45 mingta jangari mintaqa uchun nimani anglatadi?

Oʻzbekiston Islomiy Harakati Image copyright VIDEO

Agar, Birlashgan Millatlar Tashkilotining eng soʻnggi hisob-kitoblariga tayanilsa, joriy paytda qoʻshni Afgʻonistonda 45 mingdan ortiq jangari jang qilmoqda.

Xalqaro tashkilotga koʻra, ulardan yarmiga yaqini xorijiy jangarilardan iboratdir.

Birlashgan Millatlar Xavfsizlik Kengashi ixtiyoriga havola etilgan bu raqamlar Afgʻonistondagi vaziyat jiddiy izdan chiqib ulgurgan bir paytga toʻgʻri kelmoqda.

Agar, Afgʻonistondagi xorijiy ittifoq qoʻshinlari Bosh qoʻmondoni general Jon Nikolsonning yaqinda qilgan chiqishiga ishonilsa, hozir bu qoʻshni mamlakat hududining 10 foizdan ortiqrogʻi Tolibon nazorati ostida. Chorak foiz qismi esa, janglar ichida.

Xalqaro harbiy ekspertlarga koʻra, bunaqasi Afgʻonistonda Tolibon tuzumi qulatilgan 2001 yildan buyon kuzatilmagan.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining yangi hisobotida eʼtirof etilishicha ham, toliblar kuchayish barobarida oʻzining azaliy eng yaqin ittifoqchisi - "al-Qoida" tarmogʻi bilan aloqalarini yana mustahkamlashga muvaffaq boʻlishgan.

Xuddi shu manzarada Afgʻoniston birinchi vitse-prezidenti general Abdulrashid Doʻstum ham ogohlik bilan chiqqan, Yaqin Sharqdagi IShID guruhi Markaziy Osiyo davlatlarini koʻzlab, mamlakat shimoliga 10 mingga yaqin jangarisini sizdirish niyatida ekanini aytgan.

Shu yil boshida Rossiyaning Afgʻonistondagi maxsus vakili Zamir Kabulov ham IShID shundoqqina biqinlarida oʻz jangari faoliyatini kengaytirayotganiga oid bayonot bilan chiqqan, guruh bu mamlakatda 10 mingtacha tarafdoriga ega ekanini taxmin etgandi.

Katta sondagi Gʻarb boshchiligidagi ittifoq qoʻshinlari esa, afgʻon mojarosiga yakun yasolmay, 2014 yilda oʻzlarining Afgʻonistondagi uzoq yillik harbiy hozirliklariga yakun yasashgan.

Ularning ommaviy safarbarligi ortidan kechgan qisqa vaqtning ichida Afgʻonistonda vujudga kelgan bu kabi vaziyat esa, Rossiya va qudratli Xitoy doxil aksariyat mintaqa davlatlarining birdek oshkora va jiddiy xavotirlariga sabab boʻlib ulgurgan.

Bu mamlakatlar mavjud beqarorliklar birgina Afgʻoniston bilan chegaralanmay, butun mintaqadagi vaziyatni izdan chiqarib yuborishi mumkinligidan tashvishdalar.

Shunday ekan, yaqinda Birlashgan Millatlar Xavfsizlik Kengashi ixtiyoriga havola etilgan yangi raqamlar amalda nimani anglatadi? Aynan xavfsizlik bilan bogʻliq vaziyat nazarda tutilganda, mintaqani oldinda nimalar kutmoqda?

BBC Oʻzbek Xizmati xuddi ana shunday savollar bilan qator xalqaro va mintaqaviy yetakchi ekspertlarga murojaat qildi:

Pol Rojers, Mudofaa masalalari boʻyicha ekspert, London:

Image copyright VIDEO

- Mintaqa davlatlari uchun yangi hisobotda yangragan raqamlarning muammoli jihatlaridan biri - xorijiy jangarilar bilan bogʻliq. Chunki bu jangarilardan aksariyati ularning oʻz fuqarolari. Xuddi shu davlatlarning oʻzidan chiqishgan. Ustiga ustak, oʻta mutaassib qarashda ekanliklari ehtimoli yuqori boʻlgan bu odamlar hozir Afgʻonistondan xavfsiz boshpana topishgan. Bu - ularning bugun boʻlmasa, ertaga oʻz mamlakatlari uchun boshogʻriqqa aylanishlari mumkinligini anglatadi. Shu sababdan ham, bu nafaqat Afgʻoniston, balki butun mintaqa xavfsizligi nazarda tutilganda ham, masalaning xavotirga loyiq jihatlaridan biri boʻladi.

Rahimulloh Yusufzay, mintaqadagi jangari guruhlar faoliyatini yaqindan yoritib boruvchi yetakchi jurnalist, Pokiston:

Image copyright COURTESY

- Agar, Afgʻonistondagi jangarilarning soni, aytilganidek, 45 mingdan ortiq boʻlsa, bu - uncha ham katta raqam emas. Yaʼni, hanuz vaziyatni nazorat ostida tutib turish mumkin boʻladi. Ammo men yangi hisobotda keltirilgan raqamlar borasida shubhadaman. Menimcha, Afgʻonistondagi jangarilarning soni tilga olinganidan ancha yuqori. Bu yerda boshqa bir masala bor. Sonlari aytilgandek boʻlgan taqdirda ham, bu jangarilar soʻnggi tomchi qonlari qolguncha kurashish ahdida qatʼiy boʻlgan odamlardir. Shu nuqtai-nazardan ular Afgʻonistondagi xorijiy qoʻshinlar, afgʻon hukumati va hatto, bir-birlari uchun ham rostmana tahdidlar. Buncha sondagi jangarining hozirligi - Afgʻonistondagi janglarning bu yaqin-orada tinmasligiga dalolat qiladi. Hali koʻp qonlar toʻkiladi, nazarimda. "Al-Qoida", IShID va Sharqiy Turkiston Islomiy harakati saflarida turib jang qilayotgan xorijiy jangarilarning yakuniy maqsadlari esa, birgina Afgʻonistonning chegaralari bilan cheklanmaydi. Bularning barchasi Afgʻonistondan keluvchi tahdid darajasining hanuz yuqori ekanini anglatadi. Hozirga kelib, Amerika va uning ittifoqchilari ham bu urushda qoʻllari baland kelmasligini tushunib yetishdi. Shuning uchun ham hozir hamma masʼuliyatni afgʻon harbiylari zimmasiga yuklashga tushib qolishgan. Sulhu madorasiz, menimcha, afgʻon mojarosining yechimi yoʻq.

Kamoliddin Rabbimov, asli oʻzbekistonlik siyosiy tahlilchi, Frantsiya:

Image copyright AP

- Bilasizmi, menimcha, buni qiyosiy tahlil qilish qiyin. Gap shundaki, oldingi yillardagi vaziyatga oid bizga biror bir raqamlar imkonli emas. Lekin Afgʻonistondagi toliblarning soni 45 ming emas, bundan ancha yuqori ekaniga oid umumiy tasavvurlar bor edi. Lekin Tolibonning asosiy manbasi - afgʻon jamiyatining etnik pushtun qatlami, anʼanador hududlar, xuddi shunday qarashdagi shaxslar va noroziligi yuqori boʻlgan ijtimoiy tabaqa boʻlib qolishi bu - har doim bir qonuniyat. Chunki Gʻarb boshchiligidagi ittifoq kuchlari yoki rasmiy Kobul biror bir jiddiy xato qiladigan boʻlsa, jamoatchilikda norozilikka sabab boʻladigan biror bir amaliyotga qoʻl uradigan boʻlsa, jamiyat noroziligini ifoda qilishning eng yorqin, radikal bir misoli - Tolibon saflariga oʻtish, toliblar bilan hamkorlik qilish va ularni qoʻllab-quvvatlash boʻlib kelgan. Va mana shu holat oʻzgarmay qolaveradi. Endi, qarang, 45 ming, mening nazarimda, shunday bir raqamki, bir tomondan, u - Afgʻonistondagi vaziyatni toʻlaqonli izdan chiqara olmaydi. Lekin, ayni paytda, Afgʻonistonga tinchlik imkoniyatini ham bermaydi. Chunki shu 45 mingtadan yarmiga yaqini xorijiy jangarilar deyilayotgan boʻlsa, bu raqam men taxmin qilganimdan koʻra koʻp. Ammo, shunda ham, bu Markaziy Osiyo mintaqasi, yaʼniki Oʻzbekiston, Tojikiston va Turkmanistonga jiddiy bir tahdid emas. Chunki chegaralar jiddiy qoʻriqlanadi. Toʻgʻri, ularning Afgʻonistonda emin-erkin harakat qilishi uchun maʼlum bir ijtimoiy zamin bor, deyishimiz mumkin. Ammo Afgʻonistondagi xorijiy jangarilar Markaziy Osiyoga vaziyatni izdan chiqara oladigan darajada tahdid boʻla olmaydi. Lekin beqarorlik omili saftida saqlanib qolaveradi. Agar, 45 mingta jangari hammasini oladigan boʻlsak, bu son, bir tomondan katta koʻrinsa-da, ular markazlashgan, jipslashgan bir kuch emas. Shu sababdan, ularni ham Markaziy Osiyoga jiddiy, katta, vaziyatni izdan chiqaradigan tahdid, deb aytib boʻlmaydi. Chunki toliblarning asosiy maqsadi bu - Afgʻonistonda hokimiyatni egallash. U yerdagi jangarilar maʼlum bir qismining maqsadi Markaziy Osiyodagi vaziyatni izdan chiqarish boʻlganda ham, bunga toliblar rozi boʻlmaydi. Chunki toliblar hokimiyatga kelishi bilanoq ular vaziyatni konservatsiya qilishdan manfaatdor boʻladi.

Arkadiy Dubnov, siyosatshunos, MDH davlatlari boʻyicha ekspert:

Image copyright Getty Images

- Afgʻonistondagi 45 mingdan ortiq jangarining Markaziy Osiyo mintaqasi xavfsizligi uchun amalda nimani anglatishi savoliga javob berish uchun, eng avvalo, toliblarni oʻzagini kelib chiqishi markaziy osiyolik boʻlgan jangarilardan ajratish lozim boʻladi. Chunki afgʻon jangarilarining oʻzlari oʻz boshlaricha Markaziy Osiyo uchun tahdid boʻla olishmaydi. Mintaqa uchun ayni shu mintaqadan chiqqan jangarilargina potentsial xavf boʻla olishi mumkin. Deylik, IShIDga bayʼat keltirmaslaridan avval Oʻzbekiston Islomiy Harakati yoki Sharqiy Turkiston Islomiy Harakati, deb yuritib kelinganiga oʻxshash guruhlarning aʼzolari... Shuning uchun ham bu kabi manzarada qoʻyilgan savolga, taʼbir joiz, aniq, "Mana shu", deb javob berish imkonsiz boʻladi. Boshqa tomondan, shuni ham taʼkidlash kerakki, joriy yilda Oʻzbekiston Islomiy harakatining aʼzolari yoki toliblarning Markaziy Osiyoga xuruji haqidagi bashoratlarning birortasi oʻzini oqlamagani ham bor gap. Shuning uchun ham, Afgʻonistondagi vaziyatning mintaqa uchun muqarrar tahdid ekaniga oid xavotirli chiqishlar mutlaq asosli, deya olmaymiz. Yaʼni, shu paytgacha amalda biror bir shaklda oʻz isbotini topmagan. Bu - mening nuqtai-nazarim.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring