Alisher Usmonov: "Men musulmon farzandiman"

Alisher Usmonov Image copyright Kremlin.ru

Rossiya muftiysi shayx Ravil Gaynutdin asli oʻzbekistonlik ishbilarmon Alisher Usmonovni Rossiya muftiylar kengashining oliy mukofoti - birinchi darajali "Al-Faxr" ordeni bilan taqdirlagan.

Rossiya musulmonlari diniy boshqarmasining xabarida aytilishicha, Usmonovga mukofot chorshanba kuni Moskva jomeʼ masjididagi marosim chogʻida topshirilgan.

USM-Holdings shirkati asoschisi oliy mukofotga "Rossiyada islomiy uygʻonishga qoʻshgan ulkan hissasi" uchun munosib koʻrilgan.

"Biz oʻz birodarlarimizning biznesdagi muvaffaqiyatlarini faxr bilan kuzatib borayapmiz va duolarimizda ularga muvaffaqiyat va rivoj tilaymiz", - deb aytgan Rossiya musulmonlarining muftiysi.

Oʻz navbatida Alisher Usmonov muftiyga oliy mukofot uchun minnatdorchilik bildirgan.

"Odam oʻzini ruhan uygʻunlikda his qilishi uchun oʻz eʼtiqodida boʻlishi, oʻzining dindoshlariga yaqin boʻlishi kerak, deb hisoblayman. Men musulmonman va musulmon farzandiman. Mening nazarimda oʻz atrofingdagilar, dindoshlaring uchun xayrli ishlar qilish hayotning asosiy mazmunidir. Odamlarga yaxshilik qilish va buning uchun hech qanday minnatdorchilik kutmaslik", - deb aytgan Alisher Usmonov.

Rossiyaning eng koʻzga koʻringan sahovetpeshalaridan boʻlgan 63 yoshli Usmonov Qozondagi Oq masjid, Tataristondagi Islom akademiyasi va Chita jomeʼ masjidi qurilishiga mablagʻ ajratgani xabar qilingan.

Avvalroq oʻzbek ishbilarmon Toshkentdagi "Minor" masjidining qurilishini ham moliyalagani haqidagi xabarlarni rad etgandi.

Shu yilning oktyabrida Alisher Usmonov Rossiya soliq rezidentligidan chiqqan.

Bunga milliarderning bir yil davomida mamlakatda 183 kundan kam boʻlgani rasman sabab qilib keltirilgan.

Britaniyaning ham eng badavlat shasxlaridan boʻlgan Usmonov bu yil birinchi marta Shveytsariyaning oʻnta eng boy odamlar roʻyxatiga kiritilgan.

Shveytsariyaning Bilan jurnali Usmonovning boyligini 12-13 milliard shveytsar franki yoki 11,8-12,8 milliard dollar deb baholagan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring