Oʻzbekiston: Kuch tizimlarida birinchi oʻzgarish

Ichki ishlar vazirligi Image copyright IIV

Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakat kuch tizimlaridagi birinchi oʻzgarishni amalga oshirgan.

Abdusalom Azizov ichki ishlar vaziri etib tayinlangan.

Sobiq vazir Adhamjon Ahmadboyev Prezidentning huquq-tartibot idoralari boʻyicha Davlat maslahatchisi etib tayinlangani xabar qilinmoqda.

Abdusalom Azizov bunga qadar Jizzaxt viloyat ichki ishlar boshqarmasi va 2008-2009 yillarda ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari boʻlgani aytiladi.

U 2006-2008 yillarda "Oʻzneftmahsulot" bosh direktori lavozimida ham ishlagan.

Abdusalom Azizov oxirgi uch yilda ichki ishlar vazirligiga tayinlanayotgan uchinchi rahbardir.

Sobiq vazir Ahmadboyev 2013 yilning dekabrida Bahodir Matlubovning oʻrnini egallagandi.

Marhum Islom Karimov tomonidan isteʼfoga chiqarilgan general Matlubov oʻtgan oy Ichki ishlar vazirligiga akademiyasiga boshliq etib tayinlangan.

Kuch tizimlariga yaqin deb ishoniladigan Oʻzmetronom nashriga koʻra, Abdusalom Azizov oʻtmishda qudratli Ichki ishlar vaziri Zokir Almatovning "odami".

Almatovning oʻzi oʻtgan oy yangi tuzilgan korruptsiyaga qarshi kurash boʻyicha idoralararo komissiya raisi etib tayinlangani xabar qilingan.

Ammo ushbu komissiya va uning rahbariyati borasida hozircha rasmiy maʼlumot yoʻq.

Kuch tizimlaridagi ilk oʻzgarish Mirziyoyev Prezident etib saylanganidan bir oy oʻtib yuz bermoqda.

U hukumatdagi ijtimoiy-iqtisodiy soha rahbarlarini allaqachon almashtirib boʻlgan.

Tahlilchilar kuch tizimlaridagi oʻzgarishlarning asta-sekinlik bilan yuz berishini bashorat qilishgandi.

Xususan, mamlakatning qudratli xavfsizlik xizmatlari - MXX raisi Rustam Inoyatovning taqdiri kadrlar oʻzgarishida muhim burilish boʻladigan.

69 yoshli Inoyatov hokimiyat oʻzgarishi jarayonida muhim rol oʻynagan va hozir ham katta taʼsirga ega, deb ishoniladi.

U rahbari boʻlgan MXX Oʻzbekistondagi inson haqlari buzilishining eng yomon koʻrinishlari, mustaqil jurnalistlar va siyosiy muxoliflarga qarshi taʼqib, tazyiq va qiynoqlar uchun masʼul, deb koʻriladi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring