Mirabror Usmonov oʻrniga Alisher Sultonov keldi

Mirabror Usmonov Image copyright olympic.uz

Maʼlum boʻlishicha, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi rahbariyati tarkibi yangilangan.

Mirabror Usmonov oʻrniga qoʻmita prezidenti etib "Oʻzbekneftegaz" milliy xolding kompaniyasi boshqaruvi raisi Alisher Sultonov saylangan.

"Oʻzbekiston havo yoʻllari" milliy aviashirkatining rahbari Valeriy Tyan va Oʻzbekiston Sport kurashlari assotsiatsiyasi raisi, ziddiyatli oʻzbek ishbilarmoni Salim Abduvaliyev uning muovinlari lavozimini egallashgan.

Bundan avval ham prezident oʻrinbosarlaridan biri boʻlgan Farhod Turdiyev esa, oʻz ishini yana davom etdiradigan boʻlgan.

gazeta.uz internet nashrining yozishicha, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi boʻlgan Oybek Qosimov ham yana bir muddatga saylangan, oʻz vazifasida qolgan.

Yangi vitse-prezident etib esa, Oʻzbekiston Milliy Paralimpiya assotsiyatsiyasi raisi Umid Ahmadjonov tayinlangan.

Mazkur internet nashri xabaridan maʼlum boʻlishicha, rahbariyati tarkibidagi soʻnggi oʻzgarishlar Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh Assambleyasining bugun - 6 yanvarь kuni poytaxt Toshkentda boʻlib oʻtgan majlisi chogʻida amalga oshirilgan.

Mamlakat sport federatsiyalaridan 140 ga yaqin vakil hozir boʻlgan yigʻinda shaxsan Oʻzbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov oʻzining ikki muovini: Adham Ikromov va Tanzilya Norboyevalar bilan birga ishtirok etgani aytilmoqda.

Mazkur xabarda Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi rahbariyati tarkibini yangilash qarori sabablari keltirilmagan.

Bosh Assambleya

Ammo, agar imkonli boʻlgan maʼlumotlarga tayanilsa, har toʻrt yilda bir marotaba, yaʼni navbatdagi Yozgi Olimpiada Oʻyinlaridan keyingi yil Bosh Assambleyaning hisobot-saylovi boʻlib oʻtadi.

Unda ijroiy qoʻmitaning hisoboti tinglanadi, rahbariy organlar saylovi oʻtkaziladi.

Agar, gazeta.uz nashriga tayanilsa, Toshkentdagi yigʻin chogʻida Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasining 2013-2016 yillardagi faoliyati "qoniqarli", deb topilgan.

Ishtirokchilar esa, mamlakat sporti va Olimpiya harakati rivojiga qoʻshgan katta hissasi uchun oʻz vazifasini topshirayotgan qoʻmita prezidenti Mirabror Usmonovga oʻzlarining iliq minnatdorchiliklarini izhor etishgan.

Bu xususda BBC Oʻzbek Xizmatining Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi oʻzidan rasmiy maʼlumot olish yoʻlidagi urinishlari hozircha oʻz samarasini bergani yoʻq.

Mirabror Usmonov

Oʻzbekiston Futbol Federatsiyasining amaldagi prezidenti Mirabror Usmonov Bosh assambleyaning 2012 yil 29 dekabr kuni boʻlib oʻtgan majlisi chogʻida mamlakat Milliy Olimpiya qoʻmitasining rahbari etib saylangan.

Bu majlisda oʻsha paytda Oʻzbekiston Bosh vaziri boʻlgan hozirda prezident Shavkat Mirziyoyev shaxsan oʻzining ishtirok etganligi xabar berilgandi.

Kuzatuvchilar oʻshanda qoʻmita rahbariyatidagi yangilanishlarni hozirda marhum prezident Islom Karimovning oʻzbekistonlik sportchilarning London Yozgi Olimpiadasida qayd etgan natijalaridan qoniqmagani sababi bilan izohlashgandi.

Oʻzbekistonlik sportchilarning Londondagi yutuqlari bir oltin va ikkita bronza medali bilan cheklangandi, xolos.

Mirabror Usmonov orada kechgan vaqt davomida har ikki tashkilot prezidenti vazifasini hamohanglikda bajarib kelayotgandi.

Ayni oʻrinda alohida taʼkidlash joiz, Oʻzbekiston Olimpiya terma jamoasining oʻz tarixida Yozgi Oʻyinlarda qayd etgan rekord natijasi aynan Mirabror Usmonov boshqaruvi davriga toʻgʻri keladi.

Oʻzbekiston Olimpiada terma jamoasi 2016 yilgi Rio Yozgi Olimpiadasida tarixiy natija qayd etgan, jamoa hisobida jaʼmi 13 ta medali bilan Toshkentga qaytgandi. Jamoa eng koʻp oltin medallari(4 ta) ni ham aynan Rioda qoʻlga kiritgandi.

Oʻzbekiston bokschilari esa, hisoblaridagi 3 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medallari bilan ilk bor umumjamoa hisobida Kuba doxil qolgan barcha Rio Yozgi Olimpiada Oʻyinlari ishtirokchilarini ortda qoldirishgan.

Oʻtgan olti Yozgi Olimpiada Oʻyinlarida kuzatilmagan bir darajada Oʻzbekiston Olimpiya terma jamoasi Rioda eng koʻp medallarini (shu jumladan, oltinlarini ham) boks sport turida qoʻlga kiritgandi.

BBC Oʻzbek Xizmati imkonli boʻlgan maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi prezidentligini topshirsa-da, Mirabror Usmonov Oʻzbekiston Futbol Federatsiyasidagi rahbarlik lavozimini saqlab qoladi.

Tarixcha oʻrnida

Mirabror Usmonov 2006 yildan buyon Oʻzbekiston Futbol Federatsiyasiga rahbarlik qilib keladi.

69 yoshli Mirabror Usmonov 1990 yilda Oʻzbekiston Savdo vaziri boʻlgan, mamlakat mustaqilligidan soʻng Oʻzbeksavdo kompaniyasini boshqargan.

U 1994 yildan 2005 yilgacha Oʻzbekiston Bosh vaziri oʻrinbosari lavozimini egallagan, Oʻzbekiston hukumatida savdo masalalarini boshqargan.

2005 yilda Oʻzbekistonda ikki palatali parlament joriy etilganidan buyon Oʻzbekiston Prezidenti tavsiyasi boʻyicha tayinlanadigan senatorlardan biri ekani aytiladi.

Mirabror Usmonov 2015 yilda yangi asos solingan Markaziy Osiyo Futbol federatsiyasining prezidenti etib ham saylangan.

BBC Oʻzbek Xizmati Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasidan olishga muvaffaq boʻlgan ayrim maʼlumotlarga koʻra, Mirabror Usmonov mazkur tashkilotning "faxriy prezidenti" boʻlib qolgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring