Mirziyoyev korruptsiyaga qarshi kurash qonunini imzoladi

Korruptsiya Image copyright Reuters

Prezident Shavkat Mirziyoyev "Korruptsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida"gi qonunga imzo chekkan.

Qonun Senat tomonidan 2016 yil 13 dekabrda maʼqullangandi.

Shu tariqa Mirziyoyev davridagi qonunchilikning eng muhim namunalaridan biri sifatida koʻrilgan korruptsiyaga qarshi kurash haqidagi qonun rasman kuchga kirgan hisoblanadi.

Qonun loyihasi marhum prezident Islom Karimov davrida taklif etilgan, ammo boshqa qator muhim hujjatlar, jumladan, "Ichki ishlar idoralari toʻgʻrisidaa"gi qonun singari uning qabul qilinishi va ijrosi kechiktirib kelinayotgandi.

Qonunning hukumat portalida eʼlon qilingan matnidan anglashilishicha, unda ham korruptsiyaga qarshi preventiv choralar va ham korruptsiya holatlari uchun javobgarlik koʻzda tutilgan.

Preventiv choralar sifatida davlat mansabdorlarini ijtimoiy muhofaza qilishni kuchaytirish yoki boshqacha aytganda, maʼmurlarning oylik maoshlarini oshirish, manfaatlar toʻqnashuvi, jumladan, davlat amaldorlarining ishbilarmonlik faoliyati bilan shugʻullanishiga chek qoʻyish, hokimiyat idoralarining ochiqligini taʼminlash va korruptsiya hollari haqida xabar bergan shaxslarni himoyalash kabi choralarni sanab oʻtish mumkin.

Qonunda sudlarning mustaqilligini taʼminlash va korruptsiya uchun javobgarlikning muqarrarligi belgilangan.

Ammo qonunda korruptsiyaga qarshi kurashda matbuotning roli faqat davlat idoralari bilan hamkorlik bilan cheklangan.

Oʻz-oʻziga qarshi kurashmi?

Qonunda Bosh prokuratura, Milliy xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar va Adliya vazirliklari "korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari" sifatida belgilangan.

Shuningdek, ularning faoliyatini muvofiqlashtirish uchun Korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasi tashkil etilishi koʻzda tutilgan.

Avvalroq sobiq ichki ishlar vaziri Zokir Almatovning aynan shu komissiyaga rahbar etib tayinlangani xabar qilingandi.

Ammo na Almatov va na yuqorida nomi zikr etilgan idoralar korruptsiyaga qarshi murosasiz kurashlari bilan tanilmagan.

Tahlilchilarga koʻra, aynan korruptsiyaga qarshi kurashuvchi idoralar Oʻzbekistonda eng koʻp korruptsiyaga botqogʻiga botgan idoralar sifatida bilinadi.

Shuningdek, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalarida korruptsiya va poraxoʻrlikning urchigani aytiladi.

Qonunda bu sohalarning oʻzini korruptsiyadan qanday tozalash borasida hech narsa deyilmagan.

Jahonda korruptsiya darajasini oʻrganuvchi Transparency International tashkilotining 2016 yil boshida eʼlon qilingan hisobotida Oʻzbekiston 168 mamlakat orasida 153-oʻrinni egallagan.

Tashkilot 2014 yilda Oʻzbekiston korruptsiya botqogʻidan chiqa olmayotganini aytgan edi.

Transparency International ekspertlari marhum Islom Karimov davrida Oʻzbekiston hukumatini korruptsiyaga qarshi hech qanday chora koʻrmayotgani uchun tanqid qilib kelishgan.

Har yili Bosh prokuratura poraxoʻrlik va korruptsiyada ayblangan oʻnlab mansabdor shaxslarning jazoga tortilgani haqidagi hisobotlarni eʼlon qilib keladi, ammo tahlilchilarga koʻra, bu choralarni korruptsiyaga qarshi kurash, deb atash qiyin.

Maoshlarning kamligi, boshqaruvning shaffof emasligi, mustaqil sud tizimi hamda erkin matbuotning yoʻqligi mamlakatda korruptsiyaning ildiz otishiga sabab boʻlgani aytiladi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring