Tu-154 uchog'i halokatiga "terakt sabab bo'lmagan"

Image copyright AFP
Image caption Qidiruv va tekshirish amallari davom etmoqda

Rossiya Federal Xavfsizlik xizmatining bayonot berishicha, Tu-154 samolyotining halokati bo'yicha dastlabki tekshiruvlarda "terakt ro'y berganiga doir ishoralar topilmagan".

Xavfsizlik xizmati shuningdek, ayni uchoqda harbiy yuklar bo'lmaganini ma'lum qilgan.

FXXning jamoatchilik bilan aloqalar markaziga ko'ra, "laynerning halokatga uchrashini ko'rganlar bor, shuningdek, tekshiruvchilar video ma'lumotlar bilan ishlashmoqda".

Federal Xavfsizlik xizmati uchoq halokati "texnik" sabablarga ko'ra ro'y berganini ma'lum qilgan.

Qidiruv amallariga 3000 dan ortiq kishi jalb qilingan, ular orasida 109 nafar g'avvoslar bor.

Kemalar, uchoqlar va vertolyotlar yordamida halokatga uchragan samolyotning qoldiqlari va qurbonlar jasadlarini izlanmoqda.

Yakshanba kuni Rossiyaning bortida 92 kishi bo'lgan Tu-154 harbiy-transport samolyoti Qora dengizga qulab tushgan edi.

Rossiya mudofa vazirligiga ko'ra, mahalliy vaqt bilan ertalab soat 5 dan 25 daqiqa o'tganda Sochi aeroportidan havoga ko'tarilgan samolyot oradan 2 daqiqa o'tib, radarlardan g'oyib bo'lgan.

Mudofaa vazirligining bildirishicha, Suriyaning Latakiya shahriga parvoz qilgan Tu-154 da askarlar, Aleksandrov nomidagi Rossiya qurolli kuchlari ansamblining 64 nafar a'zolari hamda 9 nafar jurnalistlar bo'lgan.

Samolyot Moskvadan parvoz qilgan va Sochi shahrining Adler aeroportiga yoqilg'i to'ldirish uchun qo'ngan.

"Rossiya mudofaa vazirligining Tu-154 samolyoti qoldiqlari Sochi shahrining Qora dengiz sohilidan 1.5 kilometr masofada, 50-70 metr chuqurlikda topildi", deyiladi Rossiya mudofaa vazirligi bayonotida.

Hozirga qadar bironta ham omon qolgan inson topilmagan.

Tu-154 bortidan shuningdek, "Doktor Liza" taxallusi bilan tanilgan Elizaveta Glinka ham bo'lgan.

"Adolatli yordam" nodavlat tashkilotining rahbari yaqinda Kremlda Putinning qo'lidan davlat mukofotini qabul qilib olgan edi.

Prezident Putin dushanbani Rossiyada motam kuni deb e'lon qilgan.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring.