Шаҳрам Осиёда ‘Йилнинг кашфиёти’
Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Shahram Osiyoda "Yilning kashfiyoti"

Oʻzbekiston boks tarixida oʻz vazn toifasi(69 kg)da Yozgi Olimpiada Oʻyinlarining ilk kumush medali sovrindori Osiyo Boks Konfederatsiyasi tomonidan bu kabi sharafga loyiq, deb topilgan birinchi oʻzbek bokschisi boʻlgan.

23 yoshli Shahram Giyasov konfederatsiyaning ayni nominatsiya boʻyicha eʼlon qilgan tanlovida gʻolib chiqqan.

Shahram bu maqom uchun "kurash"da Qozogʻiston va Xitoy taypeyilik raqiblarini ortda qoldirib ketgan. Eng koʻp - 23.3 foiz ovoz toʻplagan.

Oʻzbekistonlik yana bir bokschi Jasurbek Latipov esa, konfederatsiya tomonidan AIBA Pro Boxing(APB) yoʻnalishi boʻyicha 2016 yilning "Eng yaxshi bokschisi", deb tan olingan.

Osiyo Boks Konfederatsiyasi yilning eng yaxshilarini aniqlash uchun 14 nominatsiya boʻyicha tanlov eʼlon qilgan.

Boks muxlislari konfederatsiyaning turli ijtimoiy-muloqot tarmoqlaridagi rasmiy akkauntlari orqali ovoz berishgan va gʻoliblarning nomlari kuni-kecha eʼlon qilingan.

Soʻnggi yangilik ortidan BBC Oʻzbek Xizmati Toshkentdan Shahram Giyasovning oʻzi bilan bogʻlanishga ham muvaffaq boʻldi.

"Bunaqa boʻlishini albatta kutmagandim", - derkan, Shahram hozir oʻzi, yaqinlari, murabbiylari va jamoadoshlari xursandchiligining ham cheki yoʻqligini aytadi.

"Avvalo bu natijaga erishishimda ularning hissalari juda ham katta. Ular ham bu mukofotni xuddi oʻzlari olgandek, hozir birgalikda xursand boʻlib oʻtiribmiz", - deydi u.

"Biz ustozlarimiz bilan texnika ustida ham, taktika ustida ham koʻp ishlaganmiz. Har bir jang uchun oʻzimning alohida taktikam bor edi. Shuni ham hisobga olishgan, deb oʻylayman. Negaki, nechta jang qilgan boʻlsam, har birini boshqacha oʻtkazganman...".

Ringga sizga qarshi "qanaqa raqib chiqishidan qatʼinazar, bokschi oʻzini koʻrsata olishi kerak. Raqibdan qoʻrqsangiz, avvalambor jang qila olmaysiz. Yaʼni, bunday boʻlsa, "bokschi boʻlishga ne hojat", deyiladi. Shuning uchun ham, biz qoʻrquvni bir chetga yigʻishtirib, faqat oldinga intilib, yutib, har doim Oʻzbekistonning bayrogʻini baland koʻtarishga harakat qilamiz", - deydi Shahram Giyasov.

"Negaki, biz ringga Oʻzbekistonning yuzi bilan chiqamiz, shu bois ham bizda qoʻrquv boʻlmaydi".

Shahram Giyasov Rio ringlarida ham oʻziga xos bokschilik mahorati va qobiliyati bilan tilga tushgan, koʻpchilik boks mutaxassislarining tahsinlariga sazovor boʻlgandi.

Oʻzbekistonlik bokschi har bir jangini mutlaq gʻalaba bilan yakunlab, soʻnggi Yozgi Olimpiada Oʻyinlarining finaliga qadar koʻtarilgan va oltin medal uchun kurashdagina kichik hisobdagi farq bilan qozogʻistonlik raqibi Daniyar Yeleusinovga yutqazib qoʻygandi.

Ammo, hatto shunda ham, oʻzining ilk ishtiroki ekaniga qaramay, Shahram Giyasov Oʻyinlarning nufuzli kumush medalini qoʻlga kiritishga muvaffaq boʻlgandi.

Oʻz vazn toifasida ikki karra Osiyo chempioni, ikki bor Osiyo Oʻyinlari gʻolibi, jahon chempioni va Rio Olimpiadasi gʻolibi Daniyar Yeleusinov esa, Osiyo Boks Konfederatsiyasi tanlovida bu yil qitʼaning "Eng yaxshi erkak bokschisi", deb topilgan.

Eng soʻnggida eslatib oʻtish joiz, oʻzbekistonlik boshqa bir bokschi, Rio Olimpiadasi chempioni Hasanboy Doʻsmatov AIBA tasnifida eʼlon qilingan tanlovda aynan Daniyar Yeleusinovni ham yirik hisobdagi farq bilan ortda qoldirib ketgan, jahonda yilning eng zoʻr bokschisi maqomini qoʻlga kiritgan birinchi oʻzbek bokschisi boʻlgandi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring