Qirgʻiziston: "Aybsizlik prezumptsiyasiga rioya qilinsin"

Vazirlik bayonoti
Image caption Vazirlik bayonoti

Qirgʻiziston Tashqi ishlar vazirligi Istanbulda Yangi yil kechasi tungi klubda yuz bergan hujumga aloqador koʻrilib, soʻroqqa tutilganlar yuzasidan "aybsizlik prezumptsiyasiga" rioya qilinishi kerakligi haqida bayonot chiqargan.

Avvalroq Turkiya matbuotida hujumni amalga oshirgan, deya gumon qilingan Qirgʻiziston fuqarosi Yahyo Mashrapovning pasporti fotosurati tarqatilgandi.

BBC bilan suhbatda Yahyo Mashrapov Istanbul aeroportida soʻroq qilinib, qoʻyib yuborilganligi va hujumga hech qanday aloqasi yoʻqligini aytgan.

Mashrapovning aytishicha, u 31 dekabr kuni Pegasus havo yoʻllari bilan tijoriy maqsadda Bishkekdan Istanbulga uchib borgan.

Istanbulda bir kecha mehmonxonada qolib, Bishkekka qaytishda samolyotda xavfsizlik xodimlari uni tekshirishgan.

"Ikki kishi meni tekshirdi va pasportimni olib, samolyotdan tushishni soʻrashdi. Tushganimda 20 tacha politsiya xodimlarini koʻrdim. Ular mening pasportimdan nusha olishdi va yarim soat davomida soʻroq qilishdi. Bir-birlari bilan gaplashib, qayerlargadir telefon qilishdi", - deb aytgan Yahyo Mashrapov.

Uning soʻzlariga koʻra, turk politsiyasi unga 31 dekabr kuni yuz bergan terror hujumida gumon qilinayotganini aytgan.

Politsiya Mashrapov "hujumchiga juda oʻxshashi"ni aytgan.

"Ular menga gumondorning surati va videosini koʻrsatishdi. U menga oʻxshardi, deb oʻylamayman. Bir soatdan keyin ular uzr soʻrab, meni qoʻyib yuborishdi", - degan qirgʻizistonlik tujjor.

Qirgʻiziston Tashqi ishlar vazirligining aytishicha, Turkiya tomonidan hujumda Qirgʻiziston fuqarolari qoʻli borligini tekshirishga yordam berish boʻyicha biron rasmiy soʻrov olmaganlar, lekin shunga qaramay, qirgʻiz tomoni oʻz tekshiruvlarini oʻtkazmoqda.

Kg.24 agentligining xabar berishicha, Anqaradagi Qirgʻiziston elchixonasi hatto baʼzi Turkiya nashrlari bilan bogʻlanib, tasdiqlanmagan maʼlumotlarni tarqatmaslik va Mashrapovning hujumga aloqadorligi borasidagi xabarlarni rad etishni soʻragan.

Baʼzi xabarlarga koʻra, Mashrapovdan uzr soʻrash talab qilingan.

Bu xabarlarni Qirgʻiziston elchixonasidan bevosita tasdiqlash imkoni boʻlmadi.

Tashqi ishlar vazirligi bayonotida ham Yahyo Mashrapovning hujumga aloqasi borligi haqidagi dastlabki maʼlumotlar oʻz tasdigʻini topmagani aytilgan.

Vazirlik matbuot vositalaridan har qanday tergov jarayoni vaqtida rioya etilishi kerak boʻlgan tamoyillar, jumladan, "aybsizlik prezumptsiyasiga" qatʼiyan rioya qilinishi kerakligini taʼkidlagan.

Ayni vaqtda Turkiya tomonidan diplomatik yoʻllar orqali hujumni tekshirish borasida yordam kelib tushgan taqdirda, bu kabi hamkorlikka tayyor ekanliklari bildirilgan.

1 yanvarga oʻtar kechasi nomaʼlum qurolli Istanbulning Reina tungi klubi mijozlariga qarata oʻt ochgandi.

Natijada 39 kishi halok boʻlgan, 70 ga yaqin odam yaralangan.

Qurbonlar orasida 16 nafar xorijlik, jumladan, Saudiya Arabistoni, Isroil, Livan, Iordaniya, Frantsiya va Belgiya fuqarolari bor.

Hujum uchun masʼuliyatni "Islomiy davlat" ekstremistik guruhi oʻz zimmasiga olgan.

Guruh nomidan eʼlon qilingan bayonotda aytilishicha, "xalifalik askari nasroniylar bidʼat bayramni qutlayotgan klubga hujumni amalga oshirgan".

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring