IShIDga qoʻshilishga uringan rus qiz 4,5 yilga qamaldi

Karaulova Image copyright RiaNovosti
Image caption Karaulova oʻz qilmishidan pushaymonlik izhor qilgan

Moskva okrugi harbiy mahkamasi Moskva davlat universitetining sobiq talabasi Varvara Karaulovani "Islomiy Davlat" ekstremistik guruhi saflariga qoʻshilishga uringanlikda aybdor deb topib, toʻrt yarim yilga ozodlikdan mahrum etgan.

Karaluova jazoni umumiy tartibdagi koloniyada oʻtashi maʼlum qilingan.

Davlat qoralovchisi ayblanuvchini 5 yil qamoq va 150 ming rubl jarimaga mahkum etishni soʻragan.

BBC muxbirining sud zalidan yozishicha, hakamning soʻzlariga koʻra, Karaulova radikal islomiy qarashlarga ega boʻlgani va muqaddas urush yoki jihod olib borishni yoqlagani guvohlarning koʻrsatmalari orqali tasdiqlangan.

Mahkama hukmida aytilishicha, Karaulova "terrorchi tashkilot faoliyatida ishtirok etish taraddudida boʻlganini bilgan va Rossiyaga qaytgach, "Islomiy davlat" amallarini oqlagan hamda IShID ga qaytadan qoʻshilish rejalarini tuzgan".

Karaulovaning oʻzi soʻnggi soʻzida oʻz harakatlarini "oʻsmirning gʻalayoni" sifatida baholagan hamda oʻz yaqinlari va maxsus xizmatlardan kechirim soʻragan.

"Menda oʻsmirlik gʻalayoni boʻlgan. Odatda bu odamlarda 14-15 yoshida boʻladi, menda esa 19 yoshimda boʻldi... Men xato qilganimni anglab yetdim va, oʻylaymanki, bu xatoyim uchun toʻla jazoyimni oldim", - dedi Karaulova Moskva okrugining harbiy sudida oʻtayotgan sud ishida berilgan oxirgi soʻzida.

U shuningdek, IShID saflariga qoʻshilish uchun hech qanday tayyorgarlikdan oʻtmaganini aytgan.

Karaulovaning aytishicha, u IShIDning Samatov familiyali aʼzosini sevib qolgan, lekin, bu sevgi "ogʻriqli va nomaqbul" boʻlgan.

Davlat ayblovchilariga koʻra, Karaulova Suriyaga oʻtish uchun Turkiyaga borgan va bu yoʻlda hatto "oʻz oilasi va sevimli iti"ni tark etgan.

Ayblanuvchining advokatlari hakamlarni Karaulovaning aybsizligiga ishontirishga uringanlar.

Karaulova 2015 yilda Turkiyada ushlanib, Rossiyaga deportatsiya qilingandi.

MDU uni talabalar safidan chiqargan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring