Putin: "Biz qurollanish poygasini boshlamaymiz"

Putin Rossiyani har qanday "tajovuzkor kuch"dan qudratli deb biladi Image copyright AFP
Image caption Putin Rossiyani har qanday "tajovuzkor kuch"dan qudratli deb biladi

Prezident Vladimir Putin "Rossiya har qanday tajovuzkor kuchdan koʻra qudratliroqdir", deb aytgan.

Chunki Putinga koʻra, Rossiya oʻzining yadroviy raketalari va boshqa harbiy kuchlarini zamonaviylashtirgan.

Shuningdek, Rossiya prezidenti AQShning Aksilballestik raketalar boʻyicha kelishuvdan chiqishiga toʻxtalar ekan, bu bilan Vashington "yangi yadroviy qurollar poygasi uchun zamin hozirladi", deb aytgan.

Ayni kelishuv 1972 yilda AQSh va SSSR oʻrtasida imzolangandi.

Putin bu masalalarga oʻzining yillik matbuot anjumanida toʻxtalgan.

"Biz oʻzimizning raketa kuchlarimizni takomillashtirish uchun qattiq mehnat qilganimiz sir emas", deb aytgan u.

Putinning aytishicha, AQSh Aksilballestik raketalar kelishuvini tark etganidan keyin "Rossiya oʻzining jangovor tizimini takomillashtirishiga toʻgʻri kelgan".

"Kimdir yana qurollanish poygasini boshlasa, bilingki, bu biz emas. Biz kuchimiz yetmagan qurollanish poygasi uchun mablagʻ sarflamaymiz".

Rossiya prezidenti Donald Tramning AQSh prezidentlik saylovlarida gʻalaba qozonishiga ham toʻxtalgan.

Putin AQSh prezidenti Obama tomonidan Rossiya saylov targʻiboti mobaynida Demokratik partiya kompyuterlariga hakerlik hujumi uyushtirdi degan ayblovlarini rad etgan.

"Men avval ham aytgan edim... Magʻlub tomon doim chetdan aybdor qidiradi. Ular muammoni oʻz oralaridan izlashsa toʻgʻriroq boʻlar edi".

Kongressdagi saylovda ham demokratlarning yutqizganiga ishora qilar ekan, "bu ham mening ishimmi", deb kinoya qilgan.

Putin muqaddam Donald Trampga maqtovlar yogʻdirgan, AQShning yangi prezidenti ham Rossiya rahbariga ehtiromlarini izhor qilgandi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring