"Mulozamatingni qoʻy, pensiyamni qachon berasan?"

Oʻzbekistonlik qariyalar Image copyright Umida Akhmedova
Image caption 2017 yil Oʻzbekistonda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili deb eʼlon qilindi

"BBCga aytaman" ruknimizda mushtariymizdan olingan maktubning eʼtiboringizga havola etamiz.

Hash-pash deguncha 2017 yil ham kirib keldi. Yangi yil kirar-kirmas "Xalq bilan muloqat" jadal suratlar bilan boshlanib ketdi.

Yangi yilni barcha oʻzbeklar oʻz yaqinlari bilan nishonlaydi. Qanchalar oʻzingni siyosiy mavzulardan tiymagin, baribir gap aylanib siysatga aralashib ketadi.

Hayotning quvonch va tashvishlari haqida suxbat qurib oʻtirgandik, xolam mana ijobiy oʻzgarishlar katta boʻlayapti, deb maqtab qoldilar. Buni eshitgan bir kam 80 yoshga kirgan pochcha, "eee toʻxta, sen shoshma, men senga bir narsani aytib beray…" deb, xolani gapini ogʻzidan oldilar.

Pochcha qarib hassaga tayanib qolgan boʻlsalar ham, ruhan ancha tetik va koʻpni koʻrgan inson, oʻz xaqlarini qoʻymaydiganlardan.

"Xullas pensiyam 2 xafta kechikgandi, sharta virtual qabulxonaga telefon qildim. Dardimni aytim. Shu bilan tinchim ketdi. Xar kuni turli mulozimlar uyga qoʻngiroq qila boshlashdi. Doim bir hil gap - "ota yaxshimisiz, sogliqlar joyidami… doda charchamayapsizmi, bola-chaqalar yaxshimi… deb bezor qilishdi. Ularga 'eee, ser mulozamatingni qoʻy, masalani hal et. Pensiyam qachon qoʻlimga tegadi" deb soʻrasam. "Otaxon, masalani tez kunda ijobiy hal etamiz, siz havotir olmangdan" nariga oʻtishmaydi. Shunday qilib oradan 10 kuncha oʻtdi. Ariza berganimga ham tavba qilib yubordim. Puldan darak yoʻq. Axiri bir kattaroq mulozim qilib, dodajon, pulingizni tayyor olib ketsangiz boʻladi deb, bir tupkani tagini aytdi. Unga men hassa tayangan boʻlsam, u yeringa yetib boorish menga amri mahol dedim. Unda yaqiningizdagi filialga junatamiz, unda yana 1-2 kun sabr qilasiz dedi. Va nihoyat pulni olishga bordim. Bu ham ancha mashmasha boʻldi. Oldin, minnatdorchilik hati yozdim, daʼvoyim yoʻq deb alohida yozib berdim. Xullas, shu yoʻsinda oʻtgan oyning pensiyasini arang qoʻlga kiritdim. Qarabsan-ki, allaqachon, bu oyning pensiyasini berish muddati kelib qolibdi. Mana senga hangoma...", deb oʻzlari ham kulib yubordilar.

Bunga xolam, baribir oʻzlarinikini qoʻymaydigan ayol, "yoʻq, baribir ham yaxshi boʻlayapti, mana kecha ziyolilar bilan uchrashuvda ancha dolzarb mavzular yoritildi", deb hukumatni maqtay ketdilar.

Ikki kun oʻtar-oʻtmas taʼlim soxasida chiqqan yangi qarorlar xaqidagi yangiliklarga koʻzim tushib qoldi.

Borib oʻqituvchi xolamdan "suyinchi" oldim. "Xolajon, oʻzi maktabda ertadan-kechgacha qolib ketardingiz, endi "nagruzka" (ish soatingiz) yana oshibdi. Uni ustiga-ustak, haligi pensiya jamgʻarmasiga avvallari 1 foiz toʻlardingiz, endi Xudo xohlasa, 8 foiz toʻlarkansiz. Yangi yilda yangi "ijobiy oʻzgarishlar" muborak!", dedim.

Buni eshitgach, xolam "eee, nari tur-eee, oʻzi sen yetishmay turganding, shundoq ham boshim ogʻrib turgandi, sensiz ham… yana shumxabar bilan kelasan. Nima qilsam ekan, bu pulga ishlagandan koʻra, ishdan boʻshaymi?" deb oʻylanib qoldilar.

Shunday qilsangiz yaxshi boʻlardi dedim.

Nega, dedilar.

Chunki, siz ham yangi yilda yoshlarga yangi ish-joy yaratishga oʻzingizning munosib hissangizni qoʻshgan boʻlardingiz, deb xazillashdim.

"Odam oʻlay desa, sen kulay deysan-a… eee, nari tur-eee", deb jerkib berdilar.

Xullas, bu muloqotning boshlanishi…

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring