Xalq bilan muloqot uchun yangi lavozim yaratildi

Image copyright Sputniz.uz
Image caption Qabulxonalar ochilishidan maqsad oddiy xalq va mansabdor shaxslar o'rtasida bevosita muloqotni rag'batlantirishdir

O'zbekiston prezidenti qaroriga binoan, xalq qabulxonalari faoliyatini nazorat qilish va o'zaro muvofiqlashtirish bo'yicha davlat maslahatchisi lavozimi tashkil etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoev bu yangi lavozimga Favqulodda vaziyatlar vaziri Tursinxan Xudaybergenovni loyiq deb topdi.

"Xudaybergenov Tursinxan Aydarovich O'zbekiston Favqulodda vaziyatlar vaziri vazifasidan ozod etilib, jismoniy va yuridik shaxslar murojatlarini nazorat qilish va o'zaro muvofiqlashtirish bo'yicha O'zbekiston Prezidentining Davlat maslahatchisi lavozimiga tayinlansin", - deyiladi prezident qarorida.

Ammo, Xudaybergenov xalq bilan muloqot qilish bobida qanchalar boy tajribaga ega ekani noaniq.

Xudaybergenov olti yildan beri Favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimida ishlab kelayotgan edi.

O'zbekistondagi nashrlarga ko'ra, u bundan oldin Farg'ona viloyati IIB boshlig'i vazifasida ishlagan. U huquqni saqlash organlari faoliyatini nazorat qilish bo'yicha O'zbekiston prezidentining davlat maslahatchisi lavozimida ham ishlagani aytiladi.

Mirziyoev o'tgan hafta O'zbekistonning barcha viloyatlarida prezident qabulxonalari ochish haqida qaror imzolagan.

Qabulxonalar ochilishidan maqsad oddiy xalq va mansabdor shaxslar o'rtasida bevosita muloqotni rag'batlantirishdir.

Mirziyoev prezidentlik saylovidan avval virtual qabulxona tashabbusi bilan chiqqandi. Unga qilingan 200 mingdan ortiq murojaatlar orasida asosan maishiy va mahalliy tusdagi ba'zi muammolar hal qilingani xabar qilindi.

Biroq, xalq uchun ahamiyatli bo'lgan milliy valyuta konvertatsiyasi, majburiy paxta terimi, ishsizlik, maoshlar, energiya taqchilligi va inson huquqlari kabi masalalar hozircha nishonga olingani yo'q.