Россия ўзбек қизчани онасига бермаяпти
Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Video - Rossiya oʻzbek qizchani onasiga bermayapti

Oʻzbekistonlik Nilufar Mamasaidovaning aytishicha, 26 dekabr kuni politsiya uning 1 yoshli qizi Manijani olib qoʻyib, kasalxonaga yotqizgan. Nilufarning oʻzini esa politsiya mahkamasida 3 kun qamab qoʻyishgan.

BBCning Moskvadagi muxbiri Sohiba Hayitboyevaning aytishicha, Oʻzbekiston fuqarosi Nilufar Mamasaidova ijara uyida oʻgʻirlik sodir boʻlgan va uydagi narsalar bilan birga xujjatlar ham oʻmarib ketilgan. Nilufar mazkur ish yuzasidan ariza yozish uchun politsiya idorasiga emizikli bolasi bilan birga borganini aytadi.

"Politsiya xodimlaridan biri ayol kishi edi, u tibbiy tez yordam chaqirdi. Shifokor kelganida bolamni sovuqdan burni oqib turgandi. Issigʻini oʻlchadi, 36,6 dedi, lekin 38,6 deb yozishdi va kasalxonaga olib ketishdi. Men ham birga boraman, desam qoʻyishmadi", - deydi Mamasaidova.

Nilufarning aytishicha, politsiya xodimasi Manijani qoʻliga olib biroz oʻynatgan va bolani unga berishini soʻragan.

"50 ming rubl beraman, bolangni menga sot, dedi politsiyachi xotin. Bolam oʻyinchoq emaski, ma ol, deb sotib yuboradigan", - deydi Mamasaidova.

Bola olib ketilgach, Nilufar Ivano Franko koʻchasidagi politsiya boʻlinmasining hibsxonasiga qamab qoʻyilgani va qoʻl telefoni olib qoʻyilganini aytadi. 26dan 29 dekabrgacha hibsda ushlab turilar ekan, unga ikki marta hojatga chiqishga ruxsat va yeyishi uchun "rollton" berilgan.

"Eshikni urib-tepib baqirganimdan keyin ochishardi. Bolamni emizmaganim uchun issigʻim chiqib, sogʻligim yomonlasha boshladi", - deydi u.

29 dekabr kuni Nilufar Mamasaidovani Kuntsevo tumani sudiga olib borishgan. Unga tarjimon va advokat berilmagan. Sudya voqea bilan tanishib chiqqach, Nilufarni qoʻyib yuborishlarini aytgan.

Mamasaidova politsiya mahkamasidan bolasi yotgan kasalxonani aniqlagan. Ammo u farzandi uchun kasalxonaga borganida, onani ichkariga kiritishmagan.

"Bola senikiligini tasdiqlovchi hujjat olib kelsang, keyin kirishga ruxsat beramiz, deyishdi" - deydi u.

30 dekabr kuni shu kasalxonada qizi bilan davolanayotgan oʻzbekistonlik Matluba Begmatova onasi qidirilayotgan 1 yoshli qizcha haqida bizga xabar berdi.

"Uni bu yerga politsiya olib keldi, menga kasalxona xodimalari bolaning onasi kelishini kutayapmiz deyishdi", - dedi Matluba Begmatova.

Matlubaning aytishicha, qizaloq palatada yolgʻiz, tinmay yigʻlayapti. "Ona sutiga oʻrgangan shekilli, sunʼiy ozuqalarni ichmayapti", - deydi Matluba.

"Qizchani vaqtincha oʻz palatamga olishni kasalxona shifokorlaridan soʻradim, ruxsat berishmadi", - deya qoʻshimcha qildi u.

Aftidan sogʻlomligiga qaramay, hozirgacha yuqumli kasalliklar kasalxonasida ushlab turilgan oʻzbekistonlik bola borasida BBC muxbiri kasalxona maʼmuriyati bilan bogʻlandi.

"Bolaning ahvoli yaxshi, unga yaxshi qarayapmiz. Onasi kelsa, olib ketadi", - dedi oʻzini tanishtirishni istamagan navbatchi shifokor.

Ammo, Manijaning onasi Nilufarni 29 dekabrdan beri kasalxonaga kiritishmaydi. Bu boradagi savollarimizga "yaxshi qarayapmiz dedik-ku, yana nima kerak sizlarga?!"dan boshqa tayinli javob ololmadik.

Nilufar Mamasaidovaga koʻra, u har kuni farzandiga yegulik va taglik olib borib, kasalxona eshigidan berib qaytadi.

Keyin u kun boʻyi oʻgʻirlangan xujjatlarini tiklash uchun tugʻruqxona va boshqa idoralarga borish bilan ovora ekanini aytadi.

"Qizchamni bolalar uyiga oʻtkazib yuborishlarini aytishdi. Juda qiynalib ketdim. Manijani koʻrmaganimga 1 xaftadan oshdi. Hech mendan ajramagandi, emizikli edi, ahvoli nima kechdi", - deya yigʻlaydi Nilufar.

Ayni paytda, shu voqealar ortidan Nilufar Mamasaidova oʻz sogʻligi yomonlashganini aytadi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring