Putin: "AQSh diplomatlarini chiqarib yubormaymiz"

Image copyright AFP
Image caption Kreml vebsaytida "Biz hech kimni chiqarib yubormaymiz" deya bayonot berildi

Putin 35 Rossiya diplomatining AQShdan chiqarib yuborilishiga qassdan javob qaytarmasligini aytdi.

Biroz avval mamlakat tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Putinga AQShning 35 diplomatini Rossiyadan chiqarib yuborishni taklif qilgandi.

Ammo, Putin Rossiya "mas'uliyatsiz diplomatiya" darajasiga tushmasligini aytdi va yangi saylangan AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan AQSh-Rossiya aloqalarini qayta tiklash yo'lida ishlashligini bildirdi.

Kreml vebsaytida "Biz hech kimni chiqarib yubormaymiz" deya bayonot berildi.

"Biz oilalar va ularning farzandlarini Yangi yilni nishonlaydigan odatiy joylariga borishlarini taqiqlamaymiz. Undan tashqari, men Rossiyadagi barcha amerikalik diplomatlarning farzandlarini Kremldagi archa bayramiga taklif qilaman", - deyiladi Putinning bayonotida.

Avvalroq Vashington AQSh prezidentlik saylovlariga aralashishda ayblab 35 Rossiya diplomatini mamlakatdan chiqarib yuborar ekan, Rossiya bunga javoban amal ko'rishga va'da bergandi.

Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov 35 Amerika diplomatini Rossiyadan chiqarib yuborish bo'yicha Kremlga tavsiya berganini aytgan.

Prezident Vladimir Putin voizi Kremlning javobi AQShni "juda noqulay" ahvolga solib qo'yishini aytgandi.

Rossiya AQSh saylovlari oldidan xakerlik hujumlarini uyushtirganini rad etdi va Amerika choralarini "asossiz" deb tasvirladi.

AQSh payshanba kuni quyidagi choralarni ko'rdi:

Rossiyaning Vashingtondagi elchixonasi va San-Frantsiskodagi konsulligidagi 35 diplomat "persona non grata" deb e'lon qilindi va AQShni o'z oilalari bilan 72 soat ichida tark etishlari buyurildi.

Rossiya maxfiy kuchlari Nьyu-York va Merilendda foydalangan ikki idora yopiladi.

To'qqizta idora va shaxslar, xususan ikki Rossiya xavfsizlik agentliklari - GRU va FSBga qarshi sanktsiyalar kiritildi.

Prezident Barak Obama Rossiya hukumati Demokratik partiya nomzodi Hillari Klintonning saylovoldi kampaniyasiga kiber-hujumlar qilgani borasidagi iddaolar manzarasida chora ko'rishga va'da bergandi.

Klinton kampaniyasi rahbari va Demokratik Milliy Qo'mita serverlaridan o'g'irlangan elektron maktublar Vikiliks vebsaytida chop qilingandi.