oʻzbekiston Senati raisining birinchi oʻrinbosari.

Oʻzbekistonning sobiq tashqi ishlar vaziri Sodiq Safoyev Islom Karimov vafotidan soʻng katta siyosatga qaytgan.

Soʻnggi haftalarda u siyosiy islohotlar bilan bogʻliq qator muhim bayonotlar bilan chiqqan.

Ammo tahlilchilarga koʻra, gʻarbparast siyosatchi sifatida koʻrilgan Safoyevning yangi hukumatda qanchalik taʼsirga ega boʻlishi haqida gapirishga hali erta.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Bosh vazir Abdulla Aripov doxil qator ziddiyatli sobiq mulozimlarni hukumatga qaytarishi uning oʻzi eʼlon qilgan ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi islohotlarning qanchalik chuqur boʻlishi borasida savollarni paydo qilgan.

Shu hafta boshida sobiq Ichki ishlar vaziri Zokir Almatovning korruptsiyaga qarshi kurash boʻyicha yangi tashkil etilgan idoralararo komissiya raisi etib tayinlangani xabar qilingan.

Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan buyon fuqarolar bilan virtual muloqotni yoʻlga qoʻygan va hokimlarni xalqqa hisob berishga majburlashini aytgan.

U tadbirkorlik faoliyatiga aralashuvni cheklovchi va korruptsiyaga qarshi qonunlarni tashabbuskori boʻlgan.

Seshanba kuni Prezident 179 kishini Oʻzbekiston fuqaroligiga qabul qilish haqidagi farmonni imzolagan.

Ammo tahlilchilarga koʻra, Oʻzbekistonda sovet davridan buyon amal qilayotgan chiqish vizasi va Toshkent propiskasi kabi fuqarolarning konstitutsiyaviy haqlarini cheklovchi tartiblar bekor qilinmas ekan, siyosiy islohotlar haqida gapirib boʻlmaydi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring