Mirziyoyev akademiklarga 1000 dollardan pul ulashdi

Image copyright Official

Yangi yil arafasida Oʻzbekistonning yetakchi ilm-fan namoyandalari bilan uchrashgan Prezident Shavkat Mirziyoyev uchrashuv soʻnggida 100 ga yaqin akademiklarga 1000 dollardan pul ulashgan.

Uchrashuvda qatnashgan akademiklardan birining Bi-bi-siga aytishicha, Prezidentning qogʻoz qutilarga solingan 6,5 million soʻm (qora bozor kursida 1000 AQSh dollari - tahr.) miqdoridagi "yangi yil sovgʻasi" akademiklarni uylariga kuzatib qoʻygan maxsus yordamchilar tomonidan topshirilgan.

Kutilmagan sovgʻa aksariyati 80-90 yoshni qoralagan keksa ilm-fan namoyandalari uchun "yoqimli syurpriz" boʻlgan.

"Bir xalta pul bor edi, ogʻirgina edi, ikkita yigit uygacha koʻtarib kelib, uyga kelganda topshirishdi", - deydi Prezident sovgʻasidan hayrat va xursandchiligini yashirmagan Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining aʼzolaridan biri.

Uning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekistondagi ilm ahlining "maoshi va tirikchiligi ham shuni taqozo qilib qolgan edi".

Prezidentdan xuddi shunday sovgʻa olganini Bi-bi-si suhbatlashgan boshqa uchrashuv qatnashchilari ham tasdiqlashmoqda.

Ularning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi tuzilmaviy islohotlarga muhtoj.

"20 yildan beri Akademiyaga saylov boʻlmaydi. Muxbir-aʼzolik ham ikki yil oldin toʻxtatilgan. Oʻzgarishlar boʻlmasa, kelayotgan yillarda Fanlar Akademiyasi oʻz-oʻzidan yoʻq boʻlib ketadi", -deb aytdi Bi-bi-si bilan suhbatda atoqli akademiklardan biri.

Suhbatdoshning aytishicha, Prezident Mirziyoyev akademiklardan ilm-fanni rivojlantirishga doir taklif va gʻoyalarini berishni soʻragan.

"Sizlar bizga taklif bering, biz sizlarga hamma sharoitni yaratib beraylik", - deb aytgan Prezident.

Uchrashuvda Fanlar akademiyasi aʼzolari bilan bir qatorda yetakchi oliy oʻquv yurtlari rektorlari ham ishtirok etgan.

Image copyright UZREPORT

30 dekabr kuni oʻtgan uchrashuvda Mirziyoyev Oʻzbekistonning ilmiy-innovatsion salohiyati talab darajasida emasligini eʼtirof etgan.

"Yuqori texnologik ilmiy mahsulotlarni amaliyotga joriy etish uchun yangi zamonaviy tajriba-ishlab chiqarish, konstruktorlik-texnologik tashkilotlar hamda innovatsiya markazlarini tashkil etish zarur. Marketing va litsenziyalash xizmatlari talab darajasida emas. Bu mamlakatimiz ilmiy-innovatsion mahsulotlarini amaliyotga keng tatbiq etishda yaqqol sezilmoqda", - deb aytgan davlat rahbari.

U "mavjud ilmiy salohiyat va mablagʻlarni iqtisodiyot tarmoqlarining buyurtmalariga yoʻnaltirish" zarurligini taʼkidlagan.

Mirziyoyev shuningdek, marhum Islom Karimov davrida Oʻzbekiston taʼlim tizimidagi islohotlarning ramziga aylantirilgan kollejlardagi taʼlim saviyasi pastligini tanqid qilgan.

"Maktab taʼlimini tubdan takomillashtirish, ilmiy kadrlar va yuksak malakali mutaxassislar tayyorlash jarayonining uzluksizligini taʼminlash zarur", -deb aytgan Prezident.

Bi-bi-si Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring.