"Katta yoʻl yoqasida yashash miya faoliyatini zaiflashtiradi"

Tirband yoʻl Image copyright EPA

Lancet tibbiyot jurnalida chop etilgan tadqiqot natijalariga koʻra, tirband mashina yoʻli yoqasida yashovchilar orasida qarilikda kuzatiladigan dementsiya kasalligi koʻproq uchrar ekan.

Kuzatuvlar shuni koʻrsatganki, mashinalar qatnovi koʻp boʻlgan yoʻldan 50 metr masofada yashovchilarda qayd etilgan dementsiya holatlarining 11 foizi aynan ana shu omil tufayli boʻlishi mumkin.

Tadqiqotchilar Kanadada katta yoʻl yoqasida yashovchi 2 million kishini 11 yil mobaynida kuzatganlar. Ularning aytishlaricha, havoning ifloslanishi va shovqin aqliy faoliyatning pasayishiga olib keluvchi omil boʻlishi mumkin.

Hozirda jahon boʻylab 50 million kishi dementsiya bilan yashamoqda.

Lekin shu vaqtgacha qarilikda xotira va miya faoliyatining zaiflashishiga nima sabab boʻlishi aniqlanmagan.

2001-2012 yillar oraligʻida oʻtkazilgan tadqiqotda katta yoʻllar yoqasida yashovchilar orasida dementsiya nisbatan koʻproq yuz bergani aniqlangan.

Kanadaning Ontario shahri Sogʻliqni saqlash tizimidan doktor Xong Chenning aytishicha, aholi sonining oʻsishi va urbanizatsiya tufayli tobra koʻproq insonlar katta yoʻllarga yaqin yerda yashashga majbur boʻlmoqdalar.

"Lekin mashina qatnovining taʼsiri, xususan havoning ifloslanishi va shovqinning insonga taʼsirini tushunish uchun hali koʻp tadqiqotlar olib borish kerak", - dedi doktor Chen.

Jahon Sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, havo ifloslanishi bilan bogʻliq kasalliklar tufayli jahonda yiliga 3 million kishi olamdan koʻz yumadi.

Havoning ifloslanishi shu vaqtgacha yurak hastaliklari, miyaga qon quyilishi, oʻpka va nafas yoʻllari kasalliklariga olib kelishi aytilgan. Lekin dementsiya bu roʻyxatga qoʻshilishi kerakmi, yoʻqligi noaniq.

Joriy tadqiqot bu ikki omil oʻrtasida bogʻliqlik borligiga ishora etadi, ammo aniq isbotlamaydi.

Shu vaqtgacha dementsiya kelib chiqishiga taʼsir qiluvchi omillar orasida qarilik, irsiy meros, qand diabeti, chekish, nosogʻlom ovqatlanish va jismoniy faollikning kamligi koʻrsatib kelinadi.

Britaniyaning Notingem Universitetidan professor Tom Deningning aytishicha, tadqiqot natijalari "ziddiyatli, lekin qiziqarlidir".

"Miya faoliyatining zaiflashishiga mashinalardan chiqadigan ifloslangan havo taʼsir qilishi va vaqt oʻtishi bilan dementsiyaga olib kelishi mumkinligi gʻoyasi asosliga oʻxshab koʻrinadi. Havo oʻta ifloslangan sharoitda yashash albatta noxush vaziyat va hech kimning sogʻligi uchun yaxshi boʻlmasa kerak".

Hozircha dementsiyaning oldini olish uchun berilayotgan eng yaxshi maslahat chekishni tashlash, jismoniy mashq bilan shugʻullanish va sogʻlom ovqatlanishdir.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring