Turkiya hukumati: "Hujumchining shaxsi maʼlum"

Istanbul Image copyright Getty Images

Turkiya rasmiylariga koʻra, yangi yil kechasi Istanbuldagi tungi klubda 39 kishini oʻldirgan hujumchining shaxsi aniqlangan.

Ichki ishlar vaziri Mehmet Chovushoʻgʻlining aytishicha, huquq-tartibot idoralari hujumni kim amalga oshirganini biladi.

Ayni paytda vazir hujumchining shaxsiga oid hech qanday maʼlumotni oshkor qilmagan.

Hujumchining oʻzi ushlanmagan, hodisaga aloqadorlikda gumon qilinib, 20 ga yaqin odam hibsga olingan.

1 yanvarga oʻtar kechasi nomaʼlum qurolli Istanbulning Reina tungi klubi mijozlariga qarata oʻt ochgan.

Rasmiylarga koʻra, 7 daqiqa davomida oʻq uzilgan.

Natijada 39 kishi halok boʻlgan, 70 ga yaqin odam yaralangan.

Hujum tungi klub qoʻriqchisini otib oʻldirishdan boshlangan.

Hodisa joyidan olingan maʼlumotlarga koʻra, hujumchi 100 dan ortiq oʻq ishlatgan.

U mijozlarga qarata tartibsiz oʻt ochgan va yaradorlarni oʻldirgan.

Qurbonlar orasida 16 nafar xorijlik, jumladan, Saudiya Arabistoni, Isroil, Livan, Iordaniya, Frantsiya va Belgiya fuqarolari bor.

Hujum uchun masʼuliyatni "Islomiy davlat" ekstremistik guruhi oʻz zimmasiga olgan.

Guruh nomidan eʼlon qilingan bayonotda aytilishicha, "xalifalik askari nasroniylar bidʼat bayramni qutlayotgan klubga hujumni amalga oshirgan".

Qirgʻizistonlik "gumondor"

Qirgʻiziston tashqi ishlar vazirligi gumondor qirgʻizistonlik boʻlishi mumkinligi haqidagi matbuot xabarlarini tekshirayotganini bildirgan.

Ayni paytda turk matbuotida gumondor sifatida nomi tilga olingan qirgʻizistonlik Yahyo Mashrapovning Istanbul aeroportida soʻroq qilinib, qoʻyib yuborilgani oʻrtaga chiqqan.

Mashrapovning BBC qirgʻiz xizmati bilan suhbatda aytishicha, u 31 dekabr kuni Pegasus havo yoʻllari bilan tijoriy maqsadda Bishkekdan Istanbulga uchib borgan.

Istanbulda bir kecha mehmonxonada qolib, Bishkekka qaytishda samolyotda xavfsizlik xodimlari uni tekshirishgan.

"Ikki kishi meni tekshirdi va pasportimni olib, samolyotdan tushishni soʻrashdi. Tushganimda 20 tacha politsiya xodimlarini koʻrdim. Ular mening pasportimdan nusha olishdi va yarim soat davomida soʻroq qilishdi. Bir-birlari bilan gaplashib, qayerlargadir telefon qilishdi", - deb aytgan Yahyo Mashrapov.

Uning soʻzlariga koʻra, turk politsiyasi unga 31 dekabr kuni yuz bergan terror hujumida gumon qilinayotganini aytgan.

Politsiya Mashrapov "hujumchiga juda oʻxshashi"ni aytgan.

"Ular menga gumondorning surati va videosini koʻrsatishdi. U menga oʻxshardi, deb oʻylamayman. Bir soatdan keyin ular uzr soʻrab, meni qoʻyib yuborishdi", - degan qirgʻizistonlik tujjor.

Uning aytishicha, qirgʻiz xavfsizlik xizmatlari Oʻshdagi uyiga kelib, u bilan suhbatlashishgan.

"Men ularga hujum yuz bergan kun Istanbulda boʻlmaganim, u kuni oʻshdan Bishkekka uchib borganimni aytdim va samolyot chiptalarini koʻrsatdim", - degan Yahyo Mashrapov.

Ayrim xabarlarga koʻra, turk politsiyasi Istanbulning oʻzbek muhojirlari ham yashaydigan Zaytunburni mavzeʼsida reydlar oʻtkazgan.

Hibsga olinganlar orasida oʻzbek fuqarolarining bor-yoʻqligi haqida rasmiy maʼlumot mavjud emas.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring